Yevropada BMA vakillari uchun navbatdagi seminar-tering va stajirovka tashkil etildi
Bugungi kunda Bank-moliya akademiyasi o‘quv jarayonlarini mazmunan boyitish va xalqaro standartlar asosida tinglovchilarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Yevropa amaliy fanlar va menejment instituti bilan bir qator loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.
Ana shunday loyihalardan biri — “Yevropa bank-moliya sektoridagi zamonaviy tendensiyalar” dasturi bo‘lib, unga asosan Akademiya professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari va tinglovchilari Chexiyada bank tizimi, davlat moliyasini boshqarish, pensiya, soliq va sug‘urta sohalari bo‘yicha stajirovka o‘tab qaytdilar.
Vakillarimiz tasdiqlangan dasturga asosan dastlab Yevropa amaliy fanlar va menejment institutining yetakchi professor-o‘qituvchilari hamda Yevropadagi yirik kompaniyalar va moliya muassasalarining amaliyotchi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan seminar-treninglarda ishtirok etdilar. Mashg‘ulotlarda Yevropa Ittifoqi va Chexiyada moliya tizimining ishlash xususiyatlari, davlat moliyasi, budjet va soliq tizimi, budjet bilan bog‘liq strategik rejalashtirish, mulkni sug‘urtalash turlari, kredit tashkilotlarida ichki nazoratni tashkil etish bo‘yicha normativ talablarga oid ilg‘or xorijiy bilimlarni o‘zlashtirdilar.
Shuningdek, vakillarimiz safar davomida Chexiya Milliy bankida (Chexiya Milliy banki — Chexiya Respublikasida Markaziy bank va moliya bozori nazoratchisidir) bo‘lishib, Chexiya bank tizimining asosiy ko‘rsatkichlari, bank xizmatlari bozori tahlili va yaxshi korporativ boshqaruv amaliyotlari bo‘yicha ilg‘or tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Alohida qayd etish kerakki, xalqaro stajirovkalar Bank-moliya akademiyasi magistratura dasturlarini amalga oshirishning muhim jihati bo‘lib, u tinglovchilar dunyoqarashini yanada rivojlantirish, sohadagi xorijiy tajribani o‘zlashtirishda muhim o‘rin tutadi. Chunki, bu jarayonda ishtirokchilar global xabardorlikka ega bo‘ladilar va xalqaro amaliyot tajribasini o‘rganadilar va bu xorijda o‘zlashtirilgan xalqaro amaliyot tinglovchilarning professional faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga yordam beradi.