• LMS
  • E-library
  • O‘qishga qabul
  • FAQ

Yangiliklar

image

Koreyalik olimlar ishtirokida ilmiy izlanishlarning turli metodlari, ularning afzalliklari va muammolarini muhokama qilindi

2024-yil 19-dekabr kuni Bank-moliya akademiyasi va Koreya Respublikasining yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamkorligida “UNESCO UNITWIN WINTER PROGRAM” doirasida tashkil etilgan qo‘shma seminar o‘z ishini yakunladi. 

Tadbirda xalqaro miqyosdagi ilmiy izlanish metodologiyalari va ularni amaliyotga tatbiq etishga bag‘ishlangan mavzular muhokama qilindi. Xususan, “Research Methodology: Quantitative Research” mavzusidagi ma’ruzada tadqiqotning kvantitativ usullari, statistik ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish orqali xulosalar chiqarish metodologiyalari ko‘rib chiqildi. Tadqiqot jarayonining bosqichlari, jumladan, savollar ishlab chiqish, namunalar tanlash va statistik tahlil metodlari muhokama qilindi. Anova va regression tahlil kabi ilg‘or statistik uslublar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, “Decomposition and Recomposition of the Research Process” nomli ma’ruza davomida ilmiy tadqiqot jarayonlarini aniq bosqichlarga bo‘lib o‘rganish va qayta tashkil etish metodlari muhokama qilindi. Real muammolarni tadqiqot obyekti sifatida belgilash, maqsadlarni aniq shakllantirish, ilmiy adabiyotlarni tahlil qilish va eksperimentlar o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Tadqiqotning samaradorligini oshirish uchun texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.

Seminar davomida sifatli tadqiqot usullari ham muhokama qilindi. Ushbu usul insoniy tajribalarni chuqur tushunish, mavzularni ko‘p qirrali yoritish va narrativ ma’lumotlarni tahlil qilish imkonini beradi. Tadbirda intervyu, kuzatuv va hujjatlar tahlili kabi ma’lumot yig‘ish usullari haqida ma’lumot berildi. Kodlash, mavzularni aniqlash va tanqidiy tahlil jarayonlari bo‘yicha tavsiyalar taqdim etildi.

Mazkur xalqaro qo‘shma seminar ilmiy-tadqiqot jarayonlarida yangi yondashuvlarni o‘rganish va amaliyotga tadbiq etish uchun noyob platforma bo‘lib xizmat qildi. Tadbir ishtirokchilari ilmiy izlanishlarning turli metodlari, ularning afzalliklari va muammolarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Yakunda ilmiy hamkorlikni davom ettirish va yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu seminar xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, unda olingan bilim va tajribalar kelajakdagi tadqiqotlarda katta ahamiyatga ega bo‘ladi.