• LMS
  • E-library
  • O‘qishga qabul
  • FAQ

Yangiliklar

image

Bank-moliya akademiyasi hamda Malayziyaning Utara universiteti qo‘shma ta’lim dasturi asosida mutaxassislar tayyorlaydi

Bugun, 20-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi hamda Malayziyaning Utara universiteti o‘rtasida xalqaro qo‘shma ta’lim dasturning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Bank-moliya akademiyasi rektori Elmurod Hoshimov, Malayziyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ilxam Tua bin Illias, Malayziyaning Utara universiteti vitse-prezidenti Mohd Foad Sakdan va boshqalar so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etib o‘tdilar. Shuningdek, mazkur amaliy hamkorlik natijasida Bank-moliya akademiyasi hamda Malayziyaning Utara universiteti hamkorligida tashkil etilayotgan qo‘shma ta’lim dasturi asosida mutaxassislar tayyorlashning yo‘lga qo‘yilishi o‘zaro munosabatlarda yangi imkoniyatlar paydo qilishini ta’kidladilar.

Erishilgan kelishuvga ko‘ra, tomonlar hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturi asosida mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yadilar. Ushbu qo‘shma ta’lim dasturi bitiruvchilariga Bank-moliya akademiyasi tomonidan (MBA – Master of Business Administration) hamda Malayziyaning Utara universiteti tomonidan (MBM — Master in Business Management) magistr darajasini tasdiqlovchi diplomlar taqdim etiladi.

Taklif etilayotgan magistratura mutaxassisliklari ilg‘or yetakchilik, strategik fikrlash va operatsion samaradorlikni o‘z ish faoliyatiga integratsiyalashtiruvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ikki yillik kunduzgi ta’lim shaklida o‘quv jarayonlari tashkil etiladi. Unga ko‘ra tinglovchilar 3 semestr davomida Bank-moliya akademiyasida va 1 semestr davomida Malayziyaning Utara universitetida tahsil oladilar.

Ma’ulumot uchun keltirib o‘tamiz, Malayziyaning Utara universiteti (UUM) 1984 yil tashkil topgan bo‘lib, 2023 yil QS Jahon reytingida 481-o‘rinni, Malayziya universitetlari o‘rtasida esa 1-o‘rinni egallagan.

Utara universiteti tomonidan taklif etilayotgan MBM dasturi Malaziya oliy ta’lim muassasalari orasida tadbirkorlik va bitiruvchilarning yutuqlari kabi ko‘rsatkichlari bo‘yicha birinchi o‘rinni, Osiyo mamlakatlari o‘rtasida esa 28-o‘rinni egallab kelmoqda.

Biznes boshqaruvi dasturi sohaga tegishli nazariy va amaliy bilimlarni taqdim etishga hamda ushbu ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan quyidagi kurslarni taklif qiladi:

- biznesni boshqarish va barqaror rivojlanish asoslari;

- boshqaruv sohasiga doir amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish;

- raqamli marketing;

- tadbirkorlik, venchur yaratish va innovatsion rivojlanish;

- zamonaviy strategik tahlil;

- zamonaviy buxgalteriya va moliya;

- amaliyotchilar uchun tadqiqot usullari;

- raqamli iqtisodiyotda operatsiyalar va ta’minot zanjirini boshqarish;

- ma’lumotlar tahlili;

- amaliy korporativ moliya.

Ushbu hamkorlik qo‘shma dasturi turli mamlakatlar talabalari o‘rtasida ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish borasida yangi tajribaga ega bo‘lish hamda o‘zaro xilma-xil ma’daniy muhit to‘g‘risida tasavvurni kengaytirishga imkoniyat yaratadi.