Iste’molchilar huquqlari va moliyaviy savodxonlik masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida “Iste’molchilar huquqi va moliyaviy savodxonligi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda German Sparkassenstifung tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminarning asosiy maqsadi moliyaviy bozor ishtirokchilari, iste’molchilar va moliyaviy institutlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, moliyaviy savodxonlikni oshirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Ma’ruzachilar tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida xalqaro tajriba, moliyaviy savodxonlikning ahamiyati va uni oshirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlar, O‘zbekistonda moliyaviy bozorni rivojlantirishda iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslari, Germaniya tajribasi asosida moliyaviy xizmatlarni foydalanuvchilarga yaqinlashtirish mexanizmlari kabi masalalar keng yoritib berildi.
Tadbirda ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, kelgusida moliyaviy savodxonlik va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlikni mustahkamlash borasida fikr bildirdilar. O‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan ko‘plab ma’lumotlar oldilar.