• LMS
  • E-library
  • O‘qishga qabul
  • FAQ

Yangiliklar

image

Akademiya vakillari xalqaro bank forumida ishtirok etdi

2024-yilning 15-17-oktyabr kunlari “O‘zko‘rgazmamarkaz” majmuasida zamonaviy bank faoliyatiga bag‘ishlangan “Banks&Business Expo 2024” xalqaro bank forumi bo‘lib o‘tdi. Moliyaviy sektor va biznes sohasidagi yangi imkoniyatlarni ochish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va xalqaro tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan forumda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi vakillari ham ishtirok etdilar.

Zamonaviy bank texnologiyalari, moliyaviy mahsulotlar va xizmatlarning raqamlashtirilishi bo‘yicha ma’ruzalar taqdimot qilingan forumda Bank-moliya akademiyasi rektori Elmurod Hoshimov spiker sifatida ishtirok etdi. Jarayonda ishtirokchilar bilan bank sohasidagi yangiliklar, moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishda mijozlar bilan munosabatlar va xavfsizlikka oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, Akademiya talaba va tinglovchilari yetakchi tijorat banklari tomonidan tashkil etilgan zamonaviy ko‘rgazma materiallari, bank faoliyatida qo‘llaniladigan yangi innovatsion ishlanmalar, FinTech, yangi bank vositalari va biznes imkoniyatlari bilan tanishib, o‘zlarining amaliy bilim ko‘nikmalarini va salohiyatlarini oshirdilar.

Ishtirokchilar forum davomida mahalliy va xorijiy soha mutaxassislari bilan hamkorlikni mustahkamlash, yangi texnologiyalarni o‘rganish va ularni O‘zbekiston bank-moliya tizimiga tatbiq etish bo‘yicha fikr almashdilar. Forum davomida ko‘plab yirik xalqaro moliyaviy institutlar, IT-kompaniyalar va banklar o‘z stendlarini taqdim etishdi. Bu esa ishtirokchilar uchun yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratdi.