Yangiliklar

image

TЕNG HUQUQLI SHЕRIKLIK VA MULOQOT MAYDONI

Bugungi kunda dunyoda global keskinliklar va ziddiyalar sharoitida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda. Ahamiyatlisi, o‘zgarishlar sayyoramizning deyarli barcha nuqtasida sodir bo‘lmoqda. Shu o‘rinda Osiyo, ayniqsa, turkiy xalqlar ovozi tobora kuchli yangramoqda, desak, mubolag‘a emas. Turkiy davlatlar tashkiloti paydo bo‘lishi ham ushbu jarayonning mantiqiy davomidir. Ya’ni an’anaviy tarzda xalqaro kuch sifatida e’tirof etiladigan AQSH, Rossiya va Yevropaning qator mamlakatlari safiga Osiyoning Yaponiya, Janubiy Koreya kabi taraqqiy etgan hamda rivojlanib kelayotgan Xitoy, Hindiston, Pokiston, Eron singari davlatlari, shuningdek, Yevroosiyodagi Turkiya ham yangi siyosiy kuch sifatida kirib keldi.

Mavjud ziddiyalar, qarama-qarshiliklarni birgalikda yengib o‘tish, izchil taraqqiyotni ta’minlash zarurati mintaqalar miqyosida o‘zaro sheriklik, muloqot maydoni va hamkorlik institutlarini shakllantirish hamda takomillashtirishni kun tartibiga qo‘ymoqda. Shu ma’noda, turkiy davlatlar — O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya xalqaro munosabatlarning subyekti sifatida o‘zaro aloqaga kirishish uchun mintaqaviy tuzilma — Turkiy davlatlar tashkilotini (TDT) tuzishi, unga kuzatuvchi davlatlar va sheriklar paydo bo‘lishi obyektiv zarurat edi.

Albatta, a’zo va kuzatuvchi davlatlar o‘z manfaatini belgilab olishi va ilgari surishi uchun tuzilma paydo bo‘ldi. Bu ma’noda tashkilotning asosiy maqsadi turkiy mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, barcha sohada hamkorlik, o‘zaro muloqot maydonini yaratish, yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, Yevroosiyo hududida va global darajada xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratildi.

O‘zaro hamkorlikning yangi bosqichi

Aytish kerakki, tuzilma, haqiqatan, qisqa vaqtda shakllanib, dastlabki ijobiy natijalarga erishdi. Endi esa yirik o‘zgarishlar, loyihalar bo‘yicha jiddiy harakat boshlaydigan davr keldi. Shunday bo‘lmoqda ham. Tashkilot doirasida Turkiy mamlakatlar Parlamenti assambleyasi, Turk akademiyasi, Turk madaniyai va merosi jamg‘armasi tashkil etildi. Faoliyatning asosiy tamoyillari 2016 yili qabul qilingan Istanbul deklaratsiyasida belgilab qo‘yildi. Tuzilma tarkibida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Yuqori mansabdor shaxslar qo‘mitasi, Oqsoqollar kengashi tuzildi. TDT kengash kotibiyai Istanbul shahrida faoliyat yuritmoqda. 2018 yil sentyabr oyida Cho‘lponota shahrida Yevropa vakili Vengriya kuzatuvchi maqomiga ega bo‘ldi. Shundan keyin Budapesht shahrida TDT vakolatxonasi ochildi.

2021 yil noyabr oyida Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan sammitdan yangi tendensiya boshlandi. Tashkilotning faoliya doirasi kengaydi, ishtirokchi davlatlari soni ortdi. Turkmaniston kuzatuvchi maqomini oldi.

2021 yil 24 oktyabr kuni Prezident saylovida g‘alaba qozongan mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengash sammitidagi ishtiroki doirasida o‘zining ilk xorijiy safarini Turkiyaga amalga oshirdi. Bu tashrif Turkiy davlatlar tashkiloti nufuzi va ahamiyatini yanada oshirgan muhim voqelik sifatida O‘zbekistonning ham turkiy dunyo davlatlari bilan hamkorlikka e’tiborini ifoda etdi.

2021 yil 12 noyabrda tashkilotning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini oshirish, mintaqaviy barqarorlik va tinchlikni ta’minlashdagi real imkoniyaini kengaytirish uchun sakkizinchi sammitda tuzilma nomi “Turkiy davlatlar tashkiloti” etib o‘zgartirildi. Zero, turkiy davlatlar hamkorligi bugungi davr talabiga javob berishi, aloqalar mexanizmi mustahkamlanishi, o‘zaro bog‘liqlik uchun yanada mukammal siyosiy-huquqiy asos yaratilishi uchun ayni qadam muhim ahamiyaga ega edi.

Istanbul sammitida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Prezidenti bunday qaror o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirib, faoliyani sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishi, tashkilotning xalqaro maydondagi roli va nufuzini sezilarli darajada oshirishini ta’kidladi.

Keyingi yillarda xalqaro va mintaqaviy miqyosda turli yo‘nalishda faoliyat yurituvchi tashkilot, uyushma, davlatlararo idoralar ko‘payib borishi kuzatilmoqda. O‘z navbatida, ko‘plab davlatlarning bunday tashkilotlarga birlashishi, faol ishtirok etishga qiziqishi kuchaymoqda.

Aytish joizki, bu tashkilot XX asr oxirida sobiq ittifoq parchalangandan so‘ng vujudga kelgan obyektiv reallikka hamda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy jarayonga o‘ziga xos javob sifatida tashkil topdi. Jahonning ikki qutbga bo‘linishi natijasida ko‘p yil davomida bu hududlardagi davlatlar, xalqlar o‘rtasidagi aloqalar sun’iy ravishda ihotalanib, butunlay to‘xtab qolgan edi. O‘sha yillari jahon siyosati va iqtisodiyotida vujudga kelgan real vaziya, bir tomondan, turkiy xalqlar o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni qayta tiklash va yangi davrga mos siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar munosabatni, zamonaviy muloqotni shakllantirish hamda rivojlantirishga imkon yaratdi. Boshqa tomondan, sobiq ittifoq tarkibidagi turkiy xalqlarda milliy o‘zlikni anglashga e’tibor kuchaydi, tarixiy an’analar qayta tiklandi, turkiy davlatlar aloqalari shakllanib, faollashdi.

Geosiyosiy jihatdan muhim mintaqa

TDT jahon iqtisodiyotida hamda geosiyosiy jihatdan qulay mintaqada joylashgani tufayli muhim ahamiyat kasb etadi. Birinchidan, ushbu geostrategik hududda 170 milliondan ziyod kishilar yashaydi, umumiy maydon 4 million 242 ming 362 kvadrat kilometrni tashkil qiladi.

Ikkinchidan, tuzilma mamlakatlari yalpi ichki mahsuloti 1,2 trillion AQSH dollariga teng. Bu Osiyo yalpi ichki mahsulotining besh yarim foiziga barobar demakdir. Shu bilan birga, mintaqa mamlakatlari iqtisodiyoti jadal rivojlanmoqda. Sanoatning yillik o‘sish sur’ati o‘rtacha 8 — 12 foizga teng. TDT ichidagi savdo aylanmasi 21 milliard AQSH dollariga yetadi.

Uchinchidan, ushbu tashkilot bir-biriga yaqin, o‘xshash qadriyat va tamoyillarni targ‘ib qiluvchi mamlakatlarni birlashtirgan. Salohiyatni ana shunday poydevor ustiga qurish hozirgi beqaror geosiyosiy sharoitda muhim strategik ahamiyaga ega.

Shu bilan bir vaqtda yirik davlatlar o‘rtasida yuz berayotgan tahlikaviy vaziya, shiddatli geosiyosiy va geoiqtisodiy jarayonlar, turli yangi tahdid va xatarlar, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi va ekologiya bilan bog‘liq muammolar Turkiy davlatlar tashkiloti oldiga yangi kun tartibini qo‘ymoqda. Bugungi kun yaqin o‘n yillikdagi vaqtdan keskin farq qilmoqda. Bunday sharoit hamjihatlik va umumiy sa’y-harakat bilan hozirgi notinch dunyoning barcha sinov va tahdidlarini birgalikda yengib o‘tishning mutlaqo yangi mexanizmini shaklantirishni talab qilmoqda. Turkiy davlatlarning bunday hamkorlik platformasi xalqaro munosabatlarning bugungi yangi davri uchun ayni muddao ekanini anglatadi.

Shuningdek, jahon miqyosida Osiyoning ahamiyati oshib borayotgani obyektiv jarayon, qit’aning istiqbolli rivojlanish modeli muhim strategik ahamiyatga ega. Gap shundaki, rivojlangan davlatlar qarama-qarshiligi yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun dunyo yangi tartibotga, o‘yin qoidalariga va me’yorlariga borgan sari kuchli ehtiyoj sezmoqda. O‘z navbatida, bunday tartibotni zamonaviy mezonlar asosida uyg‘unlashtirish, shu bilan birga, o‘z manfaatini ta’minlashning yangi mexanizmiga ega bo‘lish uchun shart-sharoit yaratish TDT oldidagi muhim vazifaga aylanmoqda.

TDT davlatlar o‘rtasida yangicha aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘zaro ishonchga asoslangan muloqot maydoni yaratish uchun faollashmoqda. Borgan sari kuchayib boradigan bu jarayonda tashkilotning geoiqtisodiy va geostrategik mexanizmini ishlab chiqish va ishga solishning ahamiyati ortib boradi. Boshqacha aytsak, dunyoviy o‘zaro bog‘liqlikka asoslangan zamonaviy muloqot maydonini yaratish muhim strategik vazifaga aylanmoqda. Bu ulkan mintaqada amalga oshirilayotgan transmilliy transport loyihalari a’zo davlatlar xalqlarining madaniy o‘ziga xosligini saqlab qolish va turli kuchlardan himoyalash uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Umuman, mintaqaviy jarayonlarda ishtirok etayotgan aksariyat mamlakatlarda xavfsizlik va iqtisodiy manfaat mushtarakligi mavjud. Qolaversa, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo aksariyat mamlakatlar bir vaqtning o‘zida SHHTga a’zo ekani munozarali masalalarni samarali hal etish imkonini beradi. Tashkilotga Turkiyaning a’zoligi, Yevropa Ittifoqi vakili Vengriyaning kuzatuvchi ekani Yevroosiyo hududida fikr almashinuv uchun qulay platforma sifatida o‘zaro bog‘liqlik konsepsiyasini amalga oshirishning yangi mexanizmini yaratdi. Ya’ni hamkorlikda qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish, qator tashabbuslarni ilgari surish va tashqi siyosiy vazifalarni bajarish, bir-birining imkoniyatidan unumli foydalanish uchun qo‘shimcha sharoitlar tug‘dirmoqda.

Istiqbolli loyihalar va aniq qadamlar

Keyingi paytlarda tuzilma doirasida muhim istiqbolli kelishuvlarga erishilganini ta’kidlamoqchiman. Ulardan biri Turkiy investitsiya jamg‘armasining tuzilishi o‘zaro manfaatli sohalardagi rivojlanish loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, raqamli infratuzilma, sanoat ishlab chiqarishi, transport, qishloq xo‘jaligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, “yashil” iqtisodiyot, turizm, mintaqalararo savdoni rivojlantirishga, kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirishga, transport va logistika tizimlari, saqlash va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishni rag‘batlantirishga, jismoniy va ishlab chiqarish resurslarini yaratish hamda modernizatsiya qilishga hissa qo‘shadi. Jamg‘armaning ta’sischilari Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston davlatlari hisoblanadi. 2021 yilning 12 noyabrida ushbu davlatlar rahbarlari Istanbulda Turkiy investitsiya jamg‘armasini tashkil etishga qaror qildi.

Yaqinda Ozarbayjon, Vengriya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston geografik jamiyalari vakillari esa Turkiy davlatlar geografik kengashini (TDGK) tuzish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Maqsad turkiyzabon ilmiy-tadqiqot institutlari va jamoat birlashmalari o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada takomillashtirish, shuningdek, turkiy xalqlarning tarixiy va madaniy merosini o‘rganish hamda asrab-avaylash, Ekologik kun tartibini amalga oshirishga birgalikda hissa qo‘shishdan iborat. Geografik kengashning bosh qarorgohi Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Geografiya jamiyai rahbari Oybek Norinboyev uch yil muddatga TDGK bosh kotibi etib saylandi.

Yangi tashkil etilgan kengash xalqaro loyihalar, jumladan, fan, ta’lim, ekologik ta’lim va iqtisodiy yondashuv, madaniya va turizm sohasida o‘zaro aloqalarni kengaytirish, turk tarixiga oid masalalar bo‘yicha mushtarak ilmiy pozitsiyalarni ishlab chiqish, ekologik kun tartibini ta’minlash va unga erishish kabi loyihalarda ishtirok etadi. Uglerod neytralligi bilan shug‘ullanish rejalashtirilgan. Yaqin kelajakda Geografik kengash tuzilmasi, qator loyihalar va aniq qadamlar tasdiqlanishi kutilmoqda.

Asosiysi, tashkilot o‘z e’tiborini iqtisodiyot, sarmoya va innovatsiya yo‘nalishlariga qaratyapti. Bugungi kunda TDT tadqiqot markazini yaratish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha yaxshi takliflar allaqachon mavjud. TDT hech kimga qarshi qaratilgan emas. Shuning uchun tashkilotni siyosiylashtirmaslik yo‘lidan borishga harakat qilinmoqda.

Davlatlar muhokamalarni pragmatik tarzda va o‘z manfaatlariga yo‘naltirilgan holda olib borishayotgani e’tiborga molik. Xususan, Turkiy kengashning Turkiy davlatlar tashkilotiga aylantirilishi hamkorlik chuqurlashib borayotganidan dalolat. Bu mamlakatlarimiz tarixida yangi bosqichni belgilab berdi, shuning uchun TDT ishtirokchi davlatlari o‘z oldilariga chuqur iqtisodiy hamkorlik va transport bog‘liqligini rivojlantirishga qaratilgan strategik maqsadlarni qo‘ydi. Bunga savdo-ishlab chiqarish salohiyaini sezilarli darajada kengaytiradigan qo‘shma iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish orqali erishish mumkin. Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi tez orada mintaqa davlatlari transport-logistika sanoatining lokomotiviga aylanishi mumkin.

Azaliy qadriyatlar, tarixiy an’analar mushtarakligi

TDT doirasidagi madaniy gumanitar hamkorlik davlatlararo munosabatlarning nihoyada muhim bo‘g‘ini. Zero, a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ahillik, bir-birini tushunish azaliy qadriyalar, tarixiy an’analar, qardoshlik rishtalari bilan mustahkamlangan.

Bugun tuzilma doirasidagi madaniy munosabatlarda Xalqaro turkiy madaniya tashkiloti — TURKSOYning o‘rni beqiyos. Yaqinda TURKSOYning 30 yillik yubileyi tantanalari barcha ishtirokchi mamlakatlarda keng nishonlandi. TURKSOY bilan hamkorlikda mamlakatimizda qator nufuzli xalqaro tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, Guliston shahrida III xalqaro baxshichilik san’ati festivali, Toshkent shahrida “Turk dunyosi talabalari xalqaro teatr festivali” hamda Marg‘ilon shahrida “Buyuk Ipak yo‘li” xalqaro folklor festivali o‘tkazildi. Joriy yil davomida ham Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini nishonlash, Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi, G‘afur G‘ulom tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlab madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish belgilandi va bu boradagi tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Shu o‘rinda TURKSOY tomonidan turkiy davlatlar orasida madaniyat va san’atni keng targ‘ib qilishga katta hissa qo‘shgan, mukammal ijrochi va professional mahorati bilan obro‘-e’tibor qozongan taniqli madaniyat va san’at xodimlari uchun ta’sis etilgan Oltin medal bilan bir necha vatandoshimizning mukofotlangani bizga faxr bag‘ishlaydi.

Davlatimiz rahbarining TURKSOY tashkilotining 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan madaniyat kunlari ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida qayd etilganidek, TURKSOY tomonidan uyushtirilayotgan yirik anjumanlar madaniyat va san’at sohasini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bilan bir qatorda, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilayotgani e’tiborga molik. Jumladan, o‘tgan davr mobaynida Ostona, Turkiston, Eskishahar, Kastamonu, Bursa, Qozon, Mari, Sheki, O‘sh va Xivaning “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilingani ushbu qadimiy va go‘zal shaharlarimizning shon-shuhratini yanada oshirdi.

O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirganidan so‘ng barcha soha singari TURKSOY faoliyai doirasidagi aloqalar ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, a’zo davlatlarda, jumladan, O‘zbekistonda turkiy mamlakatlar madaniyati va san’ati kunlari, yoshlar va teatr festivallari, ijodiy forumlar uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.

Tashkilot doirasidagi ilmiy-ma’rifiy anjumanlar, turkiy tillar va adabiyotlari rivojiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalarda mamlakatimiz olim va ijodkorlari faol qatnashmoqda. Ana shu hamkorlikning amaliy samarasi sifatida yurtimizda “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumi nashr etilgani, unga O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Vengriya davlatlaridan jami 450 dan ziyod mumtoz va zamonaviy shoir, adib va mutafakkirlarning asarlari kiritilganini ta’kidlash joiz.

Turkiy dunyoning siyosat, ilm-fan, tibbiyot, adabiyot va san’at sohalarida ulkan yutuqlarga erishgan namoyandalarini rag‘batlantirish maqsadida buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etilgani madaniy hayotimizdagi muhim voqea bo‘ldi. Bu yil go‘zal Navoiy shahrida bo‘lib o‘tgan TURKSOY Yozarlar birligining birinchi yig‘ilishi hamda “Mumtoz she’riyat” deb nomlangan xalqaro festival turkiy adabiyot olamida katta aks sado berdi.

Muxtasar aytganda, TDT turkiy tilli mamlakatlarni birlashtirgan, ko‘plab sohalarda rivojlanish istiqbollariga ega bo‘lgan mintaqaviy tashkilotdir. Shu bois ushbu tashkilotning barcha a’zosi, jumladan, O‘zbekiston uchun TDT doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash o‘z taraqqiyoti va barqarorligini ta’minlashga, iqtisodiy o‘sishga erishishga, xalq farovonligi va ruhini ko‘tarishga, ertangi kunga ishonchini yuksaltirishga zamin yaratadi.

Elmurod HOSHIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Manba: "Xalq so‘zi" gazetasi, 2023-yil 19-noyabr, № 246 (8589)