Korea Aerospace University bilan hamkorlikning aniq yo‘nalishlari belgilab olindi
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi bugungi kunda xalqaro maydonda hamkorlik geografisini kengaytirib, xorijiy davlatlarning moliya tashkilotlari va institutlari, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot markazlari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatib kelmoqda.
Xalqaro hamkorlik doirasida Koreya Respublikasining Aerokosmik universiteti (Korea Aerospace University) bilan o‘rnatilgan muloqot maydoni ikki tomonlama rivojlanishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Bugungi kungacha bo‘lib o‘tgan delegatsiyalar tashriflari va onlayn uchrashuvlarda hamkorlikning turli yo‘nalishlari muhokama qilinib, maqbul kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Korea Aerospace University professorlari Kyung-won Kim hamda Shavkat Saidahmedovning tashrifi doirasida Bank-moliya akademiyasi va Koreya Aerokosmik universiteti o‘rtasida akademik hamkorlik to‘g‘risidagi bosh kelishuv imzolandi.
Mazkur kelishuvga asosan tomonlar o‘quv va ilmiy materiallar, akademik ma’lumotlar, tadqiqotchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, konferensiyalar va qisqa muddatli kurslar tashkil qilish, universitet va biznes aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan loyihalarda ishtirok etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni amalga oshiradilar.