Yangiliklar

image

Bank-moliya akademiyasi hamda Turkiya Markaziy banki hamkorligidagi qisqa muddatli intensiv kurslar tashkil etildi

Joriy yilning 1-4 aprel kunlari Bank-moliya akademiyasi hamda Turkiya Markaziy banki hamkorligida «Bank tizimi barqarorligi: siyosat, tahdidlar va imkoniyatlar» nomli navbatdagi onlayn qisqa muddatli intensiv kurslar tashkil etildi. Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining bevosita qo‘llab-quvvatlovi bilan o‘tkazilgan ushbu tadbirda professor-o‘qituvchilar, tinglovchilar va mamlakatimiz bank-moliya tizimi xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbirning ochilish qismida Bank-moliya akademiyasi rektori Elmurod Hoshimov, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev va Turkiya Markaziy banki vakillari so‘zga chiqib, birgalikda mutaxassislar tayyorlash va o‘zaro salohiyatni oshirishga qaratilgan hamkorlikning amaliy ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tdilar.

Mazkur qisqa muddatli intensiv kurslar o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgandan boshlab ikkinchi marotaba tashkil etilmoqda va undan ko‘zlangan asosiy maqsad — O‘zbekistonda bank va moliya sektorini rivojlantirish bo‘yicha umumiy manfaatlar yo‘lida o‘zaro bilim va tajriba almashish hisoblanadi. Shuning bilan birga, bu jarayon o‘zaro salohiyatni va tijorat banklari xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha muhim platforma taqdim etadi.

Kurs davomida yetakchi ekspertlar va mutaxassislar tomonidan bank-moliya sohasidagi eng so‘nggi o‘zgarishlar, texnologik yangilanishlar bo‘yicha dolzarb mavzular taqdimot qilindi. Jumladan, “Kredit riskini boshqarish”, “Turkiyada to‘lov tizimlari va to‘lov xizmatlari”, “Turkiya bank sektori va moliyaviy barqarorlik siyosati”, “Pul-kredit siyosatini ishlab chiqish bo‘yicha mintaqaviy hududiy ishlar”, “Iqlim o‘zgarishining moliyaviy va ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri va markaziy banklarning roli” kabi mavzular ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tgan mashg‘ulotlar davomida turkiyalik ekspertlar va kurs ishtirokchilari muhokama qilingan mavzular bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar. Mutaxassislar tomonidan mavzuni to‘la ochib berishga qaratilgan savollar yuzasidan keng ma’lumotlar berildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur kurs Bank-moliya akademiyasi hamda Turkiya Markaziy banki o‘rtasida amaliy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma texnik maslahatlar, treninglar, seminarlar va ekspertlar tashrifini tashkil etish, moliya sektori uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha 2023-yilda erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi hisoblanadi.