Bank-moliya akademiyasi tinglovchilari “Banks&Business Expo/Forum 2025”da ishtirok etdilar
Toshkent shahridagi “UzExpomarkaz” koʼrgazmalar majmuasida Markaziy Osiyodagi bank va moliya sohasiga bagʼishlangan eng yirik tadbirlardan biri — “Banks&Business Expo/Forum 2025” boʼlib oʼtdi.
Ushbu nufuzli xalqaro tadbir zamonaviy bank tizimi, fin-tex yechimlari, raqamli toʼlov platformalari, moliyaviy xavfsizlik va sunʼiy intellekt texnologiyalari asosidagi bank xizmatlarini namoyish etishga bagʼishlangan boʼlib, unda Oʼzbekiston hamda 30 dan ortiq davlatlarning tijorat banklari, moliya institutlari, texnologik kompaniyalar va soha ekspertlari ishtirok etdi.
Oʼzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining magistratura dasturi tinglovchilari mazkur forumda faol ishtirok etib, bank-moliya sohasidagi soʼnggi texnologik yangiliklar, raqamli transformatsiya jarayonlari va zamonaviy moliyaviy yechimlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʼldilar. Ular xalqaro kompaniyalar stendlari, innovatsion loyihalar va taqdimotlarda ishtirok etishdi. Banklar oʼrtasidagi raqobatbardoshlikni oshirishda fintexning ahamiyati, “yashil moliya” haqida amaliy maʼlumotlarga ega boʼldilar.
Аkademiya tinglovchilari uchun mazkur tadbir nafaqat nazariy bilimlarni mustahkamlash, balki sohaning rivojlanish tendentsiyalari va kelajakdagi professional faoliyat yoʼnalishlarini belgilashda muhim tajriba maktabi boʼldi.