Mahorat darsida pul-kredit siyosatining dolzarb masalalari muhokama qilindi
2024-yil 11-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida “O‘zbekiston pul-kredit siyosatining dolzarb muammolari” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Bank ishi kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu darsda iqtisodiy siyosatning eng dolzarb yo‘nalishlari va milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga oid masalalar muhokama qilindi.
Mahorat darsini Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi professori, taniqli iqtisodchi To‘lqin Boboqulov olib bordi. Ma’ruzachi o‘z nutqida milliy valyuta barqarorligini ta’minlash, inflyatsiya darajasini nazorat qilish va kreditlash siyosatining mamlakat iqtisodiyotidagi ahamiyati haqida batafsil so‘zlab berdi.
Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekistonda pul-kredit siyosatining iqtisodiy rivojlanishga ta’siri, Markaziy bankning valuta bozorini boshqarishdagi strategik vazifalari, kredit resurslarining tadbirkorlik subyektlari uchun yetarliligi va ulardan samarali foydalanish yo‘llari, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha xalqaro tajriba va uning O‘zbekistonga tatbiqi masalalari keng yoritib berildi.
Ishtirokchilar mavzu bo‘yicha o‘z savollariga javob olishdi, shuningdek, muhokamalar jarayonida o‘z fikr-mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo‘lishdi.
Ushbu mahorat darsi tinglovchilarga pul-kredit siyosatining amaliy jihatlarini chuqurroq tushunish va sohadagi dolzarb muammolarni tahlil qilish bo‘yicha yangi ko‘nikmalarni shakllantirish imkonini berdi.