O‘zbekiston Janubiy Osiyo mintaqasi kuchli uchtaligida
Keyingi yillarda mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori tobora mustahkamlanib bormoqda. Xususan, “2019 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident Farmonida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosining ta’minlanishi natijasida O‘zbekiston iqtisodiyoti Markaziy Osiyoda yagona mamlakat sifatida ilk marta 2020 yilda mashhur Global innovatsion indeksda 93-o‘rinni band etgan edi.
2022-yilda Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan Global innovatsion indeksning (“GII —2022”) “Kelajak nima, bu innovatsiyaga asoslangan o‘sishmi?” (What is the future of innovationdriven growth?) nomi bilan e’lon qilingan ko‘rsatkichlar reytingida esa O‘zbekiston 132 davlat orasida 2021-yildagiga nisbatan 4 pog‘ona yuqorilab, 82-o‘rinni egalladi.
E’tibor qilinsa, O‘zbekiston dastlabki, ya’ni 2020-yilda ilk urinishdayoq bu reytingda 93-o‘rinni qayd etgan. Natijada jadal yuqorilagan mamlakatlar “TOP-10” taligidan joy olgan. Bu yurtimizda amalga oshirilayotgan mutlaqo yangi yo‘nalishdagi dadil va izchil islohotlar samarasidir, desak, aslo mubolag‘a emas.
O‘zbekiston o‘z oldiga 2030-yilda Global innovatsion indeksda kuchli 50 talikdan joy olishni maqsad qilgan. Oradan qisqa muddat o‘tishiga qaramay natijalar havas qilgulik: mamlakatimiz 2020-yilda ushbu reytingga kirib 93-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2021-yilda 7 pog‘ona yuqorilab, 86-o‘ringa munosib ko‘rildi. 2022-yil ko‘rsatkichlari bo‘yicha yana 4 pog‘ona yuqorilab, 82-o‘rinni egalladi.
Umuman, o‘tgan yillar dinamikasi O‘zbekistonning jadal yuqorilab borayotganini ko‘rsatmoqda. Ochig‘ini aytganda, so‘nggi o‘n yillikda reytingdan joy olmay kelayotgan O‘zbekiston iqtisodiyoti ko‘rsatkichlari uchun bu juda katta va tarixiy yutuqdir. Demak, harakat qilinsa ko‘zlangan maqsadlarga, albatta, erishilar ekan.
Bugungi kunda jahonda 200 dan ortiq reyting baholash kompaniyalari bo‘lib, shular orasida eng nufuzlilardan biri — Global innovatsion indeks (The Global Innovation Index — GII)) hisoblanadi. Jahonda yuz bergan koronavirus pandemiyasi hamda mamlakatlar o‘rtasida davom etayotgan o‘zaro nizolar tufayli Butunjahon intellektual mulk tashkiloti dunyo mamlakatlarining iqtisodiyotini baholashda turli muammo va qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Global innovatsion indeks Kornell universiteti, Yevropa biznesni boshqarish instituti va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti hamda BMTning ixtisoslashtirilgan agentligi tomonidan birgalikda nashr etiladi. Ushbu indeks 2022-yilda o‘zining “Kelajak nima, bu innovatsiyaga asoslangan o‘sishmi?” mavzusiga bag‘ishlangan o‘n beshinchi nashrini taqdim etdi. Ushbu nashr innovatsiyalar iqtisodiy rivojlanishning asosiy omili ekanligini anglagan holda, jahonning 135 mamlakatining innovatsion reyting va tahlillarini o‘zida mujassamlashtirdi.
Butunjahon intellektual mulk tashkilotining ma’lumoti bo‘yicha, Global innovatsion indeks — mamlakatlarning innovatsion imkoniyat va ko‘rsatkichlari reytingidir. Bunda institutlar, inson kapitali va tadqiqotlar, infratuzilma, kreditlar, investitsiyalar, kommunikatsiya mezonlariga asoslangan holda innovatsiyalar darajalari o‘lchanadi.
Qayd etilishicha, Global innovatsion indeks — bu ulkan tadqiqot bo‘lib, unda innovatsion rivojlanish darajasiga ko‘ra dunyo mamlakatlari reytingi tuziladi. Demak, Global innovatsion indeks — mamlakatlarning har yili o‘zining qobiliyat va innovatsiyalardagi muvaffaqiyatlariga qarab tuziladigan reyting. Bu reyting odatda korporativ va hukumat tomonidan mamlakatlarning innovatsiyalarini o‘zaro taqqoslash uchun foydalaniladi.
Mazkur Global innovatsion indeks subindekslarga bo‘lingan holda bir nechta baholash komponentlaridan iborat bo‘ladi. Global innovatsion indeks reytingi ko‘rsatkichlari jahon mamlakatlari iqtisodiyotini o‘zida qamrab olib, u 80 ga yaqin ko‘rsatkichlar asosida aniqlanadi.
Xo‘sh, O‘zbekiston ushbu nufuzli reytingda qaysi ko‘rsatkichlari bilan yuqorilab boryapti va qaysi jihatlariga ko‘proq e’tibor qaratish lozim?
Yuqorida qayd etganimizdek, bu reyting ma’lum mezonlar asosida ishlab chiqiladi. Lekin qarangki, jahon iqtisodiy rivojlanishiga hamohang tarzda 2019 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasining bosh maqsadi ham inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan. Strategiya bosh maqsadiga erishishning natijasi sifatida 2030 yilga kelib, O‘zbekistonning Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning kuchli 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirishi zaruriy shart qilib qo‘yildi. Buni esa respublikamizning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etishini belgilovchi asosiy omil sifatida baholash va e’tirof etish mumkin.
Shuni mamnuniyat bilan aytish joizki, O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi bo‘yicha kuchli uchtalikka kirgan yetakchi davlat bo‘ldi (Hindiston — 40, Eron Islom Respublikasi — 53 va O‘zbekiston — 82). Muhimi, biz Janubiy Osiyo mintaqasida 2021-yilda 4-o‘rinda edik, joriy yilda yurtimiz Qozog‘istonni ortda qoldirib, “kuchli uchlikning yangi ishtirokchisi” degan nomga sazovor bo‘ldi.
Taassuflanarlisi shundaki, mamlakatimiz hamon daromad darajasi bo‘yicha o‘rtachadan pastroq bo‘lgan 36 ta davlat orasida 10-o‘rinda turibdi.
O‘zbekiston 2022-yil ko‘rsatkichlari bo‘yicha ushbu reytingning “Daromadlik”da 10-o‘rin va “Hudud reytingi”da 3-o‘rinni egallab, umumiy hisobda 27,4 daraja ko‘rsatkichga ega bo‘ldi. Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston Global innovatsion indeksning 2022-yil reytingi bo‘yicha 0,3 daraja (25,3) yuqorilagan (2021 yilda 0-100 dan 25,0 darajali bahoga ega bo‘lgan). Ya’ni Global innovatsion indeksning ma’lumotlarida O‘zbekiston quyidagi ko‘rsatkichlarga ega:
«GII — 2022» dagi reyting — 82-o‘rin;
kirish reytingi — 68;
chiqish reytingi — 91;
daromad darajasi o‘rtachadan past —
10-o‘rin;
YAIM xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha 291,2 mlrd. dollar (o‘sish 103,2 foiz), YAIM aholi jon boshiga — 8,4 ming dollar (o‘sish 113,5 foiz).
Xabaringiz bor, o‘tgan yilning 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Ushbu sammit ishtirokchi davlatlari ham «GII — 2022» reytingida o‘z o‘rniga ega. Jumladan, Xitoy — 11, Rossiya — 47, Hindiston — 40, Eron — 53, Armaniston — 80, Qozog‘iston — 83, Pokiston — 87, Ozarbayjon — 93, Qirg‘iziston — 94, Tojikiston — 104 o‘rindan joy olgan.
Aytmoqchi bo‘lganimiz shuki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonnning Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida faolligi ortib borishi (100 dan ziyod bitimlar imzolanishi) xalqaro reytinglardagi o‘rnimiz yanada yuksalib borishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Asosiysi, 2022-yilda O‘zbekiston innovatsiya ishlanmalari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari bilan taqqoslaganda, ilk bor 1-o‘rinni egalladi (2021 yilda Qozog‘iston — 79 o‘rindan 83-o‘ringa pastlagan, Qirg‘iziston 4 pog‘ona yuqorilagan — 94, Tojikiston bir pog‘ona pastlagan — 104). Demak, mamlakatimizda 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, mazkur reytingda yanada yuqorilash imkoniyatini bermoqda.
Bundan ko‘rinib turibdiki, 2026-yilga borib kuchli 50 talikka bemalol kirishga shubha qilmasa ham bo‘ladi (agar o‘rtacha 2,4 daraja yuqorilab borilsa, bu to‘rt yilda 9,6 yoki umumiy daraja 37.0 bo‘lishi mumkin, ayni vaqtda «GII — 2022» «TOP-50» talikning quyi chegarasi 34,0 darajaga teng). To‘g‘ri, raqamlardan havolanib ketmasdan qo‘yilgan maqsad sari faqat olg‘a intilish, izlanish, innovatsiya va yaratuvchanlik kabilarni susaytirmaslik kerak bo‘ladi.
Xo‘sh, O‘zbekistonning Global innovatsion indeks reytingida 2020-yildagiga nisbatan 9 pog‘ona yuqorilashi qaysi ko‘rsatkichlar evaziga amalga oshdi yoki erishildi? Bu savollarga quyida javob berishga harakat qilamiz.
Avvalo, buni eng muhim bo‘lgan 7 ta ko‘rsatkich bo‘yicha ma’lumotlardan ko‘rish mumkin.
Agar birinchi indikator bo‘yicha ma’lumotlarga e’tiborni qaratadigan bo‘lsak, “Institutlar” (Institutions)da bir pog‘onaga (94 dan 63 ga) yuqorilagan (57,3 daraja). Bu quyidagi parametrlar bo‘yicha baholangan:
birinchi, siyosiy muhit 52,1 daraja yoki 94-o‘rin (siyosiy va operatsion bar- qarorlik — 65.5/74, hukumatning samaradorligi — 38,8/98);
ikkinchi, qonunchilik bazasi — 50,7 daraja yoki 104-o‘rin (qonunlarning sifati — 21,3/123, qonun ustuvorligi — 18.5/123, ishdan bo‘shatish xarajatlari — 17.3/73);
uchinchi, biznes muhiti — 69,2 daraja yoki 21-o‘rin (biznesni tashkil qilish qulayligi — 69,2/21, to‘lovga layoqatsizlikni hal qilishning qulayligi — ma’lumotlar mavjud emas).
Tan olish kerak, hozirda mamlakatimiz qonunchilik bazasini yanada mustahkamlash va uning ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha hal qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. O‘z navbatida, ushbu reytingda ham aynan qonunchilik bazasiga kuchsiz deb izoh berilgan (104-o‘rin). Shu bois siyosiy-huquqiy sohada xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini kelgusi yillarda yaxshilash yuzasidan Xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha respublika kengashining yig‘ilishida ham alohida chora-tadbirlar belgilab olindi. Quvonarlisi, mazkur parametrda biznes muhiti bo‘yicha ko‘rsatkichlarimiz kuchli deya baholangan (21-o‘rin).
Ko‘rsatkichlarning ikkinchisida, “Inson kapitali va tadqiqotlar” (Human capital & research)da 7 pog‘ona yuqorilab 30,8 daraja yoki 65-o‘rin egallangan. Bu, asosan:
birinchi, ta’lim 57.4 daraja yoki 50-o‘rin. Afsuski, ta’lim ko‘rsatkichi 2021 yildagiga nisbatan 8 pog‘ona pastlagan. Bunda ayrim ustunlar bo‘yicha ma’lumotlar berilmagan (ta’lim xarajatlari, YAIMga nisbatan 4,9 foiz yoki 45-o‘rin, davlat tomonidan moliyalashtirish/o‘quvchi, YAIMga nisbatan foizda — ma’lumotlar mavjud emas, o‘rta ta’lim (maktab) davomiyligi, yil — 12,5/ 88, talabalarni xalqaro baholash dasturi PISA shkalasi — ma’lumotlar mavjud emas, o‘quvchi-o‘qituvchi nisbati, o‘rta — 10,9/37);
ikkinchi, oliy ta’lim — 33,9 daraja yoki 54-o‘rin (oliy ta’limga qabul qilish, yalpi foizda — 15.9/101, fan va muhandislik yo‘nalishidagi bitiruvchilar, foizda — 36,9/6, oliy ta’limga kirish harakatchanlik, foizda — 0,2/106);
uchinchi, ilmiy tadqiqot va ishlanmalar (R&D) 1,2 daraja yoki 93-o‘rin (tadqiqotchilar, FTE-to‘liq vaqt ekvivalenti/kishi — 439,9/73, ilmiy tadqiqot ishlariga xarajatlar, YAIMga nisbatan foizda — 0,1/98, ilmiy tadqiqot va investorlar, million dollar — 0,0/ 38, QS-universitet reytingi — 0,0/72).
Mazkur parametrda ayrim ma’lumotlarning yetarli emasligi yoki taqdim etilmagani uchun ijobiy holatlar kam ko‘rsatilgan. Jumladan, talabalarni xalqaro baholash dasturi PISA shkalasi va davlat tomonidan moliyalashtirish/o‘quvchi, YAIMga nisbatan kabilarni keltirish mumkin. Shunday bo‘lsa-da, reytingda o‘quvchi-o‘qituvchi nisbati hamda fan va muhandislik yo‘nalishidagi bitiruvchilar ko‘rsatkichlari kuchli — 6-o‘rin (Hindiston — 11 va Rossiya — 14) deya e’tirof etilgan.
Reytingning uchinchisi “Infratuzilma” (Infrastructure) 2021-yildagiga nisbatan 5 pog‘onaga ko‘tarilgan, ya’ni 41,7 daraja.
Bunga asosan, birinchi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) — 76,1 daraja yoki 55-o‘rinni egallagan (AKTga kirish 82,7/78, AKTdan foydalanish 62,3/66, hukumatning onlayn xizmati — 78.2/46, elektron foydalanuvchilar 81,0 /46);
ikkinchi, infratuzilma — 32,6 daraja yoki 56-o‘rin (elektr energiyasi ishlab chiqarish — 1891,9/ 84, logistika — 24,7/ 92, yalpi kapital shakllanishi, YAIMga nisbatan foizda — 40,6 /6);
uchinchi, ekologik muvozanat — 16,4 daraja yoki 117-o‘rin (YAIM/energiyadan foydalanish birligi 5,2/118 atrof-muhitga ta’siri — 38,2/77, ISO 14001 ekologik sertifikatlari/mlrd. dollar YAIMga nisbatan — 0,1/125).
Mazkur ko‘rsatkichlarning ayrimlari bo‘yicha biz kuchli 50 talikdan joy olganmiz, desak ham bo‘ladi, masalan, hukumatimizning onlayn xizmatlari bo‘yicha 46-o‘rin. Ye-elektron bo‘yicha ham shu natija, hattoki kuchli 10 talikka da’vogarlik qiladigan ko‘rsatkichimiz ham yo‘q emas, masalan, YAIMga nisbatan kapitalni shakllantirish darajasi 7-o‘rin! (Rossiya — 59, Qozog‘iston — 24).
Umuman olganda, “Infratuzilma” (Infrastructure) bo‘yicha ko‘rsatkichlarimiz reytingda o‘zining ko‘plab parametrlarda kuchli tomonlarini ko‘rsata olgan.
Xalqaro reytingning yana bir muhim ko‘rsatkichi bo‘lgan to‘rtinchi “Bozor jozibadorligi” (Market sophistication) bo‘yicha 36 pog‘ona pastlagan. Ya’ni ko‘rsatkich — 33,9 daraja yoki 60-o‘ringa loyiq ko‘rilgan.
Bunda birinchi, kredit — 7,1 daraja baholangan yoki 119-o‘rin (kredit olish qulayligi — ma’lumot yo‘q, 2021 yilda bu — 65,0/61 bo‘lgan, xususiy sektorga ajratilgan ichki kredit, YAIMga nisbatan foizda — 35,7/87, mikromoliyaviy yalpi kreditlar, YAIMga nisbatan foizda — 0,2/51);
ikkinchi, investitsiyalar bo‘yicha 2022 yil uchun ma’lumotlar taqdim etilmagan. Vaholanki, bu 2021 yilda quyidagicha bo‘lgan: — 70.0 darajaga baholangan yoki ma’lumotlar to‘liq taqdim etilmagan (minoritar investorlarni himoya qilish qulayligi — 70,0/36, bozor kapitallashuvi, YAIMga nisbatan foizda — ma’lumotlar mavjud emas, venchur kapitali investorlari, bitimlar/mlrd. dollar — ma’lumotlar mavjud emas, venchur kapitali oluvchilar, bitimlar/mlrd. dollar — ma’lumotlar mavjud emas);
uchinchi, savdo, diversifikatsiya va bozor hajmi — 60,7 darajada baholangan yoki 51-o‘rin (qo‘llaniladigan tarif stavkasi, o‘rtacha vaznli, 2,6/69, mahalliy sanoatni diversifikatsiya qilish — 92,9/37, ichki bozor hajmi mlrd. dollar (RRR) — 291,2 /59).
Reytingning “Ishbilarmonlik jozibadorligi” (Business sophistication) nomli beshinchi ko‘rsatkich bo‘yicha 2021 yildagiga nisbatan 2022 yilda mutlaq rekord bo‘lgan, desak bo‘ladi, ya’ni boshqa yillarga nisbatan o‘n barobar — 49 pog‘onaga yuqorilagan (123-o‘rindan 74-o‘ringa).
Bunda birinchi, bilimli xodimlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilmagan (o‘tgan yilda bu — 22.8 darajada baholangan), rasmiy treningni taklif qiluvchi firmalar foizda — 16,9/98, biznes tomonidan amalga oshirilgan GERD, YAIMga nisbatan — 0,1/69, biznes tomonidan moliyalashtirilgan GERD foizda — 13,7/56, ilg‘or darajaga ega bo‘lgan ayollar — ma’lumot mavjud emas);
ikkinchi, innovatsion aloqalar 24.7 daraja yoki 59-o‘rin. O‘tgan yili ma’lumotlar yetarli bo‘lmaganligi uchun 109-o‘rinda edi. (Universitet va sanoatning ilmiy tadqiqot ishlari bo‘yicha hamkorligi — ma’lumot mavjud emas, klasterning rivojlanish holati — ma’lumot mavjud emas, chet el tomonidan moliyalashtirilgan GERD, YAIMga nisbatan foizda — 0,0/93, qo‘shma korxona/strategik sheriklik bitimlari/mlrd. dollar, YAIMga nisbatan foizda — 0,0/62, patent oilalari/mlrd. dollar YAIMga nisbatan foizda — 0,0/ 91);
uchinchi, bilimlarni o‘zlashtirish — 22,8 daraja yoki 100-o‘rin (intellektual mulk to‘lovlari, umumiy savdo foizda — 0,4/74, yuqori texnologiyalar importi, umumiy savdo foizda — 9,1/54, AKT xizmatlari importi, umumiy savdo foizda — 0,7/98, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar sof tushumi, YAIMga nisbatan foizda — 2,6/54, tadqiqot qobiliyati, korxonalarda, foizda — 12,9/58).
Reytingning mazkur ishbilarmonlik jozibadorligi ko‘rsatkichlarida birgina biznes tomonidan moliyalashtirilgan GERDni hisobga olmaganda, kuchli tomonlari mavjud emas.
Reytingning oltinchi “Ilmiy va texnologik natijalar” (Knowledge & technology outputs) bo‘yicha ko‘rsatkichda 17,9 daraja va 80-o‘rinni egalladik. Vaholanki, bu ko‘rsatkich 2021 yilda 2020 yildagiga nisbatan 13 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilgan. Ya’ni 90-o‘rindan 77-o‘ringa! Aslida, ushbu ko‘rsatkich bundan-da yaxshiroq bo‘lishi kerak edi, lekin patentlar, ilmiy-texnik maqolalar va iqtibos qilinadigan ma’lumotlarimiz maqtangulik emas.
birinchi, bilimlarni yaratish (ijodiy yondashuv) — 9,1 daraja yoki 78-o‘rin (patentlar/mlrd. dollar (RRR) YAIMga nisbatan foizda — 1.3/56, RST patentlari/mlrd. dollar (RRR), YAIMga nisbatan foizda — 0,0/95. E’tirof etish joizki, foydali modellar bo‘yicha kuchli tomonlarni ko‘rsata olgan/mlrd. dollar, YAIMga nisbatan foizda — 1.3/18, ilmiy va texnik maqolalar/mlrd. dollar (RRR), YAIMga nisbatan foizda — 2.4/124, iqtibos qilinadigan hujjatlar h-indeksi — 3,4/113);
ikkinchi, bilimlar ta’siri — 33,9 daraja yoki reytingda 42-o‘rin! (Mehnat unumdorligining o‘sishi, foizda — 4,7/7, yangi tadbirkorlik subyektlari —2,7/49, dasturiy ta’minot xarajatlari, YAIMga nisbatan foizda — ma’lumotlar mavjud emas, ISO 9001 sifat sertifikatlari/mlrd. dollar (RRR) YAIMga nisbatan — 1,5/92, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, foizda — 27,3/46);
uchinchi, bilimlarning tarqalishi 10,7 daraja yoki reytingda 101-o‘rin (intellektual mulk obyekti bo‘yicha tushumlar, foizda — 0,0/106, ishlab chiqarish va eksportning jozibadorligi — 30,3/85, yuqori texnologiyalar eksporti, umumiy savdoga nisbatan foizda — 0,3/98, AKT xizmatlari eksporti, umumiy savdoga nisbatan foizda — 0,9/87).
Respublikamizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlardagi islohotlar asosida tadbirkorlik subyektlarining paydo bo‘lishi va ulardagi mehnat unumdorligining yuqoriligi xalqaro reytingda ham o‘z aksini topgan. Ya’ni mehnat unumdorligining o‘sishi bo‘yicha reytingda (Belarus — 38, Rossiya — 44, Qozog‘iston — 48) 8-o‘rin! Bu foizda — 4,6/8, shuningdek, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar asosida yangi tadbirkorlik subyektlarining ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham ijobiy natijaga erishilgan. Umuman, mazkur ko‘rsatkichlarda keltirilgan tahliliy ma’lumotlar o‘zining kuchli tomonlarini ko‘rsata olgan.
“Ijod mahsuli” (Creative outputs) deb nomlangan yettinchi ko‘rsatkichda O‘zbekiston 11 pog‘ona yuqorilagan (2022-yilda 102-o‘rin) va reytingda 7,7 darajani egalladi.
Birinchi, nomoddiy aktivlar — 12,5 daraja yoki 94-o‘rin (reytingdan ilk bor joy oldi), savdo belgilari bo‘yicha/mlrd. dollar (RRR), YAIMga nisbatan 30,9/75, global brend qiymati, eng yuqori 5000, YAIMda — ma’lumotlar mavjud emas, sanoat namunalari bo‘yicha/mlrd. dollar (RRR), YAIMga nisbatan — 0,6/82);
ikkinchi, ijodiy tovarlar va xizmatlar — 5.3 daraja yoki reytingda 100-o‘rin (madaniy-ijodiy xizmatlar eksporti, umumiy savdoga nisbatan foizda — 0,0/132, milliy badiiy filmlar — 1,2/79, ko‘ngilochar va media bozori — ma’lumotlar mavjud emas, matbaa va boshqa ommaviy axborot vositalari, ishlab chiqarish foizda — 0,5/79, ijodiy mahsulotlar eksporti, umumiy savdoga nisbatan foizda — 0,3/68), uchinchi, onlayn ijodkorlik 0,5 daraja yoki reytingda 109-o‘rin (umumiy yuqori darajadagi domenlar (TLD) — 0,0/132, mamlakat kodi TLD — 1,2/79, vikipediya tahrirlari — 0,9/104, mobil ilovalar yaratish/mlrd. Dollar (RRR), YAIMga nisbatan — 0,0/107).
Tan olish lozim, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha hali oldinda qilinadigan ishlar ko‘p, garchi 113 pog‘onadan 102 pog‘onaga ko‘tarilsak-da, baribir intellektual mulk obyektlarini yaratish va uni tijoratlashtirish (intellektual mulk ekotizimini yaratish) masalasida xorijiy tajribadan ancha ortdamiz, bu davlat rahbari tomonidan ham ko‘p bor ta’kidlab o‘tilgan va ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab berilgan.
Umuman, bugun O‘zbekistonning xalqaro indekslar va reyting ko‘rsatkichlariga erishishdagi muhim qadamlardan biri sifatida qabul qilingan Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi amalda ishlamoqda. Buni xalqaro reyting ko‘rsatkichlarida bosqichama-bosqich yuqorilab borayotganligimizdan ham anglash qiyin emas.
Biroq tan olish kerak, bugungi kunda O‘zbekistonda ilm-fan va ilmiy faoliyatga yo‘naltirilayotgan mablag‘ mamlakat yalpi ichki mahsulotining atigi 0,5 foizini tashkil qiladi. Ushbu ko‘rsatkich rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar tomonidan ilm-fanga yo‘naltirilayotgan mablag‘larga nisbatan ancha kamdir. Shuningdek, ilmiy tadqiqot ishlari natijalarini tijoratlashtirish darajasi yuqori emas. Bu esa ilmiy tashkilotlar va ular tomonidan tashkil etilgan innovatsion korxonalarga investitsiya va bank krediti mablag‘larini jalb qilish imkoniyatini bermaydi. Shunday ekan, 2030-yilga qadar Global innovatsion indeks reytingida yuqori pog‘onalarni egallash uchun ayrim past deb baholangan ko‘rsatkichlarni yaxshilab borish kerak bo‘ladi. Bunda quyidagilarga e’tiborni qaratish lozim deb hisoblaymiz:
birinchi, inson kapitali va tadqiqotlari komponenti bo‘yicha ilmiy tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlanmalariga xarajatlarni oshirish hamda texnologiyalar transferini rivojlantirish;
ikkinchi, biznesning jozibasi komponenti bo‘yicha xorijiy kompaniyalar tomonidan moliyalashtiriladigan (GERD) ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash hamda AKT xizmatlarini rivojlantirish;
uchinchi, fan va texnologiya natijalari komponenti bo‘yicha bilimlarning ommalashuvini yanada oshirish va rivojlantirish;
to‘rtinchi, ijodiy natijalar komponenti bo‘yicha internet ijodkorligi hamda mobil ilovalarni yaratishni yanada takomillashtirish.
Qolaversa, Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, chop etilgan ilmiy maqolalar soni, ulardan iqtibos keltirish indeksi, xalqaro konferensiyalar va seminarlarda ishtiroki, olingan patentlar soni bo‘yicha tanlangan sohadagi eng faol oliy ta’lim muassasalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash asosida oliy ta’lim muassasalari faoliyatining tadqiqot yo‘nalishini doimiy ravishda kuchaytirib borish zarur.
Umuman olganda, O‘zbekiston Global innovatsion indeks reytingida o‘zining dastlabki qadamlarini dadil tashlagani va iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan mamlakatlar orasida salmoqli o‘rin egallab borayotgani barchamizga faxr bag‘ishlaydi. Bu esa mamlakatimizning barqaror taraqqiyoti, davlatimiz kuch-qudratining mustahkamlanishi hamda xalqimiz farovonligi darajasining o‘ziga xos ko‘zgusidir.
Nurbek RIZAYEV,
Bank-moliya akademiyasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori.
Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi, 2023 yil 1 fevral, №21 (8364)