Yangiliklar

image

Malayziyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik rivojlanmoqda

Bugun, 23-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida Malayziyaning dunyo va Osiyo oliy ta’lim muassasalari reytingida yetakchi o‘rinlarga ega INCEIF, Kebangsaan universiteti (UKM), Teknologi MARA universiteti (UiTM) vakillaridan iborat delegatsiya bilan amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, Akademiyada tashkil etiladigan o‘quv jarayonlariga malayziyalik olimlar va ekspertlarni jalb qilish, birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, maxsus qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish va malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish kabi faoliyatga doir muhim masalalar muhokama qilindi.

Tomonlar ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli takliflarni ilgari surib, hamkorlikni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy jihatlarini hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Shundan so‘ng, INCEIF universitetining Islom moliyasi bo‘yicha xalqaro ta’lim markazi professori Syed Abdul Hamid Aljunid “Islom moliyasining rivojlanishi” mavzusida Akademiya professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari uchun amaliy dars mashg‘uloti o‘tkazdi. Ishtirokchilar ochiq ma’ruza davomida Islom moliyasini rivojlantirish bo‘yicha Malayziya tajribasi va islomiy moliyaning ilg‘or tajribalari haqida yangi bilimlarga ega bo‘ldilar hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan batafsil ma’lumot oldilar.