Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!
Bugun mamlakatimizning barcha go‘shalarida Navro‘z umumxalq bayrami «Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!» degan bosh g‘oya asosida ko‘tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanmoqda. Bank-moliya akademiyasida ham ushbu ayyom munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda professor-o‘qituvchilar, xodimlar, tinglovchilar, yozuvchi-shoirlar, madaniyat va ma’naviyat sohasi vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirni Akademiya rektori Elmurod Hoshimov kirish so‘zi bilan ochib, barcha ishtirokchilarni yangilanish ayyomi bilan samimiy muborakbod etdi. Shundan so‘ng O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Nuriddin Aminjon so‘zga chiqib, Navro‘z bayrami mamlakatimizda yashayotgan millati, tili, dinidan qat’i nazar, barcha vatandoshlarimiz orziqib kutadigan umumxalq bayramiga aylanganini ta’kiladi. Bahor faslini madh etuvchi she’rlardan o‘qidi.
Xonanda Hilola Hamidova tomonidan Vatanni, muhabbatni, bahorni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlarning ijro qilinishi davra o‘zgacha ko‘tarinki kayfiyat olib kirdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar kitoblar hamda ko‘klam taomlari ko‘rgazmasi bilan tanishdilar, hayotlarining eng baxtli lahzalaridan biri sifatida esdalik rasmlarga tushdilar.