Xalqaro akkreditatsiyani olish bo‘yicha istiqbollar muhokama qilindi
2025-yil 23-aprel kuni Bank-moliya akademiyasida Biznes ta’limi bo‘yicha xalqaro tashkilot — AMBA&BGA mentori, AlmaU universiteti rektori Gulnara Kurenkeyeva bilan xalqaro akkreditatsiya jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, strategik hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama akademik aloqalarni mustahkamlash, xususan, xalqaro akkreditatsiyaga erishish yo‘lida strategik harakatlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida Uzluksiz ta'sir modeli (Continuous Impact Model – CIM) bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Mazkur model Akademiyaning olti asosiy faoliyat yo‘nalishida (strategik maqsadlar, bitiruvchilar muvaffaqiyati, qadriyat yaratish, ilmiy faoliyat, hamkorlik ekotizimi, jamoatchilik bilan aloqalar) ta’sir ko‘rsatish darajasini tizimli ravishda baholashga xizmat qiladi.
Taqdimot davomida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog‘liq 7 ta mezonni qamrab olgan ushbu modelning akkreditatsiya jarayonlarida strategik ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, mazkur CIM modeli ta’lim va ilmiy faoliyatda jamiyatga ta’sirni oshirish, bitiruvchilarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini ta’minlash hamda xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan ustuvor strategiyani amalga oshirishda muhim omil hisoblanadi.
Kunning ikkinchi yarmida Akademiyaning akkreditatsiya masalalari uchun mas’ul xodimlari bilan maxsus ishchi uchrashuv tashkil etilib, xalqaro baholash standartlari, sifat menejmenti tizimi hamda amaliy indikatorlar bo‘yicha batafsil maslahatlashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.