Bank-moliya akademiyasida likvidlik xavflari bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi
2025-yil 28-yanvar kuni Bank-moliya akademiyasida “Likvidlik risklari: muvaffaqiyatsizliklar tarixi va boshqaruvning zamonaviy yondashuvlari” mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir bank-moliya sohasida dolzarb bo‘lgan likvidlik xavflari va ularni boshqarishning zamonaviy yondashuvlariga bag‘ishlandi.
Mahorat darsi doirasida likvidlik xavflarini baholash, inqiroz holatlarida yuzaga keladigan muammolar va ularni oldini olish bo‘yicha ilg‘or tajribalar muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar turli bank tizimlarida yuz bergan muvaffaqiyatsizlik holatlari va ularning sabablari bilan tanishib, zamonaviy xavf menejmenti yondashuvlari bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar.
Ma’ruzachi – likvidlik xavflari va bozor xavflarini boshqarish bo‘yicha ekspert Juldizbek Galiyev o‘z chiqishida xalqaro tajribalar asosida risklarni minimallashtirish usullari, shuningdek, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha eng samarali strategiyalar haqida so‘z yuritdi.
Qiziqarli o‘tgan tadbirda ishtirokchilar likvidlik risklarini minimallashtirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy masalalar hamda yechimlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ma’ruzachining tajribali yondashuvi va amaliy misollar bilan boyitilgan taqdimoti ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.
Tadbir davomida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘lib, amaliy muhokamalarda ishtirok etdilar.