Xalqaro darajadagi ilmiy, nazariy va amaliy bilimlar raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashning muhim omili
Bugungi kunda Bank-moliya akademiyasi hamda Handong Global universiteti o‘rtasida hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha mustahkam aloqalar o‘rnatilgan bo‘lib, jarayonda o‘zaro kelishuvlarga asosan bir qator loyihalar amaliyotga muvaffaqiyatli joriy qilib kelinmoqda.
Bank-moliya akademiyasiga Koreya Respublikasining Handong Global universitetining Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish markazi va UNESCO-UNITWIN loyihasi direktori Jinvon An boshchiligidagi delegatsiya tashrifi doirasida ana shu hamkorlikni rivojlantirishning navbatdagi istiqbolli loyihalari muhokama qilindi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Akademiya rektori Elmurod Hoshimov mehmonlarga amaliy hamkorlik uchun samimiy minnatdorchilik bildirib, Koreya Respublikasining bir qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ishtirokida o‘tkazilayotgan qo‘shma seminarlar, mahorat darslari, tinglovchilarning Koreyada stajirovka o‘tashini tashkil etish hamda Akademiya Axborot-resurs markazini xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar bilan boyitish borasidagi hamkorlik ijobiy samaralar berayotganini alohida qayd etdi.
Shundan so‘ng professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar va tinglovchilar uchun Handong Global universiteti professori Kiseok Kim tomonidan “Moliyaviy xizmatlarda ChatGPT: banklar va moliyaviy texnologiyalarning eng yaxshi amaliyotlari” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Unda hozirgi jahon iqtisodiyotida raqamlashtirish, avtomatlashtirish jarayonlari jadallashayotgan sharoitda O‘zbekiston moliya sohasi qanday bo‘lishi hamda ChatGPTning O‘zbekiston moliya sektoriga ta’siri borasidagi ilmiy va nazariy qarashlar bayon qilindi.
Tanlangan mavzu ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otib, zamonaviy bilimlar va xalqaro tajribadagi amaliyot haqida foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.