Keng ilmiy jamoatchilikni ilmiy-amaliy konferensiyaga taklif etamiz
2023-yil 28-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida “Iqtisodiyotning raqamlashuvi sharoitida bank-moliya tizimini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtadi.
Anjumanda oliy ta’lim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, mustaqil izlanuvchilari, doktorant va tayanch doktorantlari, magistrantlari, bank-moliya va iqtisodiyot sohasi mutaxassislari ishtirok etishlari mumkin.
Konferensiyada quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha seksiyalar ish olib borishi koʻzda tutilgan:
1-seksiya. Bank sektorini raqamli transformatsiya qilish va xususiylashtirish masalalari.
2-seksiya. Moliya tizimini raqamlashtirishning asosiy tendensiyalari va ustuvor yoʻnalishlari.
3-seksiya. Raqamli iqtisodiyot sharoitida sugʻurta va pensiyaning dolzarb masalalari va ularni hal qilish yoʻnalishlari.
4-seksiya. Korporativ boshqaruv va moliya bozorini raqamlashtirish asosida investitsion jozibadorlikni taʼminlash masalalari.
5-seksiya. Raqamlashtirish sharoitida buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish masalalari.
6-seksiya. Oʼzbekistonda islom moliyasi va islom bankchiligini rivojlantirish masalalari.
Konferensiyada ishtirok etish uchun maʼruza tezislari seksiya yoʻnalishlarida koʻrsatilgan muammolar doirasida oʻzbek, rus va ingliz tillarida qabul qilinadi, tezislar toʻplam shaklida nashr ettiriladi, mualliflarga elektron PDF shaklda beriladi.
Ilmiy tezislar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
Tezis matni 1000-1200 ta soʻzdan iborat boʻlishi, 1,0 intervalda (chapdan 3 sm, yuqoridan 2,0 sm, quyidan 2,0 sm, oʻngdan 1,5 sm), kompyuterning Microsoft Word muharririning Times New Roman shriftda 14 kegelda yozilishi lozim. Tezisning sarlavhasi bosh harflarda, undan 2 intervaldan soʻng muallifning ismi va familiyasi toʻliq, ilmiy unvoni va ilmiy darajasi, ish joyi (korxona, boʻlim, kafedra nomi, telefon raqamlari) va egallagan lavozimi keltiriladi. Tezislarda manbalarga havola (snoska)lar koʻrsatilishi shart.
Tezislar fayli ular mos bo‘lgan seksiya raqami va muallif familyasi ko‘rsatilgan holda nomlanishi shart (Masalan: 2.Tezisov T.T.).
Ilmiy tezislar joriy yilning 23-mart kuniga qadar https://t.me/B_F_A_bot telegram boti orqali qabul qilinadi. Tahrirchilar tomonidan nashrga tavsiya etilgan ilmiy-tezislar PDF shakldagi toʻplam tarkibiga kiritiladi.
Yuqoridagi talablarga javob bermagan ilmiy-tezislar toʻplamga kiritilmaydi va mualliflarga qaytarilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Movarounnahr koʻchasi, 16-uy, Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi, 1-qavat, 119-xona. “Ilmiy tadqiqot va kadrlar tayyorlash” boʻlimi.