BMA va IIUM o‘rtasidagi akademik va ilmiy aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
2024 yil 24-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi hamda Malaysia xalqaro Islom universiteti (International Islamic University Malaysia – IIUM) rasmiylari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama akademik va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, moliya va bank sohasida ilg‘or tajribalarni almashish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi vakillari o‘zaro hamkorlikning turli yo‘nalishlari, jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida mutaxassislar tayyorlash, birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirib o‘tdilar. Shuningdek, xalqaro moliyaviy menejment va islomiy bank xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Bank-moliya akademiyasi rektori Elmurod Hoshimov bu hamkorlik moliya sohasidagi xalqaro standartlar va zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirishda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi. Malaysia xalqaro Islom universiteti Boshqaruv Kengashi a’zosi Syed Hussien Al Habshee esa islomiy moliya va bank sohasidagi ilg‘or tajribalarni O‘zbekistonga olib kirish orqali mamlakatning moliyaviy bozorlarini diversifikatsiya qilish va barqarorlikka hissa qo‘shishga tayyor ekanligini bildirdi.
Qayd etilganidek, ushbu hamkorlik kelajakda ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy va moliyaviy sohadagi munosabatlarni mustahkamlashga, moliya sohasidagi yangi bilimlarni o‘zlashtirish va xalqaro loyihalarni amalga oshirishda muhim qadam bo‘ladi.