Hamkorlik ufqlari: Akademik mukammallik va o'zaro o'sishni rag'batlantirish
“Oliy iqtisodiyot maktabi”ning milliy tadqiqot universitetida Katta Yevroosiyo hamkorligi taʼlim forumi boʼlib oʼtdi. Forumda dunyoning 23 davlati va 40 dan ortiq ilmiy va taʼlim tashkilotlari vakillari bilan birga Oʼzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Taʼlim, fan va texnologiya sohalaridagi strategiyalar va tashabbuslarni bogʼlashga qaratilgan forumning yalpi majlisida Аkademiya rektori Elmurod Hoshimov maʼruza bilan ishtirok etib, oliy taʼlim sohasida mintaqaviy universitetlararo hamkorlikni kengaytirish, tarmoq oʼzaro aloqalarini ragʼbatlantirish, talabalar, tadqiqotchilar va professor-oʼqituvchilar uchun akademik harakatchanlikni taʼminlash hamda talabalarga talab yuqori boʼlgan ikki tomonlama diplom olish imkoniyatini beruvchi qoʼshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish muhimligini taʼkidladi.
Аyni paytda Bank-moliya akademiyasi Rossiyaning uchta hududi va ilmiy markazlari, jumladan Qozon federal universiteti, Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universiteti va “Oliy iqtisodiyot maktabi”ning milliy tadqiqot universiteti Perm filiali bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalariga ega. Hamkorlikdagi saʼy-harakatlar kadrlar tayyorlash va professor-oʼqituvchilar tarkibini yangi choʼqqilarga koʼtarishga qaratilgan.
Maʼruza davomida hamkorlikni faollashtirish va mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida qayd etib oʼtildi. Hamkor davlatlarda yagona IT-tizim va intellektual sohani yaratish taklifi ilgari surildi.
Qayd etildiki, umumiy qarashlarda sunʼiy intellekt va raqamlashtirish sohasidagi ilgʼor ilmiy yutuqlardan foydalangan holda turli sektor va tarmoqlarda SMART tizimlarini ishlab chiqish va joriy etish muhim hisoblanadi. Bunda hamkorlikdagi saʼy-harakatlar integratsiyalashgan keng qamrovli monitoring tizimi va xavfni kamaytirish uchun bashoratli tahlil kabi istiqbolli loyihalarni oʼz ichiga olishi kerak.
Uch qitʼa taʼlim tizimi vakillari — Rossiya, Burkina-Faso, Saudiya Аrabistoni, Braziliya, Qirgʼiziston va Oʼzbekiston vakillari ishtirok etgan forumning asosiy vazifasi – Katta Yevroosiyoda taʼlim, fan, texnologiya, raqamlashtirish va turli gumanitar tashabbuslar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun umumiy intellektual makon yaratishdan iborat.