Yaponiya granti asosidagi yozgi stajirovka uchun saralash bosqichi boshlandi
Bank-moliya akademiyasida Yaponiya hukumatining to‘liq granti asosida Tokio shahrida tashkil etiladigan uch haftalik yozgi xorijiy stajirovka dasturida ishtirok etish uchun nomzodlarni saralash jarayonlarining birinchi bosqichi boshlandi.
Mazkur dastur Bank-moliya akademiyasi va Yaponiya Moliya vazirligi huzuridagi Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida tashkil etilib, iqtidorli va tashabbuskor tinglovchilarga xalqaro tajriba orttirish, ilg‘or bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkonini yaratadi.
Saralash jarayonining birinchi bosqichida nomzodlarning ingliz tilini bilish darajasi, iqtisodiy-moliyaviy tahlil ko‘nikmalari, shuningdek, xalqaro hamkorlik loyihalarida faol ishtirok etish salohiyati baholanmoqda. Tanlov bir nechta bosqichda o‘tkazilib, yakunda eng munosib nomzodlar Yaponiyada o‘tkaziladigan stajirovka dasturida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ushbu tashabbus Akademiyaning xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, kadrlar salohiyatini oshirish va tinglovchilarni global moliya muhitiga integratsiyalashuviga ko‘maklashish yo‘lidagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi.