YANGI DAVRNING YUKSALISH TENDENSIYASI
Yurtimizdagi qulay ishbilarmonlik muhiti biznesga katta ishonch, imkoniyatlar bermoqda. Hatto O‘zbekiston tadbirkorlar yurtiga aylanganini xorijliklar ham e’tirof qilmoqda. Ahamiyatlisi, bu yutuqlar vaqtinchalik emas, muntazamlik kasb etayotir. Buning isboti: 2024-yil — Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili deb e’lon qilindi. Vazifalar ham shunga monand belgilab olindi. Avvalo, yurtimiz aholisining 60 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadigan yoshlar va iqtisodiyotning chin ma’nodagi lokomotiviga aylangan biznes sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.
Yoshlar va biznes alohida hamda bir vaqtning o‘zida uyg‘un tushunchalardir. Tahlillarga ko‘ra, hozir o‘sib borayotgan yosh avlodda tadbirkorlik, biznes sohalarini egallashga qobiliyat yuqoriroq. Yoshlar biznes tushunchasini ko‘proq o‘zlashtirib, startap, IT va boshqa yangi yo‘nalishlardagi loyihalarga faol egalik qilmoqda. Yosh tadbirkorlar nafaqat iqtisodiy rivojlanishga katta hissa qo‘shadi, balki yangi istiqbollar va innovatsion g‘oyalar olib kiradi. Shu jihatdan, yoshlar va biznes tushunchasiga yurtimizdagi biznes landshaftini qayta shakllantiruvchi va kelajak avlodning imkoniyatlarini kengaytiradigan yuksalish tendensiyasi sifatida qarash mumkin.
Imkoniyat bor joyda harakat ham faollashadi
Biznesni qo‘llab-quvvatlash bandlik, iqtisodiyotning har bir tarmog‘idagi rivojlanish, erkin bozor iqtisodiyoti va bularning ortidan aholi farovonligi oshishiga olib keladi. Chunki hududlarda biznes qanchalik rivojlanib, tadbirkorlar soni ortsa, aholi bandligini ta’minlash, turmush farovonligini oshirish, iqtisodiy o‘sish shuncha yuqorilab boradi. Ayni chog‘da mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish o‘rinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Ushbu tarmoqda 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlarimiz mehnat qilayotgani xususiy biznesning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni ham yuksalib borayotganini ko‘rsatadi.
Tadbirkorlik qulay muhit bo‘lgan joydagina rivojlanadi. Yangi O‘zbekistonda ana shu muhitning shakllanish bosqichlari qanday faollik bilan kechgan bo‘lsa, sohani rivojlantirish ham shunday shiddat bilan davom etyapti. O‘tgan 2023 yil tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi ishbilarmonligini qo‘llab-quvvatlash, biznes muhitini yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlarga boy bo‘ldi. Xususan, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizga ilk bor qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, mulk daxlsizligi, bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish, sud mustaqilligi bo‘yicha aniq normalar kiritildi. Buning zamirida inson qadrini ulug‘lash, aholi manfaatlarini ta’minlash maqsadlari yotibdi. Kuchli iqtisodiyot barpo etish bo‘yicha yangi vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish ushbu maqsadlarga erishishning muhim omili sanaladi.
Xususan, joriy yilda milliy iqtisodiyotda yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 6 foiz oshirib, 100 milliard dollarga yetkazish, mazkur ustuvor vazifa ijrosini ta’minlashda “iqtisodiy kompleks rahbarlari va davlat korxonalari uchun 2024-yil — tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili bo‘lishi lozimligi” belgilangani, ayniqsa, ahamiyatli. Bunda xaridlar va logistikani samarali tashkil etish, energiyatejamkor loyihalarni amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan raqamli transformatsiyani jadallashtirish kabilar milliy ishlab chiqarishda tannarx pasayishiga olib keladi. Bu, o‘z navbatida, xalqaro bozorda global raqobatdoshlikka ham xizmat qiladi. Ushbu tendensiya natijadorligini ko‘plab davlatlar tajribasida ko‘rish mumkin.
2024-yilda yurtimizda yalpi ichki mahsulot o‘sishini kamida 6 foiz, jumladan, sanoat mahsulotlari o‘sishini 7 foiz, bozor xizmatlari 14,9 foiz, qishloq xo‘jaligi 4 foiz, qurilish 6,3 foiz va eksport hajmi o‘sishini 25 foiz darajasida ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingan. Bu hududlarda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha aniq vazifalarni qo‘yadi. Joriy yilda birgina elektrotexnika, kimyo va farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish uchun 12 milliard 700 million dollarlik 24 ta yirik loyiha amalga oshiriladi. Mahalliy avtomobilsozlik sanoatida barcha mavjud va yangi ishlab chiqaruvchilarga shaffof va teng sharoitlar yaratish orqali 2024-yilda 450 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarishga erishish ko‘zda tutilgan. Asosiy maqsad 2030-yilga borib, sanoat hajmini ikki karra oshirish, metallurgiya, neft-kimyo va mashinasozlik kabi sohalarni sifat jihatidan mutlaqo yangi darajaga ko‘tarishga qaratilgan bo‘lib, umumiy qiymati 150 milliard dollarlik 500 dan ziyod yirik sanoat va infratuzilma loyihasi hayotga tatbiq etiladi.
Iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratishni yanada kuchaytirish bo‘yicha ham aniq yo‘nalishlar belgilab olingan. Jumladan, iqtisodiyot tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni kengaytirish orqali hududlarning sanoat va ishlab chiqarish salohiyati oshirilib, 35,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi. Natijada 309 ta yirik ishlab chiqarish obyekti va quvvati ishga tushirilib, 36 mingta yangi ish o‘rni ochiladi.
Har birining hissasi ulkan
Bugun tadbirkorlik eng katta va ayni paytda milliy iqtisodiyotimizning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Barcha tarmoqlarda ishbilarmonlik muhiti yaratilib, kichik va o‘rta biznes hayotimizga jadal kirib keldi. O‘tgan yili yurtimizda ro‘yxatdan o‘tgan birgina kichik tadbirkorlik subyektlari soni 600 mingdan oshgani buning yaqqol misoli.
Chunki yangi O‘zbekistonda tadbirkor davlatning ishonchli hamkori, davlat esa har bir biznes vakilining yaqin do‘stidir. Davlat biznes vakillariga qo‘l uzatdi, ularga katta ishonch bildirdi, har qadamida qo‘llab-quvvatladi. Bu qo‘llab-quvvatlov faqat moliyaviy manbalar, qo‘shimcha imtiyozlardangina iborat emas, balki biznes vakillarining muammolari tinglanib, ularga yechim berilayotgani, takliflar ishlab chiqilayotganida ham ko‘zga tashlanadi.
Tabiiyki, barcha sohalarda bo‘lgani kabi milliy iqtisodiyotda ham tadbirkorlarni qiynaydigan muammolar mavjud. Shulardan biri yashirin iqtisodiyotdir. Uning ko‘lamini qisqartirish maqsadida 2024-yildan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga qo‘shimcha vakolatlar berildi. Endi yashirin iqtisodiyotga sabab bo‘layotgan omillarni tahlil etish asnosida qarorlar qabul qilish lozim.
Biznesning aksiyadorlik jamiyati shaklida rivojlanishi ko‘proq oshkoralik va shaffoflik prinsiplariga asoslanadi. Shu bois, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning aksiyadorlik jamiyatlariga aylanishi muhim. Bu ham yashirin iqtisodiyot keskin kamayishini ta’minlaydi. Qolaversa, iqtisodiy taraqqiyotda sog‘lom raqobat zarur. Buning uchun iqtisodiyotning davlat sektori va xususiy sektorning teng sharoitda ishlash tizimini joriy qilish talab etiladi. Xususan, kreditlash, soliqqa tortish, tashqi iqtisodiy faoliyat (bojxona) bilan bog‘liq amaliyotlarda o‘zaro teng sharoitni ta’minlashga ustuvor darajada e’tibor qaratish maqsadga muvofiq. Uning natijasi biznes faolligi tufayli milliy iqtisodiyotda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, aholi bandligini ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish kabilarda namoyon bo‘ladi.
Umuman, sohadagi ana shunday muammolar birin-ketin o‘z yechimini topyapti. Muhimi, ular qog‘ozda emas, amalda aks etib, tadbirkorlar faoliyatida sezilmoqda. Yangi 2024-yil ham, o‘z nomiga mos holda fidoyi, ishning ko‘zini biladigan tadbirkorlar uchun yaxshi yangiliklar bilan boshlandi. Xususan, Tadbirkorlarning barqarorlik reytingiga ko‘ra, reytingi yuqori korxonalar barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi. Shuningdek, bir-birini takrorlovchi hisobotlar tugatilib, barcha hisobotlar yagona elektron tizim orqali taqdim etiladigan bo‘ldi, hisobotlarning qog‘oz shakli bekor qilindi. Sanayversak, imkoniyat va imtiyozlar ko‘p. Yana bular haqida gapirganda yoki yozganda biznes sohasidan uzoq kishilar uchun oddiy hisobotdek tuyulishi mumkin. Ammo bitta bo‘lsa ham ish o‘rni yaratib, tadbirkorlik qilayotgan odam borki, imtiyozlarni ko‘rib, bilib turibdi, ulardan unumli foydalanyapti. Ahamiyatlisi, joriy yilda milliy iqtisodiyotimizda transformatsiya jarayonlari yanada jadallashadi va muhim islohotlar hali oldinda.
Shu o‘rinda, davlatimiz rahbarining biznes vakillariga qarata aytgan “Har bir mamlakatda tadbirkorlar katta kuch-qudrat bo‘lib kelgan. O‘zbekistonimizda ham iqtisodiyotni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, mahallalarni obod etishga harakat qilyapmiz. Bunga eng katta hissa qo‘shayotgan kim? Tadbirkorlar! Sizlar har biringiz qahramonsiz, fidoyisiz. Biz sizlar bilan faxrlanamiz”, deb aytgan so‘zlari yodimga tushdi.
Chindan ham bugun tadbirkorlar zamonamiz qahramonlariga aylandi. Ularning faoliyati, ayniqsa, yosh ishbilarmonlar iqtisodiyot rivojida katta kuchdir. Biznes vakillari yaratayotgan ish o‘rinlari esa o‘nlab, yuzlab oilalarga daromad, farovonlik olib kiryapti.
Samariddin ELMIRZAYEV, iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2024-yil 27-mart, 61-son