Yangiliklar

image

TRАNSFORMАTSIYA VА XUSUSIYLАSHTIRISH BАNK TIZIMINI ISLOH QILISHNING АSOSIY TАLАBI

Bugun jahon iqtisodiyotida keskin raqobat muhiti ustuvor. Jamiyat talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda iqtisodiyotni moliyalashtirish amaliyoti ham keskin raqobatdan xoli emas. Bunda, shubhasiz, bank tizimining roli yuqori.

Tijorat banklari faoliyati biznesga asoslangani bois, ular samaradorligini taʼminlash nafaqat milliy, balki xorijiy tijorat banklari hamda hukumatlarning ham doimiy diqqat markazidagi masalalardan biridir. Bunda esa o‘z-o‘zidan bank tizimining transformatsiyasi muhim ahamiyat kasb etadi.

Jahon iqtisodiyotidagi moliyalashuv va raqamlashuv sharoitida O‘zbekiston milliy bank tizimi transformatsiyasi borasida so‘nggi yillarda salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Bu haqda Prezidentimiz raisligida shu yil 20-noyabr kuni bank tizimida transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, sohani isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida so‘nggi uch yilda banklar kapitali 1,8, yillik kredit ajratish hajmi esa 2 barobar ko‘paydi. 4 ta bank ilk bor “evrobond” chiqarib, xalqaro kapital bozorlaridan 1 milliard dollar resurs olib keldi. Ipoteka-bankka strategik xorijiy investor jalb qilindi. 13 ta yangi xususiy bank tashkil etildi, Vengriya, Qozog‘iston va Gruziyaning nufuzli banklari yurtimizda faoliyat boshladi. Onlayn bank xizmatlari hajmi 2,7 barobar oshdi.

Tahlillarga ko‘ra, 2010-yillardan boshlab moliyaviy texnologiyalarga asoslangan Fin-tech kompaniyalari jahon moliya bozorida faollashdi. 2018-yilga kelib, bunday kompaniyalar raqamli amaliyotlar tufayli yuqori samaradorlikka ega ekanini namoyon etib, maʼlum bir moliyaviy amaliyotlar bo‘yicha tijorat banklari bilan raqobatlasha boshladi. Shunday bir sharoitda tijorat banklari raqamli transformatsiyasi zarurati kun tartibiga chiqdi. Natijada tijorat banklari tomonidan Fin-tech kompaniyalarini qo‘shib olish yoki moliyaviy texnologiyalarga asoslangan raqamli bank mahsulotlarini joriy etish keskin rivojlandi. Ushbu jarayonda global pandemiya sharoitida bank xizmatlarini ko‘rsatish zarurati ham ijobiy taʼsir etdi.

Xorij anʼanaviy banklarining yuqori surʼatda raqamli banklarga transformatsiyalashuvi sharoitida mamlakatimizdagi tijorat banklari transformatsiyasi global raqobatga kirishishda muhimdir. Bunda xususiy banklar transformatsiyasi, asosan, raqamli transformatsiyaga yo‘naltirilsa, davlat ishtirokidagi tijorat banklari transformatsiyasi ikkita yo‘nalishda tashkil etiladi. Bular, birinchisi, bank aktivlarida xususiy banklarning ulushini keskin oshirishga erishish, ikkinchisi, raqamli transformatsiya amaliyotidir.

Аyni yo‘nalishlarda, yuqorida qayd etilganidek, tizimli ishlar olib borilmoqda. Bank tizimida xususiy sektor ulushini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar davlat ulushiga ega tijorat banklarida transformatsiya jarayonlarini yakunlab, 2026-yil yakuniga qadar bank aktivlarida xususiy sektor ulushini 60 foizgacha yetkazish bo‘yicha taraqqiyot strategiyasida belgilangan alohida maqsad ijrosi tomon intilishni o‘zida namoyon qiladi. Shuningdek, onlayn bank xizmatlari hajmining 2,7 barobar oshgani bank tizimi raqamli transformatsiyasidagi dastlabki natijalardir.

Shunga qaramasdan, bu jarayonda eʼtibor qaratilishi va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan jihatlar hamon mavjud. Qolaversa, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan banklarni xususiylashtirish va davlat ixtiyorida 3-4 ta bankni saqlab qolish, bank bozoriga kamida 4 ta yirik nufuzli chet el banklarini jalb qilish, banklarga xalqaro tan olingan minimal standart va talablarni joriy etish orqali meʼyorlar va nazorat bazalarini takomillashtirish kabi vazifalar ijrosini taʼminlashda bank tizimi transformatsiyasini jadallashtirish muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Respublikamizda 2023-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, umumiy bank aktivlarida davlat ishtirokidagi banklar ulushi 69 foizni tashkil qilmoqda. Tijorat banklari kapitalida esa 67 foizi davlat ulushidir. Davlat ishtirokidagi banklar faqatgina 35 foiz kredit depozitlar bilan taʼminlangan, qolgan 65 foiz kreditlar esa davlat resurslari hisobidan amalga oshirilgan. Mana shunday sharoitda xususiy banklar rentabelligi davlat ishtirokidagi banklar rentabelligiga nisbatan 3,5-4 barobar yuqori.

2023-yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, tijorat banklari 8,2 trillion so‘m sof foydaga erishgan. Bunda eʼtiborni tortadigan jihat shundaki, aynan 8 ta xususiy tijorat banki eng yuqori foydaga erishgan 10 ta tijorat banki ro‘yxatidan joy olgan. Xususan, “Kapitalbank” 1 trillion 129 milliard so‘mlik sof foydaga erishgan bo‘lsa, “Hamkorbank” 915,2 milliard, “Trastbank” 595,5 milliard so‘mlik sof foyda bilan dastlabki to‘qqiz oyni yakunlagan. Ulardan faqatgina “O‘zmilliybank” foydasi yuqori bo‘lib, 1 trillion 244 milliard so‘mlik foydaga erishgan. Vaholanki, xususiy banklar kapitali miqdori davlat ishtirokidagi banklar kapitaliga nisbatan keskin past. Buni alohida taʼkidlab o‘tish lozim.

Mazkur raqamning o‘ziyoq davlat ishtirokidagi banklar faoliyati samarasi pastligi va bank tizimida xususiy sektor samaradorligi yuqori ekanini tasdiqlaydi. Va o‘z-o‘zidan tijorat banklari kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirish zaruratining naqadar dolzarbligini ko‘rsatadi.

Yig‘ilishda davlat ulushiga ega tijorat banklarini xususiylashtirishga tayyorlash, ularning qimmatli qog‘ozlarini IPOga chiqarish borasida ham takliflar bildirildi. Bu borada xalqaro moliya institutlari allaqachon jalb qilingan. Bank aktsiyalarini IPOga chiqarish orqali aholini investor, yaʼni aktsiyadorga aylantirish, pirovardida esa yurtdoshlarimizning aktsiyalar vositasida daromadga ega bo‘lishini taʼminlash istiqbolda ularning turmush farovonligi yuksalishiga ham xizmat qiladi. Bunday ezgu maqsadga erishish uchun banklar investitsion jozibadorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratishi lozim.

Shuni alohida qayd etish kerakki, davlat ishtirokidagi banklar aktsiyalari “Toshkent” respublika fond birjasida nominal qiymatdan ham past darajada sotilayotgan bir vaqtda xususiy banklar aktsiyalari o‘z nominal qiymatidan bir necha barobar yuqori sotilmoqda. Davlat ishtirokidagi banklar aktsiyalari investitsion jozibadorligini taʼminlash, aholi va investorlar qiziqishini oshirish maqsadida, birinchi navbatda, qonunchiligimizda belgilanganidek, sof foydaning kamida 50 foizini dividendga yo‘naltirish asosida aholining aktsiyalarga qiziqishini oshirib borish muhim. Shuningdek, xususiy banklar tomonidan qo‘llanayotgan choraklik yoki yarim yillik dividendlar to‘lash amaliyotini davlat ishtirokidagi banklarda ham qo‘llash bevosita aholining tijorat banklari aktsiyalariga qiziqishini keskin oshirish bilan birga, davlat ulushini yuqori qiymatda xususiylashtirishga ham imkon beradi.

Boshqa tomondan esa banklar aktsiyalarining dividend tarzidagi daromadi ikkilamchi qimmatli qog‘ozlar bozorining rivojlanishiga xizmat qilishi natijasida aholi va investorlar aktsiyalarning bozor bahosi oshishidan ham daromadga ega bo‘ladi. Pirovardida davlat ishtirokidagi tijorat banklarida ham aktsiyalar vositasida arzon moliyaviy resurs jalb qilish imkoniyati ortadi. Yaʼni biz ko‘pincha guvoh bo‘layotgan aktsiyalarni nominal qiymatda joylashtirish orqali faqatgina ustav kapitalini oshirishga erishish o‘rniga aktsiyalarni nominaldan yuqori bozor bahosida joylashtirish hisobiga ham ustav kapitali, ham qo‘shilgan kapitalni oshirish imkoniyatiga erishiladi.

Bu borada xorijiy banklar faoliyati tahlil qilinganda, ular xususiy kapitalida ustav kapitali bor-yo‘g‘i 7-10 foizni tashkil etishi, qo‘shilgan kapital, xususan, emission daromad 70-80 foiz atrofida ekaniga guvoh bo‘lamiz. Аfsuski, bizda davlat ishtirokidagi tijorat banklari xususiy kapitali tarkibida aktsiyalarni nominal qiymatidan yuqori bozor bahosida joylashtirish hisobiga shakllanadigan qo‘shilgan kapital miqdori 5 foizga ham yetmaydi. Bu holat o‘z-o‘zidan aktsiyalar afzalligidan davlat ishtirokidagi banklar yetarlicha foydalana olmayotganini ko‘rsatadi.

Аyni yo‘nalishda ham xususiy banklar amaliyoti ancha samarali. Banklar, umuman, aktsiyadorlik jamiyatlarining investitsion jozibadorligi taʼminlanishidan, birinchi navbatda, tijorat banklari va boshqa aktsiyadorlik jamiyatlari manfaatdor. Keyin esa investorlar, xususan, o‘z jamg‘armalarini aktsiyalarga yo‘naltiradigan aholi manfaatdorligi namoyon bo‘ladi. Va bundan moliya bozori rivojlanishi orqali milliy iqtisodiyot faqat va faqat yutadi.

Investitsion jozibadorlik taʼminlangan holatdagina tijorat banklari tomonidan o‘tkazilishi kutilayotgan aktsiyalarni aholi o‘rtasida ommaviy joylashtirish, yaʼni xalqchil IPO amaliyotining muvaffaqiyati kafolatlanadi.

Shu o‘rinda yana bir jihatni taʼkidlash lozim. Mamlakatimizda real sektor korxonalari tomonidan o‘tkazilgan aktsiyalarni ommaviy joylashtirish amaliyoti yakunlangach, investorlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlar davom ettirildi, deya olmaymiz. Mazkur jihat xalqchil IPO amaliyotiga, aholining qiziqishi kamayishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun tijorat banklari tomonidan xalqchil IPO o‘tkazish jarayonida aktsiyalar ommaviy joylashtirilganidan keyin ham aktsiyadorga aylangan investorlar — aholi bilan dividendlar vositasida munosabatlar o‘zaro manfaatli tarzda amalga oshirilishiga ishonch uyg‘ota olishi va unga amal qilishi lozim bo‘ladi. Bunda banklar tomonidan hisobot davri yakunlari bo‘yicha inflyatsiya omilini hisobga olgan holda bozor daromadliligidan kelib chiqib, dividendlar to‘lab borilishi, birinchi navbatda, investorlar roziligiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, banklarning qo‘shimcha arzon moliyaviy resurs jalb qilishga qaratilgan qo‘shimcha aktsiyalari chiqarilishi va ularning muvaffaqiyatli joylashtirilishida o‘ziga xos reklama vazifasini ham o‘tab beradi.

Аlohida taʼkidlash lozimki, raqamli transformatsiya samaradorligi tijorat banklarida aktsiyadorlik kapitaliga egalik holatidan kelib chiqqan holda farq qiladi. Yaʼni xususiy banklar raqamli transformatsiyasi operatsion xarajatlarni keskin qisqartirishga xizmat qilmoqda va bu, o‘z navbatida, sof foydaning o‘sishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Davlat ulushi mavjud tijorat banklari raqamli transformatsiyasi esa operatsion xarajatlarning jiddiy ravishda kamayishiga olib kelmayapti. Bundan o‘z-o‘zidan bank tizimi transformatsiyasida mulkka egalikning davlatdan xususiy sektorga transformatsiyasi birlamchi ekani namoyon bo‘ladi. Shu bois, bank tizimini xususiylashtirish va xususiy banklarning moliya bozoridagi faolligini oshirish oxir-oqibat tizim samaradorligi o‘sishiga xizmat qiladi. Natijada 2030-yilga qadar mamlakatimiz bank va moliya tizimida yillik kreditlash hajmini 40 milliard dollarga yetkazish, bank omonatlari hajmini 4 barobar oshirish maqsadlariga erishish imkoniyati ortadi.

Umuman olganda, bank tizimi transformatsiyasi va xususiylashtirish jarayonini jadallashtirish O‘zbekistondagi tijorat banklarining global raqobatga kirishishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, milliy iqtisodiyotni faol moliyalashtirish orqali iqtisodiy taraqqiyot va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Samariddin ELMIRZАEV, Bank-moliya akademiyasi kafedra mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi, № 243 (1032), 2023-yil 22-noyabr, chorshanba