• LMS
  • E-library
  • O‘qishga qabul
  • FAQ

Yangiliklar

image

Ta’limga investitsiya uchun har birimiz mas’ulmiz

Inson kapitaliga investitsiya, shubhasiz, iqtisodiyotda va ijtimoiy hayotda muhim aktivga aylanib ulgurgan. Aholi turmush farovonligini oshirish maqsadida inson kapitaliga investitsiya yo‘naltirish masalasida hukumatlar tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa, yuqori malakali kadrlarni jalb qilish maqsadida biznes ham bu borada faollik ko‘rsatishi xalqaro tajribalardan ayon haqiqat. Shuningdek, aholining o‘zi yangi bilim, malaka va ko‘nikmalarga ega bo‘lish orqali inson kapitali qiymatini yuksaltirishga intilishini ham zamonning o‘zi shart qilib qo‘ymoqda. Iqtisodiyotning raqamlashuvi sharoitida bu tabiiy hol. Boshqa tomondan dunyoda kadrlar o‘rtasida keskin raqobat ham kechmoqda. Shunday sharoitda mamlakatimizda ham ta’limga investitsiya yo‘naltirish samaradorligini oshirish orqali inson qadri yuksalishini ta’minlash muhimdir.

Bugungi kunda Vatanimiz farzandlari dunyoning har bir burchagida, rivojlangan davlatlarning eng yuqori darajadagi innovatsion kompaniyalarida xizmat qilmoqda. O‘quvchi yoshlarimizning xalqaro fan olimpiadalarida, shaxmatchi yoshlarimizning jahon shaxmat olimpiadasida tengsiz bo‘lishi ham bejiz emas. Bunday natijalarga erishish oson bo‘lmagan, albatta. Avvalo, otaonalar ning o‘z farzandlarini maqsadli yo‘naltira olgani, topganini o‘tkinchi hoy-u havasga emas, balki bolalari ta’lim-tarbiyasiga sarfl aga ni, ustozlarning mashaqqatli mehnati, vaqt atalmish o‘ta qimmat boylikni ota-ona ham, farzand ham to‘g‘ri sarfl ay olgani natijaga eltgan muhim omillardandir.

Yangi O‘zbekistonning yorqin istiqboli, albatta, ta’limga bog‘liq. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari ta’lim tizimiga investitsiya kiritish masalasiga ustuvor darajada e’tibor qaratmoqda. Ayni vaqtda sifatli ta’lim kelajagimizning poydevori ekanligini anglagan holda bu masalaga har birimiz mas’ul sifatida yondashmog‘imiz lozim. Tabiiyki, investitsiya borasida ham nafaqat davlat, balki har bir tashkilot, har bir biznes subyekti, har bir ustoz-murabbiy, har bir ota-ona, har bir shaxs, har bir talaba-o‘quvchi e’tibor qaratishi yaqin istiqbolda natijasini berajak. Zero, “Ilmdan o‘zga najot yo‘q”, deya ta’kidlangan muborak hadisi sharifdan kelib chiqqan holda endi ushbu hayotiy masala xususida o‘z fi krlarimizni bayon etamiz.

Ko‘lami keskin kengayib borayotgan milliy iqtisodiyotga hamohang tarzda so‘nggi yillarda davlat budjetidan ta’limga, xususan oliy ta’limga xarajatlar ham muntazam oshirib borilmoqda. Oliy ta’limga qamrovni oshirish nuqtayi nazaridan davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini keskin oshirdi. Bunda hatto davlat budjeti hisobidan grantda tahsil oluvchilar soni ham oshdi. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 2016–2017-o‘quv yili uchun 19 120 nafar davlat grantiga qabul amalga oshirilgan bo‘lsa, 2022–2023-o‘quv yili uchun bu ko‘rsatkich 31 748 nafarni tashkil etdi. Ya’ni bakalavriat bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul kvotasi so‘nggi olti yilda 1,66 baravar oshirildi. Magistrlar tayyorlash bo‘yicha esa 2016–2017-o‘quv yili uchun 1 548 nafar, 2022–2023-o‘quv yili uchun esa 8 852 nafar davlat granti asosidagi kvotalar ajratilgan. Ya’ni so‘nggi olti yilda bu ko‘rsatkich 5,72 baravar oshirilgan. Vaholanki, davlat byudjeti xarajatlarini qisqartirish maqsadida bu ko‘rsatkichlar 2017-yilga qadar muntazam kamaytirib kelingan edi. Boshqa tomondan o‘z moddiy-texnik bazalaridan kelib chiqqan holda davlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalarini mustaqil belgilash vakolati berildi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning bilimli va salohiyatli bo‘lishlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlar ham allaqachon boshlab yuborildi. So‘nggi yillarda oliy ta’limga qabul bo‘yicha xotin-qizlarga alohida yengilliklar taqdim etilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida 2022–2023-o‘quv yilidan xotin-qizlarning ta’lim olishlari bo‘yicha quyidagilar alohida belgilanib, amaliy ishlar boshlab yuborildi:

– oliy va professional ta’limda o‘qiyotgan xotin-qizlar kontraktlarini to‘lash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish maqsadida banklarga budjetdan har yili 1,8 trillion so‘m yo‘naltirilishi;

– davlat oliy ta’lim muassasalarida magistraturada o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab berilishi va buning uchun har yili kamida 200 milliard so‘m ajratilishi;

– xorijiy oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat uchun – 50 nafar, magistratura uchun – 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali qo‘shimcha grantlar ajratilishi;

– har yili 2 100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari mablag‘i mahalliy budjetdan to‘lab berilishi;

– davlat ilmiy tashkilotlari yoki OTM doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib borilishi.

Farmon ijrosini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-avgustda “Davlat oliy ta’lim muassasalari magistratura bosqichida ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lab berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganligi, tijorat banklari tomonidan oliy va professional ta’limda o‘qiyotgan xotin-qizlar kontrakt mablag‘ini to‘lash uchun foizsiz kreditlar ajratila boshlanganligi, bu borada keng targ‘ibot ishlari amalga oshi rilayotganligi quvonarli, albatta.

Qayd etib o‘tish kerakki, oliy ta’lim va undan keyingi ta’lim bo‘yicha bunday sharoitlarning yaratilganligi hamda katta miqdorda davlat budjetidan investitsiyalar yo‘naltirilayotganligi xotin-qizlarimizning Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘sha olishiga ulkan ishonch bag‘ishlamoqda. 2022-yil avgust-sentyabr oylarida barcha banklar tomonidan 40 341 nafar talabaga 447,1 milliard so‘mlik ta’lim kreditlari ajratilgan bo‘lib, bunda talabalarning ta’lim kreditiga bo‘lgan jami talabining 39 foizi Xalq banki tomonidan qoplangan. Ya’ni Xalq banki tomonidan 15736 nafar talabaga salkam 175 mlrd so‘m miqdorda ta’lim krediti ajratilib, shundan 75 foizi xotin-qizlarga ta’lim uchun berilgan foiz to‘lovlari davlat byudjeti hisobidan qoplanadigan kreditlardir. Bunday imkoniyatlar xotin-qizlarning kasb egasi sifatida bandligini ta’minlashda ijobiy ahamiyat kasb etishi bilan birga, har tomonlama yetuk farzand tarbiyasida ham muhimligi ayni haqiqatdir. Har tomonlama yetuk farzand tarbiyasi esa butun jahonda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash orqali inson qadri ulug‘lanishida o‘ziga xos yechim sifatida namoyon bo‘ladi.

Keltirilayotgan jihatlar bevosita davlat tomonidan ta’limga kiritilayotgan investitsiyalardir. Xalqaro tashkilotlar, davlat tashkilotlari, xususiy sektor, uy xo‘jaligi, shaxs yoki mutaxassis sifatida ta’limga investitsiya amaliyotlarining hamjamiyatda kengayib borishi davlat tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiyalar samaradorligini yanada oshiradi. Xo‘sh, davlatdan boshqa tomonlarning ta’limga investitsiyalarini amalga oshirish mexanizmi qanday?

Xalqaro tashkilotlar nuqtai nazaridan O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Dubay Future Foundation jamg‘armasi va Toshkent shahridagi Inha universiteti hamkorligida amalga oshirilayotgan “Bir million dasturchi” loyihasi O‘zbekiston yoshlari ning dasturlash sohasida global bozorga raqobatdosh kadrlar yetkazishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur amaliyot orqali nafaqat milliy bozor uchun, balki xalqaro bozor uchun ham malakali dasturlashga erishilishi shubhasiz.

2022-yil 3-4-noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan II O‘zbekiston iqtisodiy forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash loyihasi bo‘yicha qiymati 75 million AQSH dollari miqdoridagi maslahat xizmatini ko‘rsatish bitimi imzolanganligi ham ta’limga xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish borasidagi amaliy ishlardan biridir.

Milliy taraqqiyotni ta’minlashda xususiy sektor rivoji ham raqobatbardosh kadrlar tayyorlanishi bilan bog‘liq. Iqtisodiyotning xususiy sektori, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarida tayyorlanayotgan mutaxassislarning keng ko‘lamli talabgori, asosiy kadrlar buyurtmachilari sanaladi. Xususiy sektorning mutaxassis bilimi va malakasiga nisbatan yuqori talablari ta’lim tizimi, xususan, oliy ta’lim oldiga bir qancha vazifalarni qo‘yishi tabiiy. O‘quv rejalari va fan dasturlari ishlab chiqilishi, amaliyotdagi muammolar hal qilinishiga qaratilgan tadqiqotlar o‘tkazilishidan manfaatdor tomon sifatida ta’limda xususiy sektor ishtiroki ham kengayib boradi. Xalqaro amaliyotda biznesda yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish yoki moliyaviy barqarorlikni oshirib borish maqsadida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida xususiy grant loyihalari, keys-stadi musobaqalari tashkil etilishi keng qo‘llaniladi. Bunda muammoli vaziyatlar (keys-stadilar)ni hal qilish bo‘yicha yechimlar(taklif va tavsiyalar) oliy ta’lim muassasalarida alohida guruhlar tomonidan ishlab chiqiladi va taqdim etiladi. Xususiy sektor tomonidan esa eng yaxshi yechimlar tanlab olinib, biznesdagi muammo hal qilinadi hamda parallel ravishda muammoning eng yaxshi yechimini taqdim etgan guruh rag‘batlantiriladi. Bu kabi amaliyotlar ko‘lami yaqin yillarda mamlakatimizda ham kengayib borishi ta’lim taraqqiyoti jadallashuviga xizmat qiladi.

Rivojlangan davlatlarda biznes subyektlari tomonidan iqtidorli talabalarni xususiy grantlar asosida o‘qitish, shuningdek, keyinchalik tegishli kompaniyada ishlash sharti bilan to‘lov-kontrakt summasini to‘lab berish amaliyotlari keng qo‘llaniladi. Respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy va ayrim xususiy oliy ta’lim muassasalarida bunday mexanizm qo‘llanilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Mamlakatimizda ayrim xususiy sektor subyektlari tomonidan oliy ta’lim muassasalari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilayotganligi ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning o‘zaro hamkorlikda rivojlanishiga turtki beradi. Chunki xususiy sektor o‘zi uchun ham eng yaxshi kadrlarni tayyorlashga harakat qiladi. Bu jarayon o‘z-o‘zidan eng yaxshi abiturient uchun kurash masalasini kun tartibiga chiqaradi. Natijada esa yaqin istiqbolda davlat oliy ta’lim muassasalari ham bunday keskin raqobatga kirishishga majbur bo‘lishini kutish mumkin. Keltirilgan jihatlar asosida qayd etish lozimki, mamlakatimizda xususiy sektor rivojlanib borishi ta’limga investitsiyalar hajmi oshib borishiga xizmat qiladi.

Xususiy sektorda nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatining keng miqyosda yo‘lga qo‘yilganligi, natijada bugungi kunda ularning soni 65 tadan oshganligi oliy ta’lim sohasida raqobatning rivojlanishiga hamda oliy ta’lim qamrovining yanada kengayishiga xizmat qilmoqda. Ayrim xususiy oliy ta’lim muassasalarining xorijiy davlatlar, xususan Yaponiya, Koreyadagi yetakchi universitetlarda faoliyat yuritgan yetakchi vatandosh professorlarning ta’lim jarayoniga jalb qilinayotganligi, ilmiy motivatsiya berish maqsadida o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori talabalarga to‘lov-kontrakt summasidan sezilarli chegirmalar berish amaliyoti qo‘llanilayotganligi, eng yaxshi abituriyent uchun kurash nuqtai nazaridan stipendiyali fan olimpiadalari o‘tkazilayotganligi xususiy sektorning ta’limga o‘ziga xos investitsiyalari sifatida namoyon bo‘layotganligini alohida e’trof etish maqsadga muvofiq.

Turli tashkilotlar va xususiy biznes subyektlari tomonidan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun stipendiya dasturlari xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladi. Bunda saralash imtihonlari va suhbat o‘tkazish orqali kelgusida ishga olish taklifi bildiriladigan bitiruvchilar tanlab olinadi va ularga stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi. Darsdan tashqari vaqtda hamda bitiruvoldi amaliyoti davomida bitiruvchilar stajirovkasi stipendiya to‘layotgan tashkilotda o‘tkazilishi esa o‘z-o‘zidan bitiruvchilarning ish beruvchi tashkilotlar faoliyatiga ijtimoiy moslashuvi va muvaff aqiyatli karyerasiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Respublikamizda bunday amaliyotga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Turonbank va Hamkorbank xususiy aksiyadorlik tijorat banki kabilarning bir necha yillar davomidagi dasturlari orqali seleksiya faoliyatini misol sifatida keltirishimiz mumkin. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Turonbank stipendiya dasturlari tashkilotlarning o‘z faoliyati hamda yosh avlod ta’limi uchun o‘ziga xos investitsiyalar sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Uy xo‘jaligining ta’limga investitsiyalari – bu ta’limdagi, inson kapitalini rivojlantirish va qiymatini oshirishdagi eng muhim investitsiyadir. Oddiy misol. XX asr ikkinchi yarmida Amerika yoki Yevropa qit’asiga ishlash uchun borgan migrantlarning farzandlari bugun jahondagi global kompaniyalarda, rivojlangan davlatlar boshqaruv organlarida ishlab kelmoqda. Bunga imkon bergan jihatlardan biri, ular tomonidan vatandan yiroqda topgan daromadlarining ma’lum qismini farzandlar ta’limiga investitsiya sifatida yo‘naltirganligidir.

Tinch, osuda, ta’lim uchun barcha sharoitlar yaratilgan muqaddas Vatanda istiqomat qilayotgan har bir oila farzandlar ta’limi uchun investitsiya kiritib borsa va qimmatli vaqtlarini ham farzandlar uchun ajratishsa, samara, albatta, bo‘ladi. Yuqorida migratsiya haqida bejiz fikr bildirmadik. Bugun aholining ma’lum bir qismi migratsiya hisobiga daromadga ega bo‘layotgan bir vaqtda ular tomonidan ham inson kapitaliga (farzandlari ta’limiga) investitsiya kiritilishi pensiya yoshiga yetgach, bugungi migrant rohat-farog‘ati uchun ham muhimdir. Bu jihat ota-ona sifatida barchamizga birdek taalluqli ekanligini unutmasligimiz lozim.

Ta’limga investitsiya borasida o‘zimiz voyaga yetgan maskandagi iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham kun tartibida bo‘lib turibdi. Bu borada ayrim tumanlar yoki qishloqlar o‘quvchi yoshlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkiliy jihatdan xususiy fan olimpiadalari tashkil etilayotganligi, olimpiada g‘oliblari va ular ustozlari bir martalik moddiy rag‘balantirilayotganligi, g‘olib o‘quvchilarning oliy o‘quv yurtlariga kirishga tayyorgarlik uchun xarajatlari qisman qoplab berilayotganligi nihoyatda quvonarlidir. Bu masalaga homiylarning labbay deb javob qaytarayotganligini esa faqat va faqat olqishlash lozim. Bu borada tajribalarni yanada kengaytirish o‘quvchi yoshlar uchun ham o‘ziga xos motivatsiyadir.

Ta’limga investitsiya va uning samaradorligini ta’minlashga har birimiz mas’ul ekanmiz, bunda shaxs sifatida o‘z bilimimizni oshirish va yangi ilmlar uchun ham investitsiya nihoyatda muhim. Har qanday sohada kasbiy rivojlanish va kreativlik bugungi kun talabidir. Buning uchun esa o‘z-o‘ziga investitsiya lozim. Kadrning global raqobatbardoshligi ma’lum sohani chuqur bilishi bilan birga uni dunyo bo‘ylab qo‘llay olish, egallagan ilmini dunyo bo‘ylab tarqata olishni ham talab qilmoqda. Shu bois, xohlaymizmi-yo‘qmi, xalqaro muloqot tili sifatida xorijiy tillarni, xususan ingliz tilini bilish bugungi avlod uchun shart bo‘lib qolmoqda. Bu jihat xodimning, ta’limda ustoz-murabbiyning mehnati qiymati yanada ortishiga xizmat qiladi.

Maqola boshida vaqtni maqsadli va to‘g‘ri sarfl ay olish masalasini tilga olib o‘tgandik. Moliya fanida “Vaqt – puldir” konsepsiyasi birlamchi konsepsiya sifatida tilga olinadi. Bugungi kun uchun vaqt juda ham qimmat boylik ekanini har birimiz anglab yetishimiz shart. Ayniqsa ota-ona va farzand bu o‘ta qimmat boylikni ta’limga investitsiya sifatida to‘g‘ri sarfl ay olgandagina vaqti-soati o‘tib ulkan natijasini, samarasini ko‘radi. To‘g‘ri, ta’limga investitsiya birdaniga o‘z natijasini bermaydi. Bu natija pul masalasida ham, vaqt masalasida ham uzoq kutishni talab qiladi. Lekin uning samarasi iqtisodiy faoliyatga nisbatan bir necha o‘n, balki yuz barobar yuqoriligi kutishga har tomonlama arzigulik ekanligini namoyon qiladi.

Muxtasar qilib aytganda, ta’limga investitsiya kelajakka investitsiyadir. Kelajakka investitsiyani esa ham moddiy, ham vaqt jihatdan to‘g‘ri va maqsadli yo‘naltirish ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot hamda ma’naviy yuksalish kafolatidir. Shu bois ta’limga investitsiya masalasiga har birimiz mas’uliyat bilan yondashaylik.

Samariddin ELMIRZAYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi “Investitsiyalar va moliya bozori” kafedrasi mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Manba: "Ma'rifat" gazetasi, 2023-yil 15-mart, №11 (9440)