Raqamlashtirish — barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning muhim omili
Bank-moliya akademiyasi texnika va texnologiyalar kun sayin shiddat bilan yangilanib borayotgan bir davrda ta’lim olish jarayonlarini yangilanishiga katta e’tibor qaratib kelmoqda. Natijada, Koreya, Yaponiya, Malayziya va Yevropa davlatlarining oliy ta’lim tizimida yuqori samara berayotgan xalqaro amaliyot Akademiyada tashkil etilayotgan ta’lim jarayonlariga bosqichma-bosqich integratsiya qilib kelinayapti. Bu esa raqamli dunyoda o‘qitish va o‘rganish borasida yangi imkoniyatlarni taqdim qilmoqda.
Ana shu yo‘nalishdagi ishlarni uzviy davom ettirish, xalqaro amaliyotni chuqur o‘rganish va orttirilgan tajribalarni xalqaro ilmiy jamiyat bilan muhokama qilish maqsadida Bank-moliya akademiyasi delegatsiyasi Koreya Respublikasida amaliy tashrif bilan bo‘ldi.
Safar davomida delegatsiyamiz a’zolari “O‘rganish, raqamlashtirish va ijtimoiy barqarorlik” deb nomlangan xalqaro konferensiyasida qatnashdilar. Mazkur anjuman Koreya ta’lim vazirligi, Handong Global universiteti, Global Biznes Boshqaruv akademik jamiyati, Loyihalar boshqaruvi bo‘yicha Koreya jamiyati, Muvofiqlashgan texnologiyalar akademik jamiyati va Management Review xalqaro jurnali bilan birgalikda tashkil etildi.
UNESCO UNITWIN tarmog‘i doirasida o‘tkazilgan va dunyoning 20 dan ortiq universitetlaridan 100 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar va ekspertlar ishtirok etgan anjumanda Bank-moliya akademiyasining Ilmiy ishlar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Sherzod Xannayev xalqaro konferensiya tashkiliy qo‘mitasi a’zosi sifatida faoliyat olib bordi. Shuningdek, konferensiyaning asosiy qismida Seul Milliy universiteti professori Kibok Minning “Koreya universitetlarini rivojlantirish bo‘yicha rasmiy ko‘mak” nomli ma’ruzasi panel muhokamasida ishtirok etdi. Akademiyaning Moliya va moliyaviy texnologiyalar kafedrasi dotsenti Abdulla Ibragimov “O‘zbekistonda barqaror elektr energiyasi taklifini modellashtirish” mavzusida ma’ruza qildi.
Anjuman doirasida muhokama qilingan mavzular bo‘yicha xulosalar hosil qilinib, o‘zlashtirilgan tajribani amaliyotga joriy qilish bo‘yicha rejalar ishlab chiqildi. Unga ko‘ra inson kapitalini, shu jumladan, ixtisoslashgan ta’limni rivojlantirish borasidagi bilimlar chuqur tahlil qilinib, Akademiya hayotida yangi g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar safarbar qilinadi. O‘quv, ilmiy, ma’muriy va moliyaviy jarayonlarni avtomatlashtirish tizimi takomillashtiriladi.