Oʼzbekiston va Malayziya oʼrtasidagi taʼlim hamkorligi yangi bosqichga koʼtarilmoqda
Bugungi kunda Bank-moliya akademiyasi Malayziya oliy talim muassasalari bilan qator kelishuvlar doirasida muhim loyihalarni hayotga tatbiq etib kelayapti. Ana shunday loyihalardan biri akademik almashinuv bo‘lib, uning doirasida 100 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar, tinglovchilar va bank-moliya sektori mutaxassislari Malayziyada tashkil etilgan malaka oshirish va stajirovka dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib qaytdilar.
Shuningdek, Malayziyaning Utara universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma talim dasturi asosida “Master of Business Administration” hamda “Master in Business Management” magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu qo‘shma talim dasturi ikki tomonlama ilmiy-pedagogik almashinuv, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish hamda raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Taʼlim sohasidagi bunday faol va samarali hamkorlik natijasi sifatida Bank-moliya akademiyasi hamda Utara universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan “Strategik yetakchilik: Global yondashuv” mavzusidagi xalqaro forum alohida ahamiyatga ega boʼldi. Unda zamonaviy yetakchilik nazariyalari, strategik boshqaruvning xalqaro tajribalari, transformatsiyaviy liderlik va raqamli islohotlar masalalari atroflicha muhokama etildi.
Forum ishida Oʼzbekiston va Malayziyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari professor-oʼqituvchilari, tadqiqotchilar, davlat boshqaruvi va moliya sohasi mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar va biznes vakillari ishtirok etdilar. Аkademik sessiyalar va panel muhokamalar orqali ular strategik rejalashtirish, raqamli transformatsiya, institutsional islohotlar va barqaror taraqqiyotning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Tadbirning ochilish qismida soʼzga chiqqanlar ikki tomonlama hamkorlikning strategik ahamiyati, istiqbollari, ilm va taʼlim sohasidagi tashabbuslar haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, Malayziya va Oʼzbekistonning yetakchi taʼlim muassasalari rahbarlari, xalqaro ekspertlar oʼz nutqlarida global yetakchilik salohiyatini shakllantirishda transmilliy hamkorlikning oʼrni, taʼlim va tadqiqotni integratsiya qilishning dolzarb jihatlariga alohida toʼxtalib oʼtdilar.
Аkademik sessiyalar va panel muhokamalarda zamonaviy strategik rejalashtirish va yetakchilik nazariyalarining amaliyotda qoʼllanilishi, boshqaruvda raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektdan foydalanish imkoniyatlari, davlat va korporativ sektorda transformatsiyaviy yetakchilik modellari, institutsional islohotlarning samaradorligi va barqaror rivojlanishga taʼsiri kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Ishtirokchilar real boshqaruv keyslari, strategik qaror qabul qilishda innovatsion yondashuvlar va yetakchilik salohiyatini rivojlantirish usullari bilan tanishdilar.
Forum yakunida tomonlar taʼlim muassasalari oʼrtasida akademik mobillikni kuchaytirish, qoʼshma ilmiy-tadqiqot loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini yoʼlga qoʼyish, strategik boshqaruv sohasida kadrlar tayyorlashga qaratilgan xalqaro dasturlarni amalga oshirish, liderlik salohiyatini oshirishga qaratilgan mintaqaviy va global forumlarni muntazam oʼtkazib borishga kelishib oldilar.
“Strategik yetakchilik: Global yondashuv” xalqaro forumi nafaqat ilmiy va amaliy mazmunga ega platforma, balki Oʼzbekiston va Malayziya oʼrtasidagi akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiquvchi muhim tadbir boʼldi. Bu kabi forumlar kelgusida taʼlim, boshqaruv va moliya sohalarida oʼzaro tajriba almashish, yangi yondashuvlarni shakllantirish va global muammolarga zamonaviy yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qayd etilganidek, bunday tashabbuslar ikki davlat oʼrtasidagi taʼlim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga koʼtarish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish va global mutaxassislar tayyorlashda muhim platforma vazifasini oʼtaydi.