BMA va TKBB rasmiylari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Bugun, 29-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida Turkiya sherikchilik asosidagi banklar assotsiatsiyasi (TKBB) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Bank-moliya akademiyasi rektori Elmurod Hoshimov O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlar sohasini rivojlantirish yo‘lida Akademiyaning roli va yangi ta’lim dasturlari haqida batafsil ma’lumot berdi. O‘z navbatida TKBB menejeri Ali Öztürk Turkiya bank sektoridagi ilg‘or tajribalar, jumladan, sherikchilik asosidagi bank xizmatlari va ularning jamiyatga ijtimoiy va iqtisodiy ta’siri haqida so‘zlab berdi.
Tomonlar ilmiy tadqiqotlar, o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, trening va seminarlar tashkil etish orqali tajriba almashish borasida hamkorlik qilish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, raqamli moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish, O‘zbekistonda islomiy moliya va sherikchilik asosidagi bank xizmatlarini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Yakunda tomonlar o‘rtasida kelgusida memorandum imzolash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlikni rivojlantirishga kelishildi. Bu o‘z navbatida moliyaviy ta’lim va malaka oshirish yo‘nalishlarida uzoq muddatli hamkorlik uchun muhim qadam bo‘lishi qayd etildi.
Bank-moliya akademiyasi Axborot-resurs markaziga TKBB tomonidan nasrga tayyorlanib, chop etilgan “The development and practice of participation banking in Turkiye” nomli kitoblar topshirildi.