Malayziyalik olimlar akademik jarayonga jalb qilinadi
Bugun, 10-mart kuni Malayziyaning Kelantan Universiteti Tadbirkorlik va Biznes bo‘yicha magistratura maktabi professori Nur Azizi Ismoil amaliy tashrif bilan Bank-moliya akademiyasiga keldi.
Tashrif doirasida Akademiya rektori Elmurod Hoshimov professor Nur Azizi Ismoil bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida hamkorlikning turli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Jumladan, malayziyalik olimlarni akademik jarayonlarga jalb qilish, ilmiy tadqiqot sohasida hamkorlikni amalga oshirish, o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilar va bank-moliya sektori mutaxassislarini Malayziya oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalarida ilmiy va akademik tajriba orttirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Kelishuvlarning amaliy ijrosi sifatida Dr. Nur Azizi Ismoil tomonidan Bank-moliya akademiyasi professor-o‘qituvchilari hamda tinglovchilari uchun “Talent, Technology and Innovation” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Ma'lumot uchun. Professor Nur Azizi akademik sohada 31 yillik boy tajribaga ega bo‘lib, ushbu davrda u Malayziyaning Utara universitetida o‘qituvchilikdan, Biznes maktab dekani, Ilmiy tadqiqot va innovatsiya bo‘yicha prorektor, Malayziyaning Kelantan universiteti rektori va Malayziyaning Oliy ta'lim vaziri o‘rinbosari lavozimlarigacha bo‘lgan yo‘lni muvaffaqiyatli bosib o‘tgan.