Koreya universitetlari delegatsiyasi BMA bitiruvchilari va OFB vakillari bilan uchrashdi
2024-yil 20-dekabr kuni Koreya Respublikasining Handong Global universiteti, Sookmyung Women's universiteti va Sejong universiteti vakillaridan iborat delegatsiya «Orient Finans» banki vakillari va ushbu bankda mehnat faoliyatini olib borayotgan Bank-moliya akademiyasi bitiruvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Dastlab mehmonlarga Bank-moliya akademiyasi bitiruvchilarining «Orient Finans» bankida olib borayotgan faoliyati va ularning kasbiy o‘sish yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng, Koreya universitetlari, Bank-moliya akademiyasi va «Orient Finans» banki o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari, xususan, xalqaro treninglar, qo‘shma tadqiqotlar va boshqa ta’lim loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida tomonlar bank sohasida xalqaro tendensiyalar, raqamli texnologiyalarni joriy etish va moliya sektoridagi zamonaviy yondashuvlar bo‘yicha fikr almashdilar. Uchrashuv ta’lim va biznes o‘rtasidagi integratsiyaning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ushbu uchrashuv bank-moliya sohasidagi ta’lim va kasbiy rivojlanishni rag‘batlantirishga qaratilgan muhim qadam bo‘lib, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.