Shkoda kompaniyasi top menejeridan mahorat darsi
Xabar berib borayotganimizdek, Bank-moliya akademiyasi professor-o‘qituvchilari va tinglovchilaridan iborat delegatsiya Chexiya Respublikasida bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida vakillarimiz Yevropa amaliy bilimlar va menejment instituti bilan tuzilgan hamkorlik shartnomasiga asosan “Chexiyada bank-moliya tizimi tajribasi va zamonaviy rivojlanish tendentsiyalari” dasturi bo‘yicha xorijiy malaka oshirish kurslarida ishtirok etish bilan birga, yirik kompaniyalar va moliya institutlarida tajriba o‘rganmoqdalar.
Xorijiy malaka oshirish kursining navbatdagi mashg‘ulotida dunyoga mashhur Shkoda kompaniyasi menejeri sifatida mehnat faoliyat olib borib, hozirgi kunda professor sifatida talabalarga ta'lim berib kelayotgan Yirji Bogachek (Dr Jiří Boháček) tomonidan “Chexiya Respublikasining bank sektori” mavzusida amaliy dars mashg‘uloti o‘tkazildi.
Mashg‘ulot davomida Chexiya iqtisodiyotini rivojlantirishda yangi yo‘llarga o‘tish va boshqaruvning yangi shakllarini o‘zlashtirish zarurati xususida ma'lumot berildi. Jumladan, taqdimot davomida ma'ruzachi tomonidan iqtisodiy inqirozni chetlab o‘tish sharoitida ishlab chiqarish va bank-moliya sektorining pozitsiyasi bo‘yicha amaliy tajriba keng yoritildi. Shkoda avtomobilь zavodining Volkswagen kompaniyasi bilan samarali hamkorligi natijasida erishilgan muvaffaqiyat omillari borasida amaliy tajriba almashildi.
Xorijiy malaka oshirish kurslari davom etmoqda. Jarayonda bo‘ladigan muhim voqea-hodisalar haqida keingi xabarlarimizda ma'lumotlar berib boramiz.