BMA va FMA hamkorligida xalqaro ilmiy seminar o‘tkazildi
Bank-moliya akademiyasi va Financial Management Association hamkorligida “Directors Discussing Diversity” mavzusida onlayn ilmiy seminar o‘tkazildi. Unda akademiya tinglovchilari va ilmiy tadqiqotchilari, FMA vakillari, xalqaro va mahalliy moliya institutlari mutaxassislari, shuningdek, iqtisod va bank sohasi vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda Oksford universiteti professori, taniqli tadqiqotchi Renée Adams ma’ruza qildi. Professor Renée Adams rahbarlar kengashidagi xilma-xillikning ahamiyati va uning korporativ samaradorlikka ta’siriga oid o‘zining ilg‘or tadqiqot natijalarini taqdim etdi. Jumladan, ma’ruzachi tomonidan rahbarlar kengashlarida xilma-xillikning global tendensiyalari, bank va moliya sektorida gender tenglikning iqtisodiy natijalarga ta’siri, xalqaro moliya institutlarida xilma-xillikni rivojlantirishning muvaffaqiyatli modellari kabi masalalar keng yoritib berildi. Shuningdek, O‘zbekistonda moliyaviy boshqaruvda xilma-xillikni kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishtirokchilar e’tiboriga havola qilindi.
Seminar ishtirokchilari korporativ boshqaruvda xilma-xillikni rivojlantirish bo‘yicha Oksford universiteti tajribasidan o‘rnak olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ushbu tadbir rahbarlikda xilma-xillik va inklyuzivlikni strategik ustuvorlik sifatida belgilashga qaratilgan yangi yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qildi.