Yangi tashabbuslar va qo‘shma loyihalar muhokama qilindi
Bugun, 24-iyun kuni Bank-moliya akademiyasida Koreya Respublikasining Handong Global Universiteti delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli akademik hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, 2025-yilda amalga oshirilayotgan xalqaro stajirovka dasturlari, xususan “2025 BFA G-BEX Korea Orientation” loyihasi doirasidagi ishlar ko‘rib chiqildi. Xorijiy professorlar ishtirokida tashkil etiladigan mahorat darslari, xalqaro sertifikatlashuv, birgalikda ilmiy-tadqiqot faoliyati va talabalarni Koreya Respublikasida malaka oshirish imkoniyatlari muhokama markazida bo‘ldi.
Bundan tashqari Bank-moliya akademiyasi va Handong Global Universiteti o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvlarning ijrosi yuzasidan amaliy qadamlar kelishib olindi. Ayniqsa, ta’limda raqamli transformatsiya, innovatsion moliya, barqaror rivojlanish va boshqa dolzarb yo‘nalishlarda o‘quv kurslari va seminarlar tashkil etish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.
Tomonlar mavjud hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ta’lim oluvchilar va professor-o‘qituvchilar uchun akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish, shuningdek, yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish borasida o‘zaro kelishib oldilar.