Seminar sun’iy intellekt va uning turli sohalardagi rolini o‘rganish uchun noyob platforma vazifasini o‘tadi
2024-yil 18-dekabr kuni Bank-moliya akademiyasi hamda Janubiy Koreyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamkorligida tashkil etilgan “AI and Economy” mavzusidagi qo‘shma seminar o‘z ishini davom ettirdi.
Seminarda sun’iy intellektning iqtisodiyotdagi ahamiyati hamda yangicha yondashuvlarni o‘rganishga bag‘ishlangan muhim mavzular muhokama qilindi. Jarayonda sun’iy intellektning asosiy tushunchalari, uning ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi tatbiq etilishi haqida ishtirokchilarga ma’lumot berildi. Ijodiy va innovativ kelajak sari yo‘naltiruvchi dizayn fikrlash jarayonlari va ularning zamonaviy muammolarni hal qilishdagi ahamiyati ko‘rib chiqildi. Shaharlarga madaniy inshootlarning qo‘shadigan qadriyati, estetikadan strategik foydalanish masalalari muhokama etildi. Karyera rivojlantirishda vijioner yondashuv va uning shaxsiy hamda professional o‘sishga ta’siri haqidagi mulohazalar taqdim etildi.
Seminar tadqiqotchilar va tinglovchilar uchun sun’iy intellekt va uning turli sohalardagi rolini o‘rganish uchun noyob platforma vazifasini o‘tadi. Tadbir ishtirokchilari yangi bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lib, innovatsiyalarga asoslangan kelajakka tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Tadbirning yakunida qatnashchilarga hamkorlikdagi loyihalar va ilmiy izlanishlarni davom ettirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar tavsiya etildi.