Yangiliklar

image

BMA tinglovchilari Chexiyada ilg‘or xorijiy tajribani o‘zlashtirmoqdalar

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar sur'atiga mos ilg‘or kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e'tibor qaratilib, xorijda magistratura va doktoranturada o‘qitish, malaka oshirish va stajirovka tashkil qilish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar olib borilayapti.

Bugungi kun talabidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi ham iqtidorli yoshlarni magistratura dasturi bo‘yicha o‘qitish, mutaxassislarning malakasini oshirish va stajirovkasini tashkil etish, chet eldagi universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida bir qator amaliy ishlarni yo‘lga qo‘ydi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad «hayot davomida ta'lim olish» tamoyili asosida boshqaruv kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish va qayta tayyorlash uchun ta'lim dasturlarini innovatsion yondashuvlar asosida tashkil etishga qaratilgan.

Ushbu maqsadlardan kelib chiqib, Bank-moliya akademiyasining 30 nafar tinglovchisi Chexiyaning Yevropa amaliy bilimlar va menejment instituti bilan tuzilgan hamkorlik shartnomasiga asosan xorijiy amaliyot o‘tash uchun Praga shahriga yuborildi.

Safar davomida “Chexiyada bank-moliya tizimi tajribasi va zamonaviy rivojlanish tendentsiyalari” dasturining malaka oshirish jarayonlarida ishtirok etgan Bank-moliya akademiyasi tinglovchilari Chexiya bank-moliya sektorining ilg‘or tajribasini amaliyotda o‘rganish imkoniga ega bo‘ldilar. Jumladan, Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari orasida inflyatsiyani targetlash bo‘yicha anchagina samarali natijani qo‘lga kiritgan Chexiya milliy banki faoliyati tinglovchilarda katta taassurot qoldirdi. Inflyatsiya maqsadlariga erishish, pul-kredit siyosati, pandemiya davrida samarali faoliyat olib borish tendentsiyalari, bazaviy foiz stavkalarini boshqarish, milliy valyutaning erkin suzish rejimi haqida amaliy tajriba o‘rganildi.

Ushbu amaliy mashg‘ulot va unda taqdim etilgan ma'lumotlar Bank-moliya akademiyasi vakillarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishda muhim omil bo‘ldi. Chunki, Chexiya Milliy banki inflyatsiya bo‘yicha muvaffaqiyatli bosqichlarni amalga oshirgan kam sonli dunyo Markaziy banklaridan biri hisoblanadi. Uning bosib o‘tgan yo‘lini chuqur o‘rganish va tajribasini o‘zlashtirish mamlakatimiz makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari barqarorligini ta'minlashda boshqaruv kadrlarining keyingi faoliyatida katta ahamiyat kasb etishi, tabiiy.

Shuningdek, ikki haftaga mo‘ljallangan dastur doirasida Chexiya Respublikasida moliyaviy tizimning ishlash xususiyatlari, Bank tizimi shakllanishining asosiy bosqichlari, Chexiya Respublikasi bank tizimining asosiy ko‘rsatkichlari va bank xizmatlari bozori tahlili, Kontragentlar bilan tuzilgan tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblar uchun akkreditivlar bo‘yicha yangi bilimlar o‘zlashtiriladi.

Alohida qayd o‘tish joizki, mazkur jarayon ta'lim oluvchilarning qiziqish va ehtiyojlariga mos tarzda tashkil etilgan bo‘lib, malaka oshirish kursi ishtirokchilari yakunda kasbiy yangilik, ilg‘or xorijiy tajriba va texnologiyalarni o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘ladilar.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi hamda Chexiya Respublikasining Yevropa amaliy bilimlar va menejment instituti o‘rtasidagi hamkorlik muntazamlik kasb etib, yana 20 nafar tinlovchi “Chexiyada bank-moliya tizimi tajribasi va zamonaviy rivojlanish tendentsiyalari” dasturi doirasida xorijiy amaliy kurslarda ishtirok etadilar.