Yangiliklar

image

BMAda “Gazprombank” aksionerlik jamiyati va NBU bilan hamkorlikda xalqaro seminar o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida “Gazprombank” aksionerlik jamiyati va O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan hamkorlikda “Loyihalarni moliyalashtirishda risklarni boshqarish” mavzusida xalqaro seminar o‘tkazildi.

Ta’kidlandiki, mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan loyihalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlar mablag‘larini faol jalb etish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, moliyalashtirish manbalari aniq belgilangan holda loyihalarni samarali amalga oshirilishini ta’minlaydigan davlat dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirishning sifat jihatdan yangi tartibi joriy etildi.

Ayni jarayonda tezkor va maqbul qaror qabul qilish ko‘nikmasiga ega mutaxassislar tayyorlash dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu bois, boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi “Gazprombank” aksionerlik jamiyati va O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini olib bormoqda. Bu o‘z navbatida xalqaro va xorijiy moliya institutlari, ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan integratsiyalashgan holda bugungi islohotlar shiddatiga mos kadrlar tayyorlash imkonini beradi.

Seminar davomida loyihalarni moliyalashtirishning afzalliklari va yanada takomillashtirishning yangi usullari haqida batafsil ma’lumot berildi. Loyihalarning moliyaviy, iqtisodiy, texnik, tijorat va institutsional tahlil usullariga to‘xtalib o‘tildi. Xatarlarni baholash va uni tahlil qilish, foydalilik nuqtasini aniqlash bo‘yicha amaliy tajriba o‘rtoqlashildi.

Seminar yakunida ishtirokchilar loyihalarni amalga oshirishda moliyaviy instrumentlar yordamida eksportni moliyalashtirishda yuzaga keladigan risklarni minimallashtirish, xatarlarni boshqarish bo‘yicha yondashuvlar, barcha risklarni indentifikatsiyalashning ahamiyati, bitim shartlarini tuzish bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Ma’lumot uchun: “Gazprombank” AJ – Rossiyaning eng yirik universal moliyaviy institutlaridan biridir. Bank barcha asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Rossiyadagi eng yirik uchta banklar qatoriga kirib, Markaziy va Sharqiy Yevropa hududida joylashgan banklar ichida xususiy kapitali hajmi jihatidan uchinchi o‘rinda turadi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan “Gazprombank” AJning (Rossiya Federatsiyasi) vakolatxonasi akkreditatsiya qilingan. Ushbu Vakolatxona O‘zbekistonning davlat organlari, moliya-kredit tashkilotlari, ta’lim muassasalari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari bilan aloqalarni o‘rnatish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, bankning O‘zbekistonda xalqaro biznesini rivojlantirishga ko‘maklashish, shuningdek, bank tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tashabbus va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. 

Taqdimot