• LMS
  • E-library
  • O‘qishga qabul
  • FAQ

Yangiliklar

image

Rasmiy munosabat

2024-yil 5-oktabr kuni telegram ijtimoiy tarmog‘idagi kanallar orqali “Bank-moliya akademiyasi magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlardan ikki yil uchun 62 mln so‘m miqdorida kontrakt puli to‘lashni so‘ramoqda”, “ikki yil o‘qitib, endi diplom berishmoqchi emas” mazmunida postlar e’lon qilindi.

Avvalo, xabarlarda keltirilayotgan ikki yil uchun 62 mln so‘m miqdorida, deya iddao qilinayotgan raqamlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilamiz. Chunki, Bank-moliya akademiyasi magistratura dasturlari bo‘yicha kontrakt to‘lovlari miqdori mutaxassisliklar turi va o‘qish muddatlaridan (14, 18 oy va 2 yil) kelib chiqib turlicha o‘rnatilgan.

Bank-moliya akademiyasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-avgustdagi 447-sonli qaroriga asosan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga tegishli tartibda so‘rovnoma taqdim etib, bugungi kunga qadar xotin-qizlar kontrakt to‘lovlarining bir qismi tegishli tartibda Vazirlik tasdig‘i bilan Davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilib kelingan. Ushbu hujjatda Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplanishi bo‘yicha alohida band belgilab qo‘yilgan.

Biroq, 2024-yil 20-sentabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Bank-moliya akademiyasiga faqatgina qabul kvotalari doirasida magistratura bosqichiga qabul qilingan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat budjeti hisobidan qoplab berilishi bo‘yicha rasmiy xat yo‘llangan.

Ushbu xatga asosan, Akademiya rahbariyati kontrakt to‘lovi davlat budjeti hisobidan qoplab berilmasligi ehtimoli bo‘lgan xotin-qizlar bilan uchrashuv o‘tkazib, to‘lovni amalga oshirish uchun yengilliklar berilishi, xususan bo‘lib-bo‘lib to‘lash va to‘lov muddatlarni uzaytirish bo‘yicha takliflarni bildirdi. Mazkur vaziyat bo‘yicha tinglovchilarning fikrlari, e’tirozlari va takliflari eshitilib, tezkor hal qilish uchun qo‘shimcha vazifalar belgilab olindi.

Hozirgi kunda mazkur xotin-qizlar to‘lov bilan bog‘liq holatdan qat’iy nazar Akademiya tinglovchilari safida va tasdiqlangan o‘quv rejasi asosida o‘qishni davom ettirmoqdalar.

O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-avgustdagi 447-sonli qaroriga muvofiq Akademiyaning magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplanishi amaliyotini davom ettirish yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan tegishli tartibda muloqot olib borayotganini ma’lum qilamiz.

Natijalar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi Axborot xizmati