Xalqaro kelishuvning amaliy ijrosi: BMA tinglovchilari uchun Malayziyada stajirovka tashkil etildi
Bank-moliya akademiyasi tinglovchilari hamda mamlakatimiz tijorat banklari mutaxassislaridan iborat delegatsiya Malayziya davlatiga jo‘nab ketdilar. Ular Bank-moliya akademiyasi hamda University Utara Malaysia tomonidan Sintok Kedah Darul hududiy birligida tashkil etilgan “Islom bank ishi va moliyasi” dasturi bo‘yicha stajirovkani amalga oshiradilar.
Safar davomida vakillarimiz Fundamental of Muamalat, Islamic Banking Models: Malaysia Experience, Waqf in Islamic Economy, Corporate and Shariah Governance Framework in Financial Institutions kabi mavzularda tashkil etiladigan maxsus kurslarda ishtirok etadilar. Shuningdek, Malayziyaning diqqatga sazovor joylariga tashriflar amalga oshirilib, yetakchi moliya institutlari faoliyati bilan tanishadilar.
Eslatib o‘tamiz mazkur stajirovka Bank-moliya akademiyasi rektori Elmurod Hoshimov hamda Ilmiy ishlar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Sherzod Xannayevning 2022 yil 8 sentyabr kuni Malayziyaga amaliy tashrifi davomida University Utara Malaysia bilan imzolangan memorandum doirasida amalga oshirilayapti.
Ushbu memorandumga asosan tomonlar hamkorlikda double-degree dasturlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ikki tomonlama ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish bo‘yicha texnik ko‘mak olish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almanishuvini amalga oshirish, qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish hamda birgalikda ilmiy anjuman va seminarlarni o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik qiladilar.