Keys chempionati — interaktiv formatdagi intellektual bellashuv
2025-yil 13-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida talabalar va tinglovchilar o‘rtasida Keys chempionatining ilk saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Аkademiyada amalga oshirilayotgan taʼlim jarayonini amaliy bilim va ko‘nikmalar bilan boyitish, talabalarning tahliliy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, jamoaviy ishlash madaniyatini shakllantirish hamda muammolarni bartaraf etishda innovatsion yondashuvni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etildi.
Saralash bosqichida Аkademiyada tahsil olayotgan iqtidorli talabalar va tinglovchilardan iborat 7 ta jamoa o‘zaro bellashdi. Har bir jamoaga turli iqtisodiy masalalar va muammoli vaziyatlarni qamrab olgan keyslar taqdim etildi. Ishtirokchilar belgilangan muddat ichida mazkur muammolarni tahlil qilish, amaliy yechimlar taklif etish, jamoa shaklida himoya qilish orqali o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etdilar.
Taqdimotlar hakamlar hayʼati tomonidan bir qator mezonlar asosida baholandi. Jumladan, muammoning mazmunan to‘g‘ri tushunilganligi, tahlilning mantiqiy izchilligi, yechim takliflarining asoslanganligi va amaliy ahamiyati, jamoaviy yondashuvning samaradorligi, taqdimotning tuzilmasi va ijodiy uslubi kabi jihatlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Hakamlar hayʼati xulosasiga ko‘ra, saralash bosqichida eng yuqori ball to‘plagan 2 ta jamoa Keys chempionatining keyingi bosqichiga yo‘llanma oldi. Keyingi bosqichda ishtirokchilar murakkabroq keyslar ustida ishlab, ularni chuqur tahlil qilish va innovatsion yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha bellashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Bank-moliya akademiyasida tashkil etilayotgan bunday tadbirlar taʼlim oluvchilarning iqtisodiyot sohalari bo‘yicha nazariy bilimlarini mustahkamlash, tahlil qilish qobiliyatini rivojlantirish, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish hamda ularni kelgusi kasbiy faoliyatga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bu kabi chempionatlar akademik muhitda raqobatbardosh, ilmiy-tahliliy yondashuvga ega va ijtimoiy faol kadrlar yetishtirishda samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.