Raqamli iqtisodiyot: maqsad aniq, kutilayotgan samara esa zalvorli
2017-yildan boshlab mamlakatimizda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, sud-huquq, ijtimoiy soha va tashqi siyosatda keng ko‘lamli islohotlar yo‘liga o‘tildi. Bu siyosiy, institutsional va iqtisodiy yangilanishlar 2021-yildan yangi bosqichga ko‘tarildi. 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi yurt kelajagini belgilovchi asosiy hujjat bo‘lib, uning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida raqamli transformatsiya alohida qayd etilgan.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Raqamli texnologiya”lar — bu bugun yoki ertaga emas, balki kecha boshlanishi kerak bo‘lgan islohotlar yo‘li”. Ushbu fikr yangi O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyot modelida raqamli iqtisodiyotning naqadar muhim ekani, u ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishning bosh drayveriga aylanayotganini anglatadi.
2020-yildan boshlab qabul qilingan huquqiy-me’yoriy hujjatlar ushbu yo‘nalishdagi muhim qadamlar bo‘lib xizmat qildi. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2018-yil 14-maydagi “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan elektron to‘lov infratuzilmasi, onlayn savdo maydonchalari va logistika tizimlarini modernizatsiya qilish boshlandi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2020-yil 5-oktyabrdagi farmoni bilan “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi tasdiqlandi. Unda raqamli infratuzilmani rivojlantirish, davlat xizmatlarini elektronlashtirish va aholi hamda biznes uchun qulay raqamli muhit yaratish belgilab berilgan.
Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar asosida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida keng qamrovli raqamli transformatsiya jarayoni boshlandi. Xususan, davlat boshqaruvida “Elektron hukumat” tizimi orqali 300 dan ortiq davlat xizmati raqamlashtirildi, moliya sohasida budjet xarajatlari, tender va xaridlar onlayn platformaga o‘tkazildi, sog‘liqni saqlash tizimida “ye-poliklinika” tizimi ishga tushirildi. Ta’lim tizimida “my.edu.uz”, “kundalik.uz” va “eduportal.uz” platformalari orqali elektron darsliklar, rejalashtirish va monitoring amalga oshirilayotir. Sanoat va ishlab chiqarishda raqamli texnologiyalar asosida “aqlli sanoat” tamoyillari joriy etildi va qishloq xo‘jaligida “Agroplatforma” orqali yer, suv, texnika va hosil monitoringi avtomatlashtirildi.
Raqamli iqtisodiyot, shuningdek, eksport salohiyatini kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlari samaradorligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. 2023-yil yakuniga ko‘ra, axborot texnologiyalari xizmatlar eksporti hajmi 140 million AQSH dollariga yetdi va bu ko‘rsatkich 2020-yildagidan 2,4 barobar oshdi. Raqamli to‘lovlar hajmi esa 2020-yildagi 15,3 trillion so‘mdan 2024-yilda 43,8 trillion so‘mga yetdi.
Raqamli infratuzilmani kuchaytirish maqsadida 2023-2025-yillarda 4 mingdan ortiq maktab yuqori tezlikdagi internetga ulandi, 5G texnologiyasini joriy etish bo‘yicha sinovlar boshlab yuborildi. Bularning barchasi mamlakat iqtisodiyotini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun raqamli infratuzilma yaratilishiga asos bo‘lmoqda.
O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha strategik maqsadlari xalqaro reytinglarda ham aks etmoqda. BMTning “Ye-Government Development Index — 2022” reytingida O‘zbekiston 193 davlat orasida 87-o‘rindan 69-o‘ringa ko‘tarildi. Bu davlat xizmatlari, fuqarolar bilan aloqa, texnologik tayyorgarlik va ochiqlik borasida muhim ijobiy o‘zgarishlar kechayotganini anglatadi.
Ammo bu yo‘nalishdagi islohotlar tizimli va barqaror rivojlanishni talab qiladi. Xususan, hududlar o‘rtasida raqamli infratuzilma bo‘yicha nomutanosibliklar mavjud, axborot xavfsizligi masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda, AKT sohasida malakali mutaxassislar yetishmaydi.
Shu sabab, raqamli iqtisodiyotni faqat texnologik yondashuv emas, balki strategik, ijtimoiy va huquqiy jihatdan muvofiqlashtirilgan siyosat sifatida rivojlantirish zarur. Bu esa O‘zbekistonning uzoq muddatli, barqaror va inklyuziv rivojlanish modelini ta’minlashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotning tutgan o‘rnini chuqur va kompleks tahlil qilish maqsadida bir necha ilmiy-uslubiy yondashuvdan foydalanildi.
Tadqiqot uchun asosiy ma’lumotlar 2020-2024-yillar davomida e’lon qilingan ochiq statistik hisobotlar asosida tahlil qilindi. Bunda raqamli xizmatlar eksporti, elektron to‘lovlar hajmi, internet foydalanuvchilari va axborot texnologiyalari startaplar soni, hududlar bo‘yicha raqamlashtirish darajasi kabi ko‘rsatkichlar o‘rganildi.
Ma’lumotlarning vaqt o‘tishi davomida qanday o‘zgarishini ko‘rsatish maqsadida statistik dinamik qatorlar shakllantirildi. Ushbu ko‘rsatkichlar asosida gistogrammalar, doiraviy diagrammalar, chiziqli grafiklar tuzildi va ular yordamida raqamli iqtisodiyotning asosiy parametrlaridagi o‘sish sur’atlari va o‘zgarishlar ko‘rsatildi. Ushbu vizual vositalar murakkab statistik ma’lumotlarni o‘quvchi uchun aniq va qulay ko‘rinishda tushuntirish imkonini berdi.
2020-2024-yillar oralig‘idagi asosiy ko‘rsatkichlar o‘zaro solishtirildi. Shuningdek, ayrim indikatorlar xalqaro tajriba, xususan, BMTning Elektron hukumat reytingi, Jahon bankining Raqamli tayyorgarlik indekslari bilan qiyoslab ko‘rib chiqildi. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi raqamli rivojlanish darajasini aniqlashga yordam berdi.
Olingan raqamlar asosida iqtisodiy, texnologik va ijtimoiy holatlar tahlil qilindi. Har bir indikator izchil sharhlab berildi, mavjud ijobiy tendensiyalar bilan birga tizimli kamchiliklar ham aniqlandi. Misol uchun, AT startaplar soni oshgan bo‘lsa-da, aksariyati faqat Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgani hududiy nomutanosiblik muammosini ochib berdi.
Tahlil natijalari asosida O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni izchil rivojlantirish, muammolarni bartaraf etish, strategik qarorlar qabul qilish uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Bunda xorijiy ilg‘or tajribalar, xususan, Estoniya, Janubiy Koreya, Hindiston kabi davlatlarning elektron boshqaruv va raqamli infratuzilma sohasidagi tajribalari inobatga olindi.
2024-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning hududlar kesimidagi raqamli iqtisodiyotga yo‘naltirilgan investitsiyalar tahlili raqamli transformatsiya jarayonida mintaqaviy nomutanosibliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Raqamli infratuzilma, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, texnopark va AT startaplarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlariga mablag‘lar turlicha hajmda ajratilgan. Raqamli texnologiyalarni joriy etishga ajratilgan investitsiyalar quyidagi hududlarda yetakchi o‘rinda bo‘ldi:
• Toshkent shahri — 150 milliard so‘m;
• Samarqand viloyati — 95 milliard so‘m;
• Farg‘ona viloyati — 70 milliard so‘m;
• Buxoro viloyati — 55 milliard so‘m;
• Xorazm viloyati — 40 milliard so‘m;
Ushbu grafikdan ko‘rinib turibdiki, eng katta investitsion faollik Toshkent shahri va Samarqand viloyatida qayd etilgan. Bu ushbu hududlarda axborot texnologiyalari parklari, texnoparklar, raqamli markazlar va xalqaro texnologik investorlar bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, shuningdek, kadrlar salohiyati va infratuzilma tayyorgarligi yuqori ekani bilan bog‘liq.
Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida raqamli iqtisodiyotga investitsiya o‘rtacha darajada bo‘lib, bu hududlarda iqtisodiyotning real sektori (qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat) ustuvorligi saqlanib qolganini ko‘rsatadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida esa raqamli iqtisodiyotga yo‘naltirilgan sarmoya miqdori nisbatan past.
Shuningdek, hududiy raqamlashtirish ko‘rsatkichlari va investitsiya hajmi o‘rtasida bevosita bog‘liqlik mavjudligi aniqlangan. Investitsiya qancha yuqori bo‘lsa, axborot texnologiyalari xizmatlari, elektron to‘lovlar va elektron tijorat ulushi shuncha katta bo‘lmoqda. Bu holat mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda mintaqaviy yondashuvni kuchaytirish zarurligidan dalolat beradi.
2024-yil davomida “Raqamli hudud” loyihasi doirasida hududiy hokimliklar tomonidan 50 dan ortiq loyiha moliyalashtirildi. Ular raqamli xizmatlar ko‘rsatish, kadastr, ta’lim, tibbiyot va moliyaviy xizmatlar yo‘nalishlarini qamrab oldi.
Shunday qilib, raqamli iqtisodiyotga yo‘naltirilgan investitsiyalar tahlili ko‘rsatadiki, Toshkent va yirik shaharlarda raqamli transformatsiya tezroq kechayotgan bo‘lsa-da, respublika miqyosida bu jarayonni muvozanatlashtirish uchun hududiy investitsion siyosatni differensiallashtirish, infratuzilma va kadrlar salohiyatini kuchaytirish zarur bo‘lmoqda.
Sohaga eng ko‘p investitsiya yo‘naltirilgan Toshkent va Samarqand viloyatlarida axborot texnologiyalari parklari va texnoparklar faol rivojlanmoqda.
2024-yilda elektron tijorat bozorining asosiy ulushi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda (35 foiz). Xorazm va Buxoroda hali bu ko‘rsatkich past darajada (10-20 foiz).
O‘zbekistonda so‘nggi to‘rt yil davomida raqamli sohalarning deyarli barcha tarkibiy qismlarida sezilarli ijobiy o‘sish qayd etilgan. Ayniqsa, internet foydalanuvchilari sonining 22,5 milliondan 31,7 millionga yetgani raqamli infratuzilma kengayganidan dalolat beradi. Bu esa raqamli xizmatlardan foydalanuvchilar bazasi kengayishiga, shuningdek, raqamli savodxonlik darajasi oshishiga turtki bo‘lmoqda.
Raqamli xizmatlar eksporti hajmi 2020-yildagi 58,2 million dollardan 2024-yilda 139,6 million dollargacha oshgan. Bu O‘zbekistonning xalqaro axborot texnologiyalari xizmatlar bozoridagi ishtiroki tobora kuchayayotganidan dalolat beradi. Axborot texnologiyalari va texnoparklarni qo‘llab-quvvatlash choralari shu natijaga olib keldi.
Sirasini aytganda, raqamli iqtisodiyot mamlakatning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini yuksaltiribgina qolmay, odamlar hayotini qulaylashtirishga, farovon yashashiga xizmat qiladi.
Aminjon MARDONOV, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi, № 160 (1486), 2025-йил 7-avgust, payshanba