2-may — O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi tashkil etilgan kun
Akademiya faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 2-maydagi “Bank-moliya akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni asosida boshlangan bo‘lib, bugungi kunga kelib mamlakatimizda bank-moliya tizimi uchun yuqori malakali mutaxassislar va yetakchilarni tayyorlovchi yetakchi oliy ta’lim va ilmiy markaz sifatida e’tirof etiladi.
Bank-moliya akademiyasi qisqa vaqt ichida zamonaviy infratuzilmaga, ilg‘or o‘quv dasturlariga, xalqaro hamkorlik aloqalariga ega bo‘lgan innovatsion oliy ta’lim muassasasiga aylandi. Akademiya mamlakatimizda bank-moliya tizimining isloh qilinishi, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, davlat va xususiy sektor salohiyatini rivojlantirishda yetakchi kadrlar bazasini shakllantirishda muhim o‘rin tutmoqda.
O‘tgan tarixiy davr mobaynida Akademiya o‘zining magistratura bosqichida 7000 nafardan ortiq magistrlarni, malaka oshirish va qayta tayyorlash yo‘nalishida esa 12 ming nafardan ziyod amaliyotchilarni tayyorlab berdi. Birgina so‘nggi uch yilda xalqaro hamkorlik geografiyasi kengayib, dunyoning 15 ta davlatidagi 30 ta ta’lim, moliya va davlat muassasalari bilan amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Natijada har yili turli loyihalar va grantlar doirasida 100-150 nafar bank-moliya sohasi mutaxassislari, pedagoglar va tinglovchilar xorijiy stajirovkada ishtirok etib kelmoqdalar.
Taʼlim jarayonlarida zamonaviy va innovatsion taʼlim kurslari, jumladan, Strategic Management, Financial Technologies, Digital Banking, Risk Management va boshqalardan keng foydalanilmoqda. Ilmiy daraja va unvonga ega professor-oʼqituvchilarning ilmiy salohiyati 79 foizga yetdi. 15 ga yaqin moliya muassasalari bilan strategik hamkorlik kelishuvlariga yerishildi. Axborot resurs markazi har yili 400-500 nusxadagi ilmiy nashrlar, o‘quv va xorijiy adabiyotlar, monografiyalar bilan boyitib kelinmoqda. Ushbu natijalar O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan ko‘rsatilayotgan tizimli e’tibor va qo‘llab-quvvatlash tufayli amalga oshdi.
Akademiyaning asosiy missiyasi — “O‘rgan, o‘zgartir, yetakchi bo‘l” tamoyiliga asoslanadi. Ushbu yondashuv talabalarga nafaqat nazariy bilimlarni, balki global moliya bozorlaridagi ilg‘or amaliyotlar asosida chuqur tahliliy ko‘nikmalarni egallash imkonini beradi. Akademiyada tahsil olayotgan tinglovchilar iqtisodiyotning real sektori, bank-moliya muassasalari va xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda tahsil olib, kelajakda mamlakat taraqqiyotiga bevosita hissa qo‘shadigan strategik fikrlovchi mutaxassislar sifatida yetishib chiqmoqdalar.
Bugungi kunda Akademiya o‘zining xalqaro nufuzini kengaytirib bormoqda. Turli mamlakatlarning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan, akademik almashinuvlar va ilmiy tadqiqot loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Bank-moliya akademiyasi jamoasi o‘z oldiga mamlakatimizning moliyaviy barqarorligi, islohotlar samaradorligi va yetakchilik salohiyatini kuchaytirishga xizmat qiluvchi, xalqaro maydonda raqobatbardosh, bilimli va fidoyi mutaxassislarni tayyorlashdek yuksak maqsadni qo‘ygan.
Bank-moliya akademiyasining tashkil topgan kuni bilan barchani tabriklab, barcha tinglovchilarga, bitiruvchilarga, professor-o‘qituvchilarga va hamkorlarga mustahkam salomatlik, yutuqlar va yangi zafarlarga boy faoliyat tilaymiz.