Magistrlik dissertasiyasi

Magistrlik dissertasiyasi

Magistrlik dissertatsiyasi

 Magistrlik dissertatsiyasi magistratura tinglovchisi tomonidan shaxsan olib borilgan, tadqiqot mohiyati tegishli talablarga javob bergan, tugallangan va mazmunan yaxlit ilmiy ish sifatida ilmiy yangiligi va amaliy natijalari tizimli ravishda asoslab berilgan qo‘lyozma huquqiga ega bo‘lgan ilmiy asardir.

Dissertatsiyaning kirish qismi dissertatsiyaning birinchi bobi hisoblanadi va dissertatsiya umumiy hajmining 10% gacha miqdorini tashkil etadi.

2-bob adabiyotlar sharhiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda tadqiqot mavzusi bo‘yicha boshqa manbalarda keltirilgan nazariy, amaliy va empirik tadqiqotlar natijalarining tanqidiy tahlili yoritiladi, tadqiqotda gipotezalar keltirish nazarda tutilgan bo‘lsa ular asoslanadi, dissertatsiya umumiy hajmining 30% gacha miqdorini tashkil etadi;

3-bob tadqiqot metodologiyasiga bag‘ishlanib, to‘plangan ma’lumotlar manbalari, tadqiqot dizayni, tadqiqotda qo‘llanilgan uslublar, tadqiqot paradigmasi, tadqiqot dizaynining cheklovlari hamda foydalanilgan vositalar bayoni keltiriladi, dissertatsiya umumiy hajmining 20% gacha miqdorini tashkil etadi;

4-bobda tadqiqot tahlili va natijalari keltiriladi hamda ular muhokama qilinadi, ulardan kelib chiqqan holda tavsiya va takliflar keltiriladi, tavsiyalarga ta’rif va asoslar bayon qilinadi. Ushbu bobni kengaytirish yoki tadqiqot dizayni taqozo etsa qo‘shimcha boblar qo‘shish mumkin. Ushbu bob dissertatsiya umumiy hajmining 30% gacha miqdorini tashkil etadi.

Dissertatsiyaning xulosa qismi dissertatsiyaning oxirgi bobi hisoblanadi va dissertatsiya umumiy hajmining 10% gacha miqdorini tashkil etadi.

Foydalangan adabiyotlar ro‘yxatiga faqatgina matnda iqtibos yoki havola qilingan adabiyotlar manbalari va boshqa manbalar detallashtirilgan, alfavitli (raqamlashgan) ro‘yxat ko‘rinishida keltiriladi va APA (American Psychological Association, Amerika Psixologlar Assotsiatsiyasi) tizimi yoki Garvard tizimidan foydalangan holda rasmiylashtiriladi.
Dissertatsiyaning ilova qismiga matnda aks etmagan, dissertatsiya mazmun mohiyatini yanada chuqur tushunishga qaratilgan, qo‘shimcha sifatida qaraluvchi ma’lumotlar kiritiladi. Bunda ilovaning hajmi dissertatsiya umumiy hajmining 1/3 qismidan oshmasligi lozim.
Dissertatsiya boblari nomlarini tinglovchi ilmiy rahbar bilan kelishgan holda erkin shakllantirish huquqiga ega.
Dissertatsiyaning hajmi titul varaq, mundarija, adabiyotlar ro‘yxati va ilovalardan tashqari 80 betdan oshmasligi lozim.
Dissertatsiyalarning namunaviy mavzulari kafedralar tomonidan (tarmoq, muassasa va tashkilotlarning o‘z yechimini kutayotgan va istiqbolli masalalarini hisobga olgan holda) o‘quv yili boshlanishigacha shakllantiriladi va zaruriyat bo‘lganda buyurtmachilar bilan kelishilgan holda, Akademiya Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Magistrlik dissertatsiyalari “Yashirin ekspert taqrizi” (Double blind-review) tizimiga topshirilishi hamda dastlabki himoya o‘tkazilishidan avval Akademiyaning ARMda yaratilgan magistrlik dissertatsiyalarining elektron bazasi asosida ishlovchi Antiplagiat dasturi tekshiruvidan belgilangan tartibda o‘tkaziladi va xulosa olinadi.

Antiplagiat dasturida plagiatga yo‘l qo‘yilganligi aniqlansa, takroran 3 marotabagacha Antiplagiat tizimidan o‘tishga ruxsat beriladi. Plagiat holatlari bartaraf etilmagan holda dissertatsiyani dastlabki himoya etishga ruxsat berilmaydi.

Dissertatsiya rasmiy himoya sanasidan kamida 1 oy oldin dastlabki himoyadan o‘tkazilishi lozim.

Dastlabki himoyaga kirgunga qadar tinglovchi dissertatsiya mavzusiga doir kamida 2 ta tezis va 1 ta ilmiy maqola, tashqi taqriz hamda ilmiy rahbar xulosasiga ega bo‘lishi talab etiladi.     Annotatsiya hajmi 300 so‘zdan oshmasligi lozim.

Rasmiy himoyadan o‘tmagan dissertatsiya masalasi ilmiy rahbar (ilmiy maslahatchi) ishtirokida Akademiyaning Ilmiy kengashi yig‘ilishida muhokama etiladi. Bunda Akademiya Ilmiy kengashi dissertatsiyani himoyadan o‘tmaganligiga ilmiy rahbarning uzrsiz sabablarga ko‘ra qilgan kamchiligi yoki mas’uliyatsizligi oqibatida yo‘l qo‘yilgan deb qaror qilgan taqdirda, ushbu ilmiy rahbar dissertatsiyalarga ilmiy rahbarlik qilish huquqidan keyingi 3 yilgacha bo‘lgan muddatga mahrum etilishi mumkin.