• LMS
  • E-library
  • O‘qishga qabul
  • FAQ

Yangiliklar

image

O‘zbekiston Jahon savdo tashkiloti sari qanday harakat qilmoqda?

BUGUNGI HARAKATLAR ERTANGI FAOLIYAT POYDЕVORI

O‘zbekiston Jahon savdo tashkiloti sari qanday harakat qilmoqda?

Xalqaro mehnat taqsimoti doirasida mamlakatlar milliy iqtisodiyoti rivojlanishi XXI asrga kelib o‘z ustuvorligini jiddiy pasaytirdi. Chunki yuqori darajadagi texnologik yuksalish, global raqobatga asoslangan jahon iqtisodiyoti, raqamlashuv asosidagi taraqqiyot tendensiyasi kabi omillar har bir milliy iqtisodiyot oldiga xalqaro savdo asosida rivojlanishni shart qilib qo‘ydi. Natijada hech bir mamlakat xalqaro savdo munosabatlariga kirishmasdan rivojlana olmasligi haqiqatga aylandi.

2023-yil 2-iyunda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishining boisi ham shunda. Unda O‘zbekistonning mazkur tashkilotga a’zo bo‘lishiga erishish yaqin istiqboldagi muhim vazifasi sifatida belgilab qo‘yildi.

Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlatlar o‘zaro teng shart-sharoitlar asosida xalqaro savdoni amalga oshiradi. Shu bois, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev raisligida idoralararo komissiya tuzilib, JSTga a’zo mamlakatlar bilan bozorga kirish bo‘yicha O‘zbekistonning pozitsiyasini aniq belgilab berish hamda ikki va ko‘p tomonlama muzokaralar jarayonida tashqi savdo rejimini tarif va notarif choralar orqali o‘zgartirish, Adliya vazirligi, tegishli vazirlik hamda idoralar tomonidan milliy qonunchilikni JST bitim, qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha tayyorlangan takliflarni ko‘rib chiqish, ularni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish yuzasidan qarorlar qabul qilish vazifalari yuklatildi.

Idoralararo komissiya o‘tgan vaqt mobaynida qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Jumladan, O‘zbekistonda ixtirolar, tovar belgilari, reklama, dori-darmon va davlat boji to‘g‘risidagi qonunlarni JST bitimlariga uyg‘unlashtirishni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Natijada “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Birgina “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirish natijasida JSTning Xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh bitimi talablariga muvofiq chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar va mahalliy korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat boji miqdori birxillashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida belgilandi. Umuman, Adliya vazirligiga ko‘ra, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni faol bosqichga o‘tgach, milliy qonunchilikni tashkilot bitimlariga, tartib-qoidalariga uyg‘unlashtirish maqsadida 2023-2024-yillar davomida jami 24 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani hamda 40 ga yaqin hujjat uyg‘unlashtirilgani diqqatga sazovor.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar guruhi JST vazirlarining joriy yil 26-29-fevralda Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan 13-konferensiyasi doirasida uch davlat — Yaponiya, Isroil va Dominikan bilan bozorga kirish protokollari imzolangani hamda Tailand bilan muzokaralar yakunlanganini e’lon qildi. Joriy yilning mart oyi holatiga O‘zbekiston hukumati unga a’zo bo‘lish doirasida 11 davlat bilan muzokaralarni yakunladi. Ulardan 9 tasi bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi protokoldir.

Maqola tayyorlanishi jarayonida mazkur yo‘nalishda yana dadil o‘ta muhim qadam qo‘yildi. 2024-yil 3-iyunda davlatimiz rahbarining “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi.

Farmon bilan 2025-yil 1-yanvardan boshlab:

— “O‘zmetkombinat” AJning respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) huquqi;

— “O‘zikkilamchiranglimetall” AJning respublika hududida rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash va eksport qilish huquqi;

— “O‘ztreyd” AJning konsignatsiya shartlarida oziq-ovqat uni va bug‘doyni, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, dehqon va fermer xo‘jaliklari mahsulotlarini bank kafolatlari yoki siyosiy va tijorat xavflaridan eksport shartnomalarini sug‘urtalash polislarini taqdim etmasdan eksport qilinadigan mahsulotlarni savdo uylari manzillariga tushirish huquqi;

— “O‘zkimyoimpeks” MCHJning “O‘zkimyosanoat” AJ tashkilotlari kimyoviy mahsulotlari eksporti hamda ularning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar importini amalga oshirishdagi yagona agent huquqi;

— 2026-yil 1-iyuldan boshlab esa “UzGasTrade” AJning tabiiy gazni yagona eksport qiluvchi va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish bo‘yicha yagona operator sifatidagi huquqi;

— “O‘zenergosotish” AJning elektr energiyasining eksporti va importini markazlashgan tartibda amalga oshirish huquqi bekor qilindi.

Shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan mobil va (yoki) simli telekommunikatsiya tarmoqlariga ega, O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritadigan telekommunikatsiya operatorlariga tezkor-qidiruv faoliyati, axborot va kiberxavfsizlik tizimlari talablariga to‘liq rioya qilgan holda sinov tariqasida xalqaro internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanish huquqi beriladi.

Mazkur chora-tadbirlar O‘zbekistonda qator sohalarda monopoliyaga barham berishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Birgina internet monopoliyasiga barham berilayotgani sog‘lom raqobatdan tashqari raqamli iqtisodiyot rivoji jadallashuviga ham ulkan hissa qo‘shadi, deb hisoblaymiz.

Bu borada navbatdagi qadam sifatida O‘zbekistondagi avtomobilsozlik monopoliyasi ham bekor qilinsa, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘lar edi. Amalda avtomobilsozlik sohasida garchi Andijon, Samarqand, Xorazm, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida zavodlar ishlayotgan bo‘lsa-da, ular “O‘zavtosanoat” AJning ma’lum darajadagi egaligi va nazorati ostida faoliyat yuritmoqda.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlatlar o‘zaro savdosi teng sharoitlarga asoslanadi. Bunda tashqi savdo rejimini tarif va notarif tenglik, milliy qonunchilikning JST bitim, qoida va me’yorlariga muvofiqligini hal qilish borasida oldinda yana qator masalalar mavjudligini ham qayd etib o‘tishimiz lozim.

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish tashqi savdo tartib-qoidalarning bir xilligiga asoslanishi bois, ishlab chiqaruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda imtiyozlardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik masalasi bunda birinchilardan bo‘lib yuzaga chiqadi. Chunki imtiyozlar har qanday sohada bo‘lgani kabi savdoda ham muayyan biznes toifaning raqobatda ustunligini ta’minlash orqali sog‘lom raqobatni buzadi. Bu esa Jahon savdo tashkiloti qoidalariga zid. Keyingi yillarda respublikamizda davlat budjetidan biznesga, korxonalarga subsidiya ajratish amaliyoti nihoyatda kengayib ketdi. Amalda foyda olish uchun moliyaviy resurslarni o‘zi izlab topishi lozim bo‘lgan korxonalarga ham subsidiya berilayotgani, ayrim aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitaliga ham yo‘naltirilayotgani boqimandalikni, haqiqatan, kuchaytirdi.

So‘nggi ikki yil ichida davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya miqdori 5,63 trillion so‘mdan 29,25 trillion so‘mga, ya’ni besh barobar oshgani buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Bu esa davlat budjeti defitsiti ortib ketishiga sabab bo‘layotgani, budjetdan ajratiladigan har qanday subsidiya o‘z-o‘zidan boshqa soliq to‘lovchilar zimmasiga tushayotgani sir emas. Umuman, subsidiya bozor iqtisodiyoti prinsiplariga zidligi bois o‘z-o‘zidan Jahon savdo tashkiloti qoidalariga ham mos kelmaydi.

Biznes va tadbirkorlik subyektlariga imtiyozlar Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lida keskin qisqartirilishi hamda qat’iy tartibga solinishi lozimligi asosida quyidagilarga ham e’tibor qaratilayotganini faqat ijobiy baholash mumkin:

— 2024-yil 1-oktabrdan bosqichma-bosqich 2025-yil 1-aprelgacha respublika hududida temir yo‘l transportida yuk tashishda chegir malar berish amaliyotini bekor qilish;

— 2026-yil 1-iyuldan amaldagi qonunchilik bilan tartibga solinadigan, korporativ buyurtmachilar tomonidan amalga oshiriladigan xaridlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar, jumladan, mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining DDP (O‘zbekiston) narxidan 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi preferensiyasi hamda mahalliy ishlab chiqarilgan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarga nisbatan 20 foizgacha narx preferensiyasi bekor qilinishi;

— eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadidagi subsidiya va preferensiyalarni, jumladan, tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid imtiyozlarni 2025-yil 1-yanvardan bekor qilish, shuningdek, JST qoidalari bilan taqiqlanmagan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishi;

— samarasi past bo‘lgan soliq va bojxona imtiyozlarining 2025-yil 1-yanvardan bekor qilinishi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-yanvargacha tamaki mahsulotlari, 2027-yil 1-yanvargacha alkogol mahsulotlari va shakar uchun aksiz solig‘i stavkalari, 2030-yilgacha esa temir yo‘l orqali yuklarni tashishda eksport va import tashish xizmatlari uchun tariflarni bosqichma-bosqich birxillashtirish masalasi qo‘yilgani ham Jahon savdo tashkiloti bitimlariga rioya qilishdagi muhim chora-tadbirlardan biridir.

O‘zbekistonda amalda bo‘lgan bojxona boji, yig‘imlari va qiymatini Jahon savdo tashkilotining Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitimi (GATT 1994) talablariga moslashtirish maqsadida 2025-yil 1-yanvardan boshlab joriy etiladigan bojxona yig‘imlarining fiskal maqsadlarda undirilmasligi belgilanayotgani iqtisodiyotni liberallashtirish asosiy yo‘nalishlardan biriga aylanishini anglatadi.

Umuman, yuqori bojxona to‘lovlari orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoyalash, ya’ni proteksionizm siyosatini ham yumshatib borish qo‘yilgan maqsadga erishishda muhim ahamiyatga ega. Bunda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lgunga qadar bojxona to‘lovlarini bosqichma-bosqich pasaytirib borish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarning global raqobatga moslashuvini ta’minlash lozim. Aks holda, JSTga a’zo bo‘lgach, bojxona to‘lovlarini a’zo davlatlar amaliyotiga birdaniga maqbullashtirish global raqobatga dosh bera olmaslikka sabab bo‘lib qoladi.

Jahon savdo tashkiloti faoliyati, unga a’zolik erkin savdoga, sog‘lom raqobatga asoslangani bois, O‘zbekistondagi biznes subyektlari bunday tartibga bugundanoq tayyorgarlikni boshlashi lozim. 2024-yilda yurtimizda avtomobillar, jumladan, elektromobillar importiga yangi cheklovlar joriy etilishi, lift importini cheklash, maishiy texnika importini murakkablashtirish, qator tovarlar uchun minimal eksport narxlari belgilanishi kabilar global bozor uchun hamon yopiqlikni namoyon qilayotgandek. Bunday tartiblar Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalariga zidligi bois, ularni bekor qilish lozim.

O‘zbekistonda keng ko‘lamli xususiylashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani oxir-oqibat xususiy sektorning faol rivojiga xizmat qiladi. Bu borada Prezidentimizning 2024-yil 19-apreldagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2024-yil 26-apreldagi “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi muhim.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi keng ko‘lamli sa’y-harakati biznes rivoji bilan birga milliy iqtisodiyot raqobatdoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng asosiysi, sifatli mahsulotlar iste’moli orqali aholi turmush farovonligi ortib boradi.

Samariddin ELMIRZAYEV,

Bank-moliya akademiyasi kafedra mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2024 yil 5 iyun, 110-son