Yangiliklar

image

Bank-moliya akademiyasi va Koreya aerokosmik universiteti o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanmoqda

Bank-moliya akademiyasi so‘nggi 2 yil mobaynida o‘quv jarayonlariga xorijning yuqori martabali rahbar xodimlari va amaliyotchilarini keng jalb qilib kelayapti. Bu yo‘nalishdagi faoliyatning tizimli yo‘lga qo‘yilishi natijasida bugunga qadar Akademiya tinglovchilari uchun Yaponiya, Malayziya, Janubiy Korea, Turkiya, Rossiya va Ozarboyjon kabi davlatlarning hukumat idoralarida faoliyat yuritgan xalqaro darajadagi siyosatchi va olimlari ishtirokida mahorat darslari va qisqa o‘quv kurslari tashkil etildi. Shuningdek, akademik jarayonlarga turli xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, yirik kompaniyalar, korporatsiyalar va aksionerlik jamiyatlarining ekspertlari hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalarining yetakchi olimlari taklif etilib, ular ishtirokida mahorat darslari va seminarlar o‘tkazildi.

Ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni rivojlantirish maqsadida Bank-moliya akademiyasida Koreya aerokosmik universiteti prezidenti boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Akademiya rektori Elmurod Hoshimov koreyalik mehmonlarni qabul qilar ekan, so‘nggi yillarda har ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanib borayotgani va amaliy ahamiyat kasb etayotganini alohida qayd etib o‘tdi. Joriy yilda o‘zaro kelishuvga asosan Koreya aerokosmik universitetida Bank-moliya akademiyasi professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari uchun International Summer Program – ISP kursi tashkil etilgani va u yuqori saviyada o‘tkazilgani uchun hamkor ta’lim muassasasi rahbariyatiga tashakkur izhor qildi.

Muzokaralar jarayonida tomonlar o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish va istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdilar. Jumladan, bakalavriat hamda doktorantura bosqichida birgalikda kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yishning amaliy va tashkiliy tomonlari keng muhokama qilindi. Shuningdek, Akademiya axborot-resurs fondini xalqaro darajada qo‘llanib kelinayotgan o‘quv adabiyotlari bilan boyitishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Shundan so‘ng, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va tinglovchilar uchun “Koreya iqtisodiyotining rivojlanish tajribasi va keyingi bosqichga o‘tishdagi qiyinchiliklar” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Ushbu mavzu Janubiy Koreyaning Bosh vaziri va Iqtisodiyot va moliya vaziri sifatida faoliyat yuritgan Koreya aerokosmik universiteti professori Nam Ki Hong tomonidan taqdimot qilindi.

Tadbirda milliy rivojlanish rejasi, eksportga asoslangan rivojlanish strategiyasi, yuqori darajadagi ta’limning rivojlanishdagi ahamiyati, ichki va xorijiy kapitaldan samarali foydalanish, texnologiyalarni rivojlantirishga doir amaliyotdan muvaffaqiyatli o‘tgan tajribalar haqida ma’lumotlar berildi. Koreya taraqqiyoti tajribasi va yutuqlari, iqtisodiyotidagi so‘nggi yangilanishlar hamda kelgusidagi rejalari haqida berilgan amaliy bilimlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.