Xalqaro sertifikatlar olish bo‘yicha xorijiy mutaxassislardan mahorat darsi
Bank-moliya akademiyasida Ostona xalqaro moliya markazining “Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazi” (Bureau for Continuing Professional Development Ltd.) professor-o‘qituvchilari va malakali mutaxassislari tomonidan tinglovchilar va tijorat banklari xodimlari uchun mahorat darslari o‘tkazildi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bank-moliya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Unga ko‘ra, investitsiya faoliyati (Chartered Financial Analyst), xatarlarni boshqarish (Financial Risk Manager), Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari bo‘yicha moliya hisobi (Association of Chartered Certified Accountants va Chartered Public Accountant), ichki audit (Certified Internal Auditor), boshqaruv hisobi (Certified Management Accountant) sohalarida moliya xodimlarini xalqaro professional sertifikatsiya imtihonlariga tayyorlash bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.
Shundan kelib chiqib, xorijiy mutaxassislar tomonidan “Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish”, “Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv”, “Diplomli moliyaviy tahlilchi” (Chartered Financial Analyst) hamda “Moliyaviy risk menejeri” (Financial Risk Manager) kabi mavzular bo‘yicha mahorat darslari olib borildi.
Ma’ruzalar yakunida xalqaro sertifikatlarni olish tartiblari, malaka talablari, imtihon tartiblari bo‘yicha tinglovchilarni qiziqtirgan savollar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.