CSAA bo‘yicha maxsus tayyorlov kursi ish boshladi
Bank-moliya akademiyasi tomonidan xalqaro darajadagi Islom moliyasi sohasida yetakchi hisoblangan AAOIFI (Accounting and Auditing Organization for Islamic Financial Institutions) tashkilotining Sertifikatlangan shariat maslahatchisi va auditori (Certified Shari'ah Advisor and Auditor — CSAA) kursi asosida maxsus tayyorlov dasturi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu kurs islom moliyasi sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish, xalqaro sertifikatga ega bo‘lish imkoniyatini berish va O‘zbekiston moliya bozorida shariat talablariga mos xizmatlarni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
Mazkur tayyorlov kursi ishtirokchilarga AAOIFI tashkiloti tomonidan belgilangan xalqaro standartlar asosida Shariat maslahatchiligi va audit sohasidagi bilim va ko‘nikmalarni chuqur o‘rganish imkonini beradi. CSAA sertifikati hozirgi kunda Islom moliya institutlarida shariatga mos xizmatlarni taklif qilish va audit sohasida yetakchilik qilish uchun zarur bo‘lgan bilimlarni beradi. Kurs davomida tinglovchilar Shariat asoslari, islomiy bank mahsulotlari, moliyaviy audit talablari va Shariat nazorati bo‘yicha keng qamrovli bilimlarga ega bo‘ladilar.
Tayyorlov kursining afzalliklari:
CSAA sertifikati xalqaro tan olingan, islom moliya institutlarida Shariat maslahatchiligi va auditini amalga oshirish uchun muhim sertifikat hisoblanadi. Tashkil etilgan maxsus kurs ushbu xalqaro sertifikatni olishda muhim tayyorlov bosqichini o‘taydi.
Kurs ishtirokchilariga Shariat talablariga mos moliya xizmatlarini taklif etish va nazorat qilish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni yetkazib beriladi.
Kurs ishtirokchilari o‘z bilimlarini nafaqat nazariy jihatdan, balki amaliy jihatdan ham rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa, ularning xalqaro darajada tan olingan standartlar asosida ishlash ko‘nikmalarini oshiradi.
Kursga qatnashayotgan tinglovchilar Islom moliyasi va Shariat nazorati sohasida o‘z faoliyatini professional darajada rivojlantirish, shuningdek, milliy va xalqaro moliya institutlarida Shariat talablari asosida ishlash uchun yuqori malaka va tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu dastur, shuningdek, ishtirokchilarga o‘z martaba imkoniyatlarini kengaytirish, mahalliy va xalqaro darajadagi moliya institutlari bilan hamkorlik o‘rnatish imkoniyatini taqdim etadi.
Bank-moliya akademiyasi tomonidan taqdim etilayotgan bu tayyorlov kursi mamlakatimiz moliya bozorida islomiy moliya xizmatlarini kengaytirish yo‘lida muhim qadamdir. Akademiya islom moliyasini rivojlantirish, milliy iqtisodiyotda Shariat talablariga mos keladigan moliyaviy mahsulotlarni joriy etish va yangi xizmatlarni taklif qilish maqsadida shu kabi dasturlarni davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz mazkur 50 soatlik maxsus onlayn (offline) tayyorlov kursi 2024-yil dekabr oyigacha davom etadi.