Oʻzbekiston va Malayziya: ta’lim sohasidagi hamkorlikning yangi ufqlari
Munosabat
Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar barcha sohalarda, jumladan, siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va innovasion yoʻnalishlarda izchil rivojlanmoqda.
Kuni kecha “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda oliy ta'lim sohasidagi imkoniyatlar va tashabbuslar” mavzusida birinchi Oʻzbekiston – Malayziya ta'lim forumi boʻlib oʻtdi. Forumda ikki davlatning oliy ta'lim vazirlari ishtirok etib, oliy ta'lim muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish, akademik mobil dasturlarini rivojlantirish va qoʻshma ta'lim dasturlarini joriy etish masalalarini muhokama qildilar.
Oʻzbekiston Respublikasi oliy ta'lim, fan va innovasiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Malayziya oliy ta'lim vaziri Zambri Abdul Kadirning nutqlarini tinglar ekanman, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning naqadar chuqur ildizga ega ekanligiga yana bir bor amin boʻldim.
Alohida qayd etish kerakki, xalqaro munosabatlar tizimida rasmiy tashriflar faqat davlat rahbarlarining uchrashuvi bilan chegaralanmaydi. Ilm-fan va ta'lim vakillarining hamrohligi diplomatiyaning yangi, chuqurroq va samarali formatini yaratadi. Bu intellektual diplomatiyani rivojlantirish, xalqaro hamkorlikning ilmiy negizini mustahkamlash va uzoq muddatli strategik loyihalarni shakllantirishda katta ahamiyat kasb etadi. Natijada xalqaro ilmiy loyihalarni birga amalga oshirish, yangi texnologiyalar va innovasiyalarni oʻrganish, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish imkoniyati vujudga kelib, davlatlarning umumiy rivojlanishiga ijobiy ta'sir qiladi.
Ta'bir joiz boʻlsa, bu tarixiy voqea nafaqat ikki davlat oʻrtasidagi ta'lim sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi, balki koʻp qirrali munosabatlarning yangi ufqlarini ochdi.
Rasmiy tashriflar doirasida ilm-fan va ta'lim vakillarining ishtiroki faqat akademik almashinuv boʻlib qolmasdan, balki mamlakatlar oʻrtasidagi strategik hamkorlikning muhim mexanizmiga aylanmoqda. Chunki, innovasiyalar, zamonaviy texnologiyalar xalqaro standartlarga javob beradigan mutaxassislarga ehtiyojni kuchaytiradi.
Shu nuqtai nazardan forum doirasida 50 dan ortiq shartnoma va memorandum imzolanib, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Bu hujjatlar quruq qogʻoz boʻlib qolmasligiga ishonchim komil, chunki ularning har biri aniq loyihalar va dasturlarni oʻz ichiga olgan.
Forum davomida muhokama qilingan eng muhim masalalardan biri – qoʻshma ta'lim dasturlarini yoʻlga qoʻyish boʻldi. Shuningdek, Malayziyaning etakchi universitetlari bilan hamkorlikda talabalar almashinuvi va professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish dasturlari, qoʻshma ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, masofaviy ta'lim loyihalari kabi yoʻnalishlarda hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.
Tadbir davomida malayziyalik hamkasblarimiz bilan suhbatlashar ekanman, ularning Oʻzbekiston bilan hamkorlikka boʻlgan qiziqishi juda yuqori ekanligini his qildim. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar, sun'iy intellekt va “yashil” texnologiyalar sohasidagi hamkorlik masalalari koʻp muhokama qilindi.
Kelajakda bu kabi forumlarni muntazam oʻtkazib turish, talabalar almashinuvi dasturlarini kengaytirish va qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalarini koʻpaytirish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.
Ishonch bilan ayta olamanki, Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi ta'lim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi va bu har ikki mamlakat uchun foydali natijalar beradi. Ta'lim va ilmiy almashinuvlar ikki davlatning intellektual salohiyatini oshirish, innovasion rivojlanish va xalqaro hamkorlikning mustahkamlanishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Elmurod HOSHIMOV,
Bank-moliya akademiyasi rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori.
Kuala-Lumpur, Malayziya