Yangiliklar

image

O‘zbekiston jozibali biznes makonga aylanmoqda

O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu borada xalqaro moliya institutlari bilan o‘zaro hamkorlik asosida milliy iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotni jadallashtirish masalasiga ustuvor maqsad sifatida yondashilmoqda.

Makroiqtisodiy barqarorlik, qulay investitsion muhit tufayli xalqaro moliya institutlari ham mamlakatimiz bilan hamkorlik qilishdan mamnun ekanini yashirmayapti. Jahonning yetakchi moliya institutlaridan biri — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi O‘zbekistonda, qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida o‘tkazilgani ham bejiz emas. Jumladan, YETTB 2022 yilda O‘zbekistondagi 26 loyihani moliyalashtirish uchun qariyb 900 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirdi. Bu esa 2021 yildagiga nisbatan 30 foiz ko‘p demakdir. Mazkur ko‘rsatkichning o‘zi ham yangi O‘zbekistonga investitsiyalar kiritish borasida o‘sish kuzatilayotgani, bu esa, o‘z navbatida, yurtimizdagi islohotlarga xalqaro hamjamiyatning ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Bank tomonidan O‘zbekistonning 2023 va 2024 yillardagi o‘sish ko‘rsatkichlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan 6,5 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Mazkur ko‘rsatkich dunyodagi murakkab siyosiy va iqtisodiy vaziyat sharoitida har tomonlama ijobiy hisoblanadi. Shu sababli ham mazkur nufuzli bank O‘zbekistondagi izchil islohotlarni har tomonlama faol qo‘llab-quvvatlamoqda.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘z faoliyati davomida 180 milliard dollarlik 6 ming 500 ta loyihani moliyalashtirgan bo‘lsa, shundan qiymati 4 milliard dollarlik 129 tasi mamlakatimiz hissasiga to‘g‘ri keladi. Masalaning yana bir ahamiyatli jihati — loyihalarning 70 tasi (2,3 milliard yevrodan ortiq) 2017 yildan keyingi davrda amalga oshirilmoqda. Bunda “yashil” energetika, transport, bank tizimi, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, kommunal xo‘jalik, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish kabi yo‘nalishlarda YETTBning ishtiroki ko‘p tomonlama samara keltirmoqda.

YETTB “yashil” energetikani rivojlantirish loyihalarini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan Samarqand, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida quyosh fotoelektr stansiyalarini ishga tushirish bo‘yicha loyihalarga bank tomonidan 205 million dollar ajratilgan. Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasiga Buxoro viloyatidagi ikkita shamol elektr stansiyasini ishga tushirishga doir loyiha uchun esa 520 million dollar miqdorida kredit yo‘naltirilgan.

Mazkur loyihalar bo‘yicha majburiyatlar loyihani amalga oshirayotgan xorijiy kompaniyalar zimmasidadir. O‘zbekiston tomonining majburiyati esa davlat-xususiy sheriklik nuqtai nazaridan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini kafolatli sotib olishni nazarda tutadi. 2030 yilga borib, jami elektr energiyasining 40 foizi qayta tiklanuvchi manbalardan olinishi bo‘yicha strategik maqsadlar belgilangan. Natijada mamlakatimizda nafaqat iqtisodiyotning elektr energiyasiga talabi qondiriladi, balki eksport imkoniyatlari ham ortadi.

Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini moliyalashtirishda YETTBning faol ishtiroki yurtimizda infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

YETTB kichik va o‘rta biznesni faol qo‘llash tarafdori sifatida faoliyat yuritadi. Bir necha yillardan buyon tijorat banklariga kredit liniyalari ajratish orqali ushbu yo‘nalishdagi loyihalar moliyalashtirib kelinmoqda. Shu bilan birga, yurtimizda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha ham bank tomonidan amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, mavjud biznes subyekti va biznesni yuritish bo‘yicha kamida ikki yillik tajribaga ega hamda yangi biznes loyihasi mavjud ayol tadbirkorlar uchun biznesni rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlarini shakllantirish borasidagi dasturlar amalga oshirilmoqda. Loyihalarning 49 foizi xususiy biznes loyihalari ekani alohida e’tiborga molik. Chunki yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan xususiy biznes loyihalariga xorijiy kapital jalb qilinayotgani istiqbolda global moliya bozoriga chiqishda muhim ahamiyatga ega. Xususiy sektorni rivojlantirish va uning milliy iqtisodiyotdagi ulushini oshirishga intilayotgan yangi O‘zbekiston ustuvor maqsadlari bankning maqsadlariga ham to‘la mos keladi. Yillik yig‘ilish va biznes-forum yakunlari o‘laroq, xususiy biznesni moliyalashtirish borasida qator loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha bitimlar imzolangani ham natijaning samarali ekanini namoyon qiladi.

YETTB, shuningdek, tijorat banklarining raqamli transformatsiyasi va ularni xususiylashtirishga tayyorlash masalasida “Sanoatqurilishbank” va “Asakabank” bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Bunda oddiy aksiyalarga ayirboshlash sharti bilan kredit liniyalari taqdim etilgani istiqbolda YETTBning “Sanoatqurilishbank” aksiyadoriga aylanishini kafolatlaydi. Natijada milliy tijorat banklarining ham raqamli, ham mulkdorlar o‘zgarishi bo‘yicha transformatsiyasi yuqori samaradorlik keltiradi. Bu esa, o‘z navbatida, global raqobatga kirisha olishga xizmat qiladi.

Umuman, raqamli iqtisodiyot ko‘lamini kengaytirish istiqbolda xarajatlarni minimallashtirish orqali biznes samaradorligini oshirishga zamin yaratadi.

Samarqanddagi nufuzli tadbirda 70 dan ortiq mamlakatdan 2,5 mingdan ziyod mehmon, jumladan, xorijiy hukumatlar vakillari, transmilliy korporatsiyalar, xalqaro moliya institutlari va banklari rahbarlari, iqtisodiyot, investitsiyalar, moliya va texnologiyalar sohasidagi ekspertlar, yetakchi xorijiy OAV vakillari ishtirok etgani turizm imkoniyatlarimizni keng targ‘ib qilishda ham o‘ziga xos platformaga aylanmoqda.

Yillik yig‘ilish doirasida o‘tkazilgan biznes-forumda xalqaro savdoga ko‘maklashish, energiya xavfsizligini ta’minlash va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan keng foydalanish, kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ahamiyatini oshirish, rivojlanayotgan bozorlarda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, moliyaviy infratuzilmani modernizatsiyalash, YETTB “Yashil shaharlar” dasturini amalga oshirish, “Mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar” mavzusidagi asosiy makroiqtisodiy tadqiqot va boshqalar bo‘yicha panel munozaralar o‘rin olgani e’tiborni tortadi.

Darhaqiqat, kelajak iqtisodiyoti “yashil” iqtisodiyotdir. Shu nuqtai nazardan, YETTB O‘zbekistonda “yashil” loyihalarni faol moliyalashtirayotgani alohida e’tiborga molik. O‘tkazilgan tadbirlar doirasida “ACWA Power” kompaniyasiga Nukus shahrida shamol elektr stansiyasini qurish va ishga tushirish loyihasini moliyalashtirish uchun 19 million dollar miqdorida kredit ajratilishi bo‘yicha bitim imzolanganini alohida ta’kidlash lozim.

Samarqand YETTBning “Yashil shaharlar” dasturiga qo‘shilgan yurtimizdagi ilk shaharga aylandi. Mazkur dastur doirasida ko‘hna va hamisha navqiron kentda jamoat transportida xizmat sifatini rivojlantirish uchun 155 million dollarga 350 ta elektrobus xarid qilish hamda ular bilan bog‘liq infratuzilmani yaratish bo‘yicha loyiha boshlandi. Loyihani dastlabki moliyalashtirish uchun bank 49 million dollar ajratdi. Loyiha 2025 yilda nihoyasiga yetishi hamda Samarqand shahri jamoat transporti to‘liq elektrobusga o‘tkazilishi maqsad qilingan. Ayni jihat ham yurtimizda “yashil” iqtisodiyot ko‘lamini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Yirik xalqaro anjumanning Samarqandda o‘tkazilishi YETTB mas’ullari va xorijlik mehmonlarni O‘zbekistondagi yangi biznes loyihalar bilan bevosita tanishtirish imkoniyatini paydo qildi. Umuman olganda, yillik yig‘ilish va biznes-forum YETTBning mamlakatimizdagi faoliyatini yanada kengaytirishga turtki bo‘ladi. Keng ko‘lamli xususiylashtirish boshlangan bir davrda bunday xalqaro darajadagi tadbirlar tashkil etilishi davlat mulkini xususiy sektorga samarali asosda o‘tkazishga ham imkon beradi. Boshqa tomondan, xalqaro moliya institutlarining ilg‘or tajribasini milliy iqtisodiyotga joriy etishda ijobiy ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, agrar sektor, suv xo‘jaligini boshqarish, kapital bozorini rivojlantirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi sohalar rivojida ham mazkur bank bilan hamkorlik muhim o‘rin tutadi.

Samariddin ELMIRZAYEV,

Bank-moliya akademiyasi kafedra mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Manba: Yangi O‘zbekiston gazetasi, 2023 yil 23 may, №99 (888) son