Bank-moliya akademiyasi Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Kun tartibida 2024-yil davomida amalga oshirilgan ishlar, ta’lim sifati nazorati bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar hamda 2025-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Jumladan, Akademiyada ta’lim sifatini oshirish maqsadida joriy etilgan yangi nazorat tizimlarining samaradorligi tahlil qilindi. Tinglovchilarning bilim darajasi va o‘quv dasturlarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga oid ma’lumotlar ko‘rib chiqildi.
O‘quv jarayonida zamonaviy raqamli vositalardan foydalanish natijalari tahlil qilinib, masofaviy va gibrid ta’lim shakllarini rivojlantirishga qaratilgan vazifalarni kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Ta’lim sifatini oshirish, o‘quv dasturlarini yangilash va xalqaro standartlarga moslashtirish, tinglovchilar bilimini baholashda zamonaviy mezonlarni joriy etish, ta’lim jarayoniga yangi texnologiyalarni kiritish va innovatsiyalarni keng tatbiq etish, elektron kutubxona va ma’lumot bazalarini kengaytirish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilish so‘ngida akademiya rektori Elmurod Hoshimov yig‘ilganlarni 2024-yilda erishilgan yutuqlar bilan tabriklab, kelgusi yil uchun belgilangan rejalarni amalga oshirishda barcha xodimlarni faol ishtirok etishga chaqirdi. Shuningdek, yuqori sifatli ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish orqali mamlakatning moliya va bank sohasida yetuk mutaxassislar tayyorlashda akademiyaning o‘rni muhim ekanini ta’kidladi.