Ilmiy tadqiqotlar uchun zamonaviy axborot tizimlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi
2025-yil 31-yanvar kuni Bank-moliya akademiyasida “E-LINE PRESS” MCHJ vakillari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida ilmiy-tadqiqot va ta’lim jarayonini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro ilmiy nashrlarga va mikroiqtisodiy ma’lumotlar bazalariga obuna bo‘lish, ilmiy tadqiqotlar uchun zamonaviy axborot tizimlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
“E-LINE PRESS” MCHJ vakillari xalqaro ilmiy bazalar, jumladan, EBSCO, Clarivate, Moody’s Analytics, Springer Nature, Clarivate Emerald Publishing, Oxford University Press va Antiplagiat (Rossiya) kabi nufuzli ilmiy manbalarga rasmiy operatorlik qilishi haqida ma’lumot berdilar. Uchrashuv chog‘ida Orbis bazasi taqdim etildi, bu tizim butun dunyo bo‘ylab 490 milliondan ortiq kompaniyaning mikroiqtisodiy ma’lumotlarini muntazam ravishda yangilab boradi.
Shuningdek, Moody’s Analytics va Orbis bazalari orqali bank-moliya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar uchun mikroiqtisodiy ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Ushbu platformalar global darajadagi ilmiy ishlanmalar va amaliy tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash muhim ekanligini qayd etishib, “E-LINE PRESS” MCHJ tomonidan Bank-moliya akademiyasi tadqiqotchilari va pedagoglari uchun ilmiy resurslarga kengroq kirish imkoniyatlarini yaratish yuzasidan aniq reja ishlab chiqishga kelishib oldilar.