Atrof-muhitni muhofaza qilishga bag‘ishlangan tashabbus
Bank-moliya akademiyasida “Qog‘ozsiz bir kun” eko-aksiyasi o‘tkazildi. Aksiya Akademiyaning barcha xodimlari, professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularning atrof-muhitga bo‘lgan mas'uliyatini oshirishga va tabiiy resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
“Qog‘ozsiz bir kun” eko-aksiyasining asosiy maqsadi – qog‘oz ishlatilishini maksimal darajada kamaytirish va axborot almashinuvini elektron shaklda tashkil qilish, iste’mol qilinadigan qog‘oz miqdorini kamaytirish orqali tabiiy resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish va tabiatni asrab-avaylashda jamiyatning faol a’zosi sifatida namuna ko‘rsatishga qaratilgan.
Ushbu kun davomida barcha ish va ta’lim jarayonlari elektron hujjat almashinuvi orqali olib borilib, qog‘oz sarfi butunlay kamaytirildi. Bu tashabbus orqali qog‘oz ishlab chiqarish natijasida atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid miqdorini qisqartirishga hamda daraxtlarni saqlab qolishga hissa qo‘shish imkonini berdi.
Aksiya doirasida elektron hujjat aylanishi bo‘yicha mahorat darslari, ekologik xabardorlikni oshirishga qaratilgan seminarlar va suhbatlar o‘tkazildi.
"Qog‘ozsiz bir kun" ekologik aksiyasi Bank-moliya akademiyasi tomonidan ko‘plab tashkilotlarda qabul qilinayotgan ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashning bir qismi bo‘lib, ushbu harakat akademiya jamoasining ijtimoiy va ekologik mas'uliyatini namoyon etadi. Bu tashabbus orqali nafaqat Akademiya xodimlari va tinlovchilari, balki butun jamiyat atrof-muhitni asrashda o‘z hissasini qo‘shishga da’vat etiladi.