Xalqaro ilmiy muloqot maydoni yangi tashabbuslarni ilgari surish va tadqiqot natijalarini muhokama qilish imkoniyatini kengaytirmoqda
Bank-moliya akademiyasida Koreya Respublikasining bir qator oliy ta’lim muassasalari, xalqaro ta’limga ko‘maklashuvchi dastur vakillari ishtirokida zamonaviy bilim hamda malakaga ega mutaxassislar tayyorlashdagi sifat ko‘rsatkichlariga erishish masalalariga bag‘ishlangan amaliy uchrashuv, mahorat darslari va xalqaro ilmiy simpozium o‘tkazildi. Unda Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi, Koreya Respublikasi Ta’lim vazirligi, UNESCO/UNITWIN dasturi, Handong global universiteti, Hannam universiteti va Hansung universiteti vakillari, Akademiya professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari ishtirok etdi.
Amaliy muloqot jarayonida zamonaviy bilim hamda malakaga ega kadrlarni tayyorlashdagi o‘zaro rivojlanish tendensiyalari muhokama qilindi. Ilg‘or xalqaro tajribalar va bilimlarni puxta o‘zlashtirgan mutaxassislarni tayyorlash borasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarining yangi yo‘nalishlari bo‘yicha aniq kelishuvlar belgilab olindi. Xalqaro ta’lim standartlari asosida malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan faoliyatning samaradorligini ta’minlashga doir takliflar ilgari surildi. Birgalikdagi faoliyatda har ikki mamlakat o‘rtasidagi oliy ta’lim tizimini uyg‘unlikda ravnaq toptirishga qaratilgan iliq munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalar va amaliy chora-tadbirlar bo‘yicha fikr almashildi.
Shundan so‘ng, hamkorlikda “Research Colloquium in Winter 2024” nomli qo‘shma xalqaro ilmiy simpozium o‘tkazilib, unda ilmiy tadqiqot natijalari asosida tayyorlangan tahlillar va yangi bilimlar ishtirokchilarga taqdimot qilindi. O‘zaro hamkorlik kelishuvlarining amaliy natijasi o‘laroq tashkil etilgan ushbu xalqaro ilmiy simpoziumda ma’ruzalar hamkor tomonlarning eng yetuk olimlari tomonidan taqdimot qilingani va rivojlanish bo‘yicha eng yaxshi yechimlarga ega ilmiy tadqiqot natijalari haqidagi ma’lumotlar berilgani ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ta’kidlandiki, ikki davlat ta’lim muassasalari hamkorlik natijasida yuzaga kelgan bu kabi xalqaro ilmiy muloqot maydoni yangi tashabbuslarni ilgari surish va tadqiqot natijalarini muhokama qilish imkoniyatini kengaytirmoqda.
Amaliy hamkorlikning rivojlanishi natijasida Bank-moliya akademiyasida tashkil etilayotgan o‘quv jarayonlariga Koreya Respublikasining davlat boshqaruvi organlarida muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan davlat arboblari ishtirokida mahorat darslari tashkil etish an’anaga aylandi. Misol uchun Koreya Respublikasi Bosh vazirining sobiq o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri sifatida faoliyat yuritgan Oh-Seok Hyun tomonidan jahon iqtisodiyoti kelajagi haqidagi maxsus ma’ruza taqdimotini keltirib o‘tish joiz. “Global iqtisodiyotning kelajagi: inqiroz sharoitida unga qarshi turish va asosiy global kuchlar, global yechimlarni shakllantirish” mavzusidagi ma’ruzada kelajak dunyoda iqtisodiyot va jamiyat qanday shakllanishini, asr o‘rtalarida dunyo konfiguratsiyasiga ta’sir qiladigan asosiy omillar hamda ekologik, ijtimoiy va boshqaruv muammolari atroflicha yoritib berildi.
Bundan tashqari xalqaro darajadagi olimlar ishtirokida maxsus maslahat soatlari tashkil etish orqali Akademiya tinglovchilarining magistrlik dissertatsiyasi ishlari sifati va ilmiy tadqiqot faoliyati samaradorligini ta’minlashga doir maqsadlar ijobiy amalga oshirilayapti. Tashrif doirasida ham koreyalik ta’lim sohasi vakillari va olimlar Bank-moliya akademiyasi tinglovchilari tomonidan tayyorlangan 12 ta eng yaxshi magistrlik dissertatsiya ishlari va tadqiqot natijalari bilan tanishib, o‘zlarining zarur tavsiyalarini berdilar. Mazkur tinglovchilar o‘z sohalarining yetakchilari sifatida O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishlariga ishonch bildirdilar.
Ikki davlat yetakchi olimlari tomonidan o‘tkazilgan mahorat darslarida Janubiy Koreyada qayta tiklanadigan energiya tendentsiyalari va vodorod energiyasini o‘zgartirish strategiyasi, Atrof-muhit, ijtimoiy va boshqaruv (ESG) haqida umumiy ma’lumot, Meta-chegaradan foydalangan holda ESG boshqaruv kompaniyalarining samaradorligini taqqoslash kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritib berildi.
Savol-javoblarga boy va erkin muloqot shaklida o‘tgan mahorat darsida ishtirokchilar taqdimot qilingan mavzular yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldilar.
Alohida qayd etib o‘tish kerakki, bu kabi hamkorlik loyihalari ko‘lamini kengaytirish ikki davlat o‘rtasida ta’lim va ilm-fan sohasidagi barqaror, ishonchga asoslangan rishtalarning yanada yuksalishiga xizmat qiladi.